BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
Olamlar Parvardigori Allohga hamdu sanolar, taqvodorlar peshvosi sayyidimiz Muhammadga salovot va salomlar bo‘lsin!
Ushbu kitobda qaytarilgan va harom qilingan bir qancha ulkan gunohlar – gunohi kabiralar haqida so‘z boradi. Alloh taolo va Uning Rasuli, uni qilishdan qaytargan ishlar gunohi kabiradir.
Alloh taolo gunohi kabiralardan chetlangan kishining kichik gunohlarini kechib yuborishini, so‘ng uni jannatga kirgizishini xabar qiladi: «Agar sizlar man etilgan gunohlarning (Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, birovni nohaq o‘ldirish kabi) kattalaridan saqlansangizlar, qilgan (kichik) gunohlaringizni o‘chirurmiz va sizlarni ulug‘ manzil – jannatga kiriturmiz» (Niso surasi, 31).
«Ular katta gunohlardan va buzuqliklardan chetlanadigan, g‘azablangan vaqtlarida esa (sabr qilib) kechirib yuboradigan zotlardir» (Sho‘ro surasi, 37).
«Ular (ya’ni, jannatga sazovor bo‘lganlar) kichik xatolardan boshqa katta gunohlardan va buzuqliklardan yiroq bo‘ladigan zotlardir. Albatta, Parvardigoringiz mag‘firati keng zotdir...» (Van-najm surasi, 32).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Modomiki, banda katta gunohlardan chetlanar ekan, besh vaqt namoz, juma keyingi jumagacha va ramazon keyingi ramazongacha bo‘lgan kichik gunohlarga kafforatdir» (Muslim va Termiziy rivoyati).
Demak, qaysi gunohlar kabira ekanini bilib olishimiz juda ham muhim. Toki ulardan chetlanaylik va Rabbimiz rahmatiga musharraf bo‘laylik.
Ba’zi ulamolar gunohi kabiralarni yettita, deganlar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi sharifini hujjat qilganlar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Halok qiluvchi yettita gunohdan saqlaninglar», dedilar. «Ular qaysilar, yo Rasululloh?» deb so‘rashganida, «Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, yetim molini yeyish, sudxo‘rlik, dushmandan ortga chekinish, buzuq xayol bilan pokdomon mo‘mina ayollarga tuhmat qilish», deya javob berganlar (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu esa: «Gunohi kabiralar yettitadan ko‘ra, yetmishtaga yaqinroq», deganlar. Yuqoridagi hadisda esa, gunohi kabiralar soni yettita emas, balki mazkur yettita amal gunohi kabiralardan ekani bayon qilingan, xolos.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, kimda-kim odam o‘ldirish, zino, o‘g‘irlik kabi dunyoda had joriy qilingan, oxiratda azoblanishi yoki g‘azabga uchrashi haqida tahdid solingan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan la’natlangan yoki «iymonsizdir», «bizdan emas», «biz undan pokmiz (boshqa-boshqamiz)» kabi jumlalar bilan sifatlangan biror amalni qilsa, u gunohi kabira sodir etgan bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidab o‘tish kerakki, ayrim gunohi kabiralar boshqalaridan ulkanroqdir. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohga shirk keltirishni gunohi kabiralardan, deb zikr qilganlar. Vaholanki, Allohga shirk keltirgan kimsa – mushrikning gunohi hech qachon kechirilmaydi va u do‘zaxda mangu qoladi.
«Albatta, Alloh O‘ziga (biron narsa yo kimsaning) sherik qilinishini kechirmaydi. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan bandalari uchun kechiradi. Kimki Allohga shirk keltirsa, demak, juda qattiq yo‘ldan adashibdi» (Niso surasi, 116).
«Albatta, kimda-kim Allohga shirk keltirsa, Alloh unga jannatni harom qilur, uning borar joyi do‘zaxdir. Zulm qilguvchilar uchun biron yordamchi bo‘lmas» (Moida surasi, 72).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalari haqida xabar beraymi?» deb so‘radilar. «Ha, yo Rasululloh!» deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suyangan holda edilar, o‘tirib oldilar-da: «Ogoh bo‘linglar, yolg‘on gapirish va yolg‘on guvohlik berish», deya takrorlayverdilar, hattoki, biz, qaniydi to‘xtalsalar, dedik» (Muttafaqun alayh).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on gapirish eng katta gunohi kabiralardan ekanini aytdilar. Holbuki, bu gunohlar yettita halok qiluvchi gunohlar sirasida sanalmagan. Gunohi kabiralar yettitadan ko‘p ekaniga shuning o‘zi yaqqol hujjatdir. Har qanday gunohdan, u xoh katta bo‘lsin, xoh kichik, darhol tavba qilish vojib, tavbani orqaga surish joiz emas. Bu ish Islomning eng muhim jihati va dinning ta’kidlangan qoidalaridandir.
Ahli sunna val jamoa nazdida tavbaning vojibligi Kitob va sunnatdan olingan. Qur’oniy hujjatlar, hadisi shariflar va salafi solihlar so‘zlarining zohiri shuki, kim Allohga astoydil tavba qilsa va unda tavba shartlari to‘kis bo‘lsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi.
Afsuski, odamlar orasida qilayotgan ishining gunohi kabira, harom ekanini bilmaydiganlari bor. Shuning uchun ham biladiganlar bilmaydiganlarga, Alloh o‘ziga ta’lim bergan narsalarni yetkazishi lozimdir. Chunki kishi hali o‘rganmagan va bilmagan narsasi uchun gunohkor bo‘lmaydi.
«Biz, to biron payg‘ambar yubormaguncha (u orqali o‘zimizning amru farmonlarimizni yuborib, unga itoat qilishdan bosh tortmagunlaricha, biron kimsani) azoblaguvchi emasmiz» (Al-Isro surasi, 15).
Sahobalar Habashistonda ekanliklarida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali vojib va haromlar nozil bo‘lgan. Bu hukmlar esa ularga bir necha oydan keyin yetib borgan. Ular bu muddat mobaynida bilmaganlari uchun ma’zur hisoblanishgan. (Qolaversa, islom ummatidan bilmagan, unutgan va majbur etilgan amallarining gunohi ko‘tarilgan. – (Tarjimon.)
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
Davomi bor...
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.