Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

17.02.2017 y. Yoshlarni ilmga yo‘naltirish – dinimiz talabi

13.02.2017   8441   11 min.
17.02.2017 y. Yoshlarni ilmga yo‘naltirish – dinimiz talabi

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Ilm olish dinimizda eng ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Rabbisini tanishga, U zotning buyruqlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli bo‘lgan haqlarni ado etishga muvaffaq bo‘ladi. Biror bir din ilm olishga Islom dinidek targ‘ib qilmagan. Shuningdek, Islom dini jaholatga qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashishga katta e’tibor qaratgan. Ilk nozil bo‘lgan vahiyning “O‘qi” deb nozil bo‘lishi so‘zimizning yorqin dalil bo‘la oladi. O‘qish – ilmning kalitidir.

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar qilib yuborgan paytni esga olaylik. Odamlar jaholat botqog‘iga tamoman botgan edi. Johiliyatning bu holatini yoritishga tarixchilarning qalami o‘tmaslik qiladi, deyilgan. Alloh taolo ularning bu holatini Qur’oni karimda shunday bayon qilgan:

وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا

Ya’ni, “Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi”, (Oli Imron surasi, 103-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taolo ilm dini bo‘lmish Islom dini bilan insoniyatni jaholat zulmatidan Islom nuriga olib chiqdi. Islom dini ilmni imonga tasdiq, amalga esa yo‘lboshchi qilgan dindir. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir musulmon kishi ilm olishi farz ekani haqida shunday deganlar:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: طَلَبُ الْعِلْمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ

Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Har bir musulmon kishiga ilm talab qilish farzdir”, dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan

Islom dini diniy hamda dunyoviy ilmga umumiy da’vat qilib, dinda faqih bo‘lishlikka alohida urg‘u bergan. Imom Buxoriy va Muslim rahmatullohi alayhumolar rivoyat qilgan hadisda shunday deyilgan:

عَنْ مُعاويةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رسول الله صلى الله عليه وسلم: « مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْراً يُفَقِّهْهُ في الدِّينِ » . متفقٌ عَلَيْهِ 

Ya’ni, Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishida faqih qilib qo‘yadi”, dedilar”. (Muttafaqun alayh)

Ushbu hadisga ko‘ra, ilm egalari ulug‘ fazilat egasi ekani, ma’lum bo‘ladi.

Hakimlar aytgan ekan: “Kimda-kim o‘zining bilmasligini yashirib, ilm olishdan bosh tortsa yoki kasalini yashirib, davolanishdan bosh tortsa, u o‘ziga o‘zi xiyonat qilibdi”.

Chunki diniy ish bo‘lsin yoki dunyoviy ish bo‘lsin, unga bilmasdan kirishgan kishining foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi.

 

عَنِ الزَّنْجِيِّ بْنِ خَالِدٍ؛ قَالَ: دَخَلْنَا عَلَى الزُّهْرِيِّ وَنَحْنُ غِلْمَانٌ، فَقَالَ لَنَا: اطْلُبُوا الْعِلْمَ؛ فَإِنْ أَرَدْتُمُ الدُّنْيَا نِلْتُمْ، وَإِنْ أَرَدْتُمُ الْآخِرَةَ نِلْتُمْ

Zanjiy ibn Xolid aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriyning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga yetishasiz, oxiratni istasangiz ham unga yetishasiz”, dedilar”.

Muhtaram jamoat! Islom dini insonning dunyo hayoti uchun lozim bo‘lgan barcha ilmlarni o‘rganishni farz darajasiga ko‘targan dindir. Masalan, tib yoki hisob ilmini olaylik. Bu ilmlarsiz inson hayotini saodatli kechishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Boshqa dunyoviy ilmlar ham xuddi  shular kabidir. Bu ilmlar farzi kifoya hisoblanadi. Bu ilmlar bilan mashg‘ul bo‘layotgan kishilar farz ibodatini bajaryapman degan niyatda mashg‘ul bo‘lishsa, dunyoviy manfaatlarni qo‘lga kiritishdan tashqari, ulkan ajr-savoblarga ham erishadilar.

Xuddi shuningdek, turli ishlab chiqarish va sanoatga doir ilmlar ham farzi kifoyadir. Demak, hozirgi zamonda musulmonlar fan-texnika sohasida ham barcha daqiq ilmlardan kifoya qilish darajasida bilishlari zarur bo‘ladi. Chunki davlatning kuch-qudrati, o‘zga davlatlarga qaram bo‘lib qolmasligi ilm-fanning rivoji va taraqqiyotiga bog‘liqdir.

Islom dini ilm fanga targ‘ib qilib, uning hukmini farz darajasiga ko‘tarar ekan, bu hukm ayol qizlarni ham chetlab o‘tmagan. Chunki jamiyatning yarmidan ko‘pini ayol-qizlar tashkil qiladi. Ularni ilmsiz qoldirish jamiyatni ilmsiz qoldirish demakdir. Ayniqsa, kelajak avlod tarbiyasi ayol-qizlarimizga bog‘liqdir. Ular bilimli bo‘lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham bilimli bo‘ladi. Ular odobli bo‘lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham odobli bo‘ladi.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi hakimlardan birining huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir o‘g‘lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini o‘qishtishga qurbim yetmaydi, faqatgina bittasini o‘qitishga imkonim bor, qaysi birini o‘qitay?”, deb so‘rabdi. Shunda hakim zot: “Qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan”, deb javob bergan ekan. Qanchadan-qancha allomalarni onalari tarbiyalagani hech birimizga sir emasdir.

Muhtaram jamoat! Biz farzandlarimizni, ayniqsa, qizlarimizning ta’lim va tarbiyasiga katta ahamiyat qaratishimiz lozimdir. Jamiyatning salohiyati va ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanadi. Darhaqiqat, qaysi jamiyatda ilmga tashnalik susaysa, ilm o‘rganishga e’tibor kamaysa, o‘sha jamiyat taraqqiyotdan ortda qoladi. Eng yomoni, u ma’naviy inqirozga yoki halokatga yuz tutishi muqarrardir.

Har qanday jamiyatning olimlari, ziyolilari, ayniqsa, ota-onalar millatning ma’naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzilmasligi, soxta va buzg‘unchi e’tiqodlar va madaniyatlar ta’siriga tushib qolmasligiga mas’uldirlar. Farzandlarimizga maktabga borib ta’lim olishning ibodat ekanini bildirishimiz kerak. Ustoz, o‘qituvchi va murabbiylar ham o‘zlariga yuklatilgan burch va mas’uliyatni yaxshi anglab, ta’lim va tarbiyani puxta olib borishlari kerak bo‘ladi. Maktabda berilayotgan darslarni puxta o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas’uliyatidir. Ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o‘rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo‘lmaslikning oqibati ayanchli bo‘ladi. Alloh asrasin!

Ilmning sharafi haqida Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam quyidagi hadsilari ham dalolat qiladi:

عَنْ أَبِي وَاقِدٍ الحارث بن عوف رضي الله عنه أنَّ رسولَ الله صلى الله عليه وسلم بَيْنَمَا هُوَ جَالِسٌ في المَسْجِدِ، والنَّاسُ مَعَهُ، إذْ أقْبَلَ ثَلاثَةُ نَفَرٍ، فأقْبَلَ اثْنَانِ إِلَى رسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم وَذَهَبَ واحِدٌ؛ فَوَقَفَا عَلَى رسولِ الله صلى الله عليه وسلم. فأمَّا أحَدُهُما فَرَأَى فُرْجةً في الحَلْقَةِ فَجَلَسَ فِيهَا، وَأمَّا الآخرُ فَجَلَسَ خَلْفَهُمْ، وأمَّا الثَّالثُ فأدْبَرَ ذاهِباً. فَلَمَّا فَرَغَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم قَالَ: «ألا أُخْبِرُكُمْ عَنِ النَّفَرِ الثَّلاَثَةِ: أَمَّا أَحَدُهُمْ فَأوَى إِلَى اللهِ فآوَاهُ اللهُ إِلَيْهِ. وَأمَّا الآخَرُ فاسْتَحْيَى فَاسْتَحْيَى اللهُ مِنْهُ، وأمّا الآخَرُ، فَأعْرَضَ، فَأَعْرَضَ اللهُ عَنْهُ». متفقٌ عَلَيْهِ.

Ya’ni, Abu Voqid al-Horis ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan birga masjidda o‘tirgan edilar. Shu payt uch kishi kirib keldi. Ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarab yurdi, bittasi esa ketib qoldi. Shunda u ikkisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalarida turib qolishdi. Ulardan biri davrada bo‘sh joyni ko‘rib, o‘sha yorga o‘tirdi. Narigisi esa odamlarning orqa tomoniga o‘tirdi. Uchinchisi esa orqasiga qaytib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lgach: Sizlarga bu uch kishi haqida xabar beraymi? Ularning biri Allohdan boshpana so‘ragan edi, Alloh unga boshpana berdi. Narigisi hayo qilgandi, Alloh ham undan hayo qildi. Boshqasi esa yuz o‘girdi, Alloh ham undan yuz o‘girdi”, dedilar”.( Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisda ilm davrasiga qo‘shilgan kishini Allohdan boshpana so‘radi, deyildi. Aslida, zulm, xavf-xatar va tazyiqlarda boshpana so‘raladi. Demak, jaholat bu - zulm va xavf-xatar ekan. Bundan qutilishning yagona yo‘li esa ilm olishdir. Faqat ilm bilangina Alloh taolodan boshpana so‘raladi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay!”, degan ma’noda mashhur so‘zlari ham bor.

Shunday ekan, ilm halqasiga qo‘shilish va doimiy ilm izlash lozim bo‘ladi. Chunki ilm o‘qigan kishi Allohning panohida bo‘ladi. Shuningdek, ilmdan yuz o‘girish Allohdan yuz o‘girish ekan. Allohning huzuridan boshpana topmoqchi bo‘lsak, unutmaylikki, bu narsaga ilmsiz erishib bo‘lmaydi.

Muhtaram namozxonlar! Qur’on ummati, Ilm ummati, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati  bo‘lgan biz musulmonlar uchun ilmsiz qolish ordir. Chunki bularning barchasi ilmga da’vat qiladi. Biz agar ilm o‘qimasak, farzandlarimizni ilmga qiziqtirmasak, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatimiz degan da’voni nima bilan isbotlaymiz!?.

Bir olim aytgan ekan: “Agar biror qimmatli narsangizni hech kim topa olmaydigan joyga berkitmoqchi bo‘lsangiz, kitobning orasiga solib qo‘ying, chunki bugungi odamlar kitob ochmaydigan bo‘lib ketishdi”.

Muhtaram jamoat! Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q. Jaholatdan-da ko‘ra zarar beruvchiroq narsa ham yo‘q. Ali roziyallohu anhu aytgan ekan: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”, deganlar.

Ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Insonlar ilm orqali parvardigorlarini taniydilar. Oxirati va dunyosini ilm bilan obod qiladi.

Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohada kitoblar nashrdan chiqqan va chiqmoqda. Masalan birgina diniy sohani olsak, tafsir, hadis, fiqh, aqida, ulumul-qur’on, usul-fiqh, hatto grammatika faniga ham oid bo‘lgan ko‘plab kitoblar ona tilimizda nashrdan chiqqan. Biz faqat olib o‘qisak, kifoya. Biz farzandlarimizni kitob o‘qishga targ‘ib qilaylik. Faqat internet bilan cheklanib, ilmni yuzaki o‘rganmasdan, kitob mutolaasiga ham e’tibor qarataylik.

Ilm olishga bog‘liq odoblar ham bor bo‘lib, ularni bilish uchun shunga tegishli bo‘lgan kitoblarni o‘qib o‘rganaylik. Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor unutmaylik.

Alloh taolo yurtimizni tinch-omon qilsin. Ilm va tarbiya yo‘lida xizmat qilayotgan va unga tashabbus ko‘rsatyotgan barcha rahbar va xodimlarimizni, ustoz va murabbiylarimizni ezgu maqsadalriga muvaffaq qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   6564   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari