Ko‘k choy yurak ritmini izdan chiqarishi mumkin, qon bosimi past yuradigan kishilarda esa, uni yana pasaytirib yuborishi mumkin.
Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, ba’zi kishilarga ko‘k choy ichish yaramaydi.
Bu xususan, yurak-qon tomir tizimida xastaligi bor kishilarga taalluqlidir.
Shuningdek, o‘nikkibarmoqli ichagida kasalligi bor kishilarga ham ko‘k choy ichish mumkin emas. Bunday holatda ko‘k choy ichish oshqozon va ichaklarga zarar yetkazadi.
Ko‘k choy ichishdan qalqonsimon bezlarida kasalligi bor kishilar ham o‘zlarini tiyishlari lozim. Emizikli onalar ko‘k choy ichishlari ularning tiniqib uxlashlariga zarar qiladi.
Ko‘k choyda mavjud bo‘lgan kofein va teofilin moddalari taxikardiya xastaligini keltirib chiqarishi mumkin va asab tizimi faoliyatini izdan chiqarishi mumkin.
Glaukoma va podagra kasalliklari bor kishilarga bu choyni ichish tavsiya etilmaydi.
Choy qancha ko‘p dam yesa, undagi purin kislotasi shunchalik ko‘payadi.
Bundan tashqari ko‘k choyni cheklanmagan ko‘p miqdorda ichish mumkin emas. Bu esa, buyraklarda tosh paydo bo‘lishi xavfini tug‘diradi.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
15 fevral 2017 yil
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV