بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Ilm olish dinimizda eng ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Rabbisini tanishga, U zotning buyruqlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli bo‘lgan haqlarni ado etishga muvaffaq bo‘ladi. Biror bir din ilm olishga Islom dinidek targ‘ib qilmagan. Shuningdek, Islom dini jaholatga qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashishga katta e’tibor qaratgan. Ilk nozil bo‘lgan vahiyning “O‘qi” deb nozil bo‘lishi so‘zimizning yorqin dalil bo‘la oladi. O‘qish – ilmning kalitidir.
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar qilib yuborgan paytni esga olaylik. Odamlar jaholat botqog‘iga tamoman botgan edi. Johiliyatning bu holatini yoritishga tarixchilarning qalami o‘tmaslik qiladi, deyilgan. Alloh taolo ularning bu holatini Qur’oni karimda shunday bayon qilgan:
وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا
Ya’ni, “Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi”, (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo ilm dini bo‘lmish Islom dini bilan insoniyatni jaholat zulmatidan Islom nuriga olib chiqdi. Islom dini ilmni imonga tasdiq, amalga esa yo‘lboshchi qilgan dindir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir musulmon kishi ilm olishi farz ekani haqida shunday deganlar:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: طَلَبُ الْعِلْمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ
Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmon kishiga ilm talab qilish farzdir”, dedilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan
Islom dini diniy hamda dunyoviy ilmga umumiy da’vat qilib, dinda faqih bo‘lishlikka alohida urg‘u bergan. Imom Buxoriy va Muslim rahmatullohi alayhumolar rivoyat qilgan hadisda shunday deyilgan:
عَنْ مُعاويةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رسول الله صلى الله عليه وسلم: « مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْراً يُفَقِّهْهُ في الدِّينِ » . متفقٌ عَلَيْهِ
Ya’ni, Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishida faqih qilib qo‘yadi”, dedilar”. (Muttafaqun alayh)
Ushbu hadisga ko‘ra, ilm egalari ulug‘ fazilat egasi ekani, ma’lum bo‘ladi.
Hakimlar aytgan ekan: “Kimda-kim o‘zining bilmasligini yashirib, ilm olishdan bosh tortsa yoki kasalini yashirib, davolanishdan bosh tortsa, u o‘ziga o‘zi xiyonat qilibdi”.
Chunki diniy ish bo‘lsin yoki dunyoviy ish bo‘lsin, unga bilmasdan kirishgan kishining foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi.
عَنِ الزَّنْجِيِّ بْنِ خَالِدٍ؛ قَالَ: دَخَلْنَا عَلَى الزُّهْرِيِّ وَنَحْنُ غِلْمَانٌ، فَقَالَ لَنَا: اطْلُبُوا الْعِلْمَ؛ فَإِنْ أَرَدْتُمُ الدُّنْيَا نِلْتُمْ، وَإِنْ أَرَدْتُمُ الْآخِرَةَ نِلْتُمْ
Zanjiy ibn Xolid aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriyning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga yetishasiz, oxiratni istasangiz ham unga yetishasiz”, dedilar”.
Muhtaram jamoat! Islom dini insonning dunyo hayoti uchun lozim bo‘lgan barcha ilmlarni o‘rganishni farz darajasiga ko‘targan dindir. Masalan, tib yoki hisob ilmini olaylik. Bu ilmlarsiz inson hayotini saodatli kechishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Boshqa dunyoviy ilmlar ham xuddi shular kabidir. Bu ilmlar farzi kifoya hisoblanadi. Bu ilmlar bilan mashg‘ul bo‘layotgan kishilar farz ibodatini bajaryapman degan niyatda mashg‘ul bo‘lishsa, dunyoviy manfaatlarni qo‘lga kiritishdan tashqari, ulkan ajr-savoblarga ham erishadilar.
Xuddi shuningdek, turli ishlab chiqarish va sanoatga doir ilmlar ham farzi kifoyadir. Demak, hozirgi zamonda musulmonlar fan-texnika sohasida ham barcha daqiq ilmlardan kifoya qilish darajasida bilishlari zarur bo‘ladi. Chunki davlatning kuch-qudrati, o‘zga davlatlarga qaram bo‘lib qolmasligi ilm-fanning rivoji va taraqqiyotiga bog‘liqdir.
Islom dini ilm fanga targ‘ib qilib, uning hukmini farz darajasiga ko‘tarar ekan, bu hukm ayol qizlarni ham chetlab o‘tmagan. Chunki jamiyatning yarmidan ko‘pini ayol-qizlar tashkil qiladi. Ularni ilmsiz qoldirish jamiyatni ilmsiz qoldirish demakdir. Ayniqsa, kelajak avlod tarbiyasi ayol-qizlarimizga bog‘liqdir. Ular bilimli bo‘lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham bilimli bo‘ladi. Ular odobli bo‘lishsa, ular tarbiyalagan avlod ham odobli bo‘ladi.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi hakimlardan birining huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir o‘g‘lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini o‘qishtishga qurbim yetmaydi, faqatgina bittasini o‘qitishga imkonim bor, qaysi birini o‘qitay?”, deb so‘rabdi. Shunda hakim zot: “Qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan”, deb javob bergan ekan. Qanchadan-qancha allomalarni onalari tarbiyalagani hech birimizga sir emasdir.
Muhtaram jamoat! Biz farzandlarimizni, ayniqsa, qizlarimizning ta’lim va tarbiyasiga katta ahamiyat qaratishimiz lozimdir. Jamiyatning salohiyati va ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanadi. Darhaqiqat, qaysi jamiyatda ilmga tashnalik susaysa, ilm o‘rganishga e’tibor kamaysa, o‘sha jamiyat taraqqiyotdan ortda qoladi. Eng yomoni, u ma’naviy inqirozga yoki halokatga yuz tutishi muqarrardir.
Har qanday jamiyatning olimlari, ziyolilari, ayniqsa, ota-onalar millatning ma’naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzilmasligi, soxta va buzg‘unchi e’tiqodlar va madaniyatlar ta’siriga tushib qolmasligiga mas’uldirlar. Farzandlarimizga maktabga borib ta’lim olishning ibodat ekanini bildirishimiz kerak. Ustoz, o‘qituvchi va murabbiylar ham o‘zlariga yuklatilgan burch va mas’uliyatni yaxshi anglab, ta’lim va tarbiyani puxta olib borishlari kerak bo‘ladi. Maktabda berilayotgan darslarni puxta o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas’uliyatidir. Ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o‘rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo‘lmaslikning oqibati ayanchli bo‘ladi. Alloh asrasin!
Ilmning sharafi haqida Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam quyidagi hadsilari ham dalolat qiladi:
عَنْ أَبِي وَاقِدٍ الحارث بن عوف رضي الله عنه أنَّ رسولَ الله صلى الله عليه وسلم بَيْنَمَا هُوَ جَالِسٌ في المَسْجِدِ، والنَّاسُ مَعَهُ، إذْ أقْبَلَ ثَلاثَةُ نَفَرٍ، فأقْبَلَ اثْنَانِ إِلَى رسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم وَذَهَبَ واحِدٌ؛ فَوَقَفَا عَلَى رسولِ الله صلى الله عليه وسلم. فأمَّا أحَدُهُما فَرَأَى فُرْجةً في الحَلْقَةِ فَجَلَسَ فِيهَا، وَأمَّا الآخرُ فَجَلَسَ خَلْفَهُمْ، وأمَّا الثَّالثُ فأدْبَرَ ذاهِباً. فَلَمَّا فَرَغَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم قَالَ: «ألا أُخْبِرُكُمْ عَنِ النَّفَرِ الثَّلاَثَةِ: أَمَّا أَحَدُهُمْ فَأوَى إِلَى اللهِ فآوَاهُ اللهُ إِلَيْهِ. وَأمَّا الآخَرُ فاسْتَحْيَى فَاسْتَحْيَى اللهُ مِنْهُ، وأمّا الآخَرُ، فَأعْرَضَ، فَأَعْرَضَ اللهُ عَنْهُ». متفقٌ عَلَيْهِ.
Ya’ni, Abu Voqid al-Horis ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan birga masjidda o‘tirgan edilar. Shu payt uch kishi kirib keldi. Ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarab yurdi, bittasi esa ketib qoldi. Shunda u ikkisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalarida turib qolishdi. Ulardan biri davrada bo‘sh joyni ko‘rib, o‘sha yorga o‘tirdi. Narigisi esa odamlarning orqa tomoniga o‘tirdi. Uchinchisi esa orqasiga qaytib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lgach: “Sizlarga bu uch kishi haqida xabar beraymi? Ularning biri Allohdan boshpana so‘ragan edi, Alloh unga boshpana berdi. Narigisi hayo qilgandi, Alloh ham undan hayo qildi. Boshqasi esa yuz o‘girdi, Alloh ham undan yuz o‘girdi”, dedilar”.( Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisda ilm davrasiga qo‘shilgan kishini Allohdan boshpana so‘radi, deyildi. Aslida, zulm, xavf-xatar va tazyiqlarda boshpana so‘raladi. Demak, jaholat bu - zulm va xavf-xatar ekan. Bundan qutilishning yagona yo‘li esa ilm olishdir. Faqat ilm bilangina Alloh taolodan boshpana so‘raladi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay!”, degan ma’noda mashhur so‘zlari ham bor.
Shunday ekan, ilm halqasiga qo‘shilish va doimiy ilm izlash lozim bo‘ladi. Chunki ilm o‘qigan kishi Allohning panohida bo‘ladi. Shuningdek, ilmdan yuz o‘girish Allohdan yuz o‘girish ekan. Allohning huzuridan boshpana topmoqchi bo‘lsak, unutmaylikki, bu narsaga ilmsiz erishib bo‘lmaydi.
Muhtaram namozxonlar! Qur’on ummati, Ilm ummati, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati bo‘lgan biz musulmonlar uchun ilmsiz qolish ordir. Chunki bularning barchasi ilmga da’vat qiladi. Biz agar ilm o‘qimasak, farzandlarimizni ilmga qiziqtirmasak, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatimiz degan da’voni nima bilan isbotlaymiz!?.
Bir olim aytgan ekan: “Agar biror qimmatli narsangizni hech kim topa olmaydigan joyga berkitmoqchi bo‘lsangiz, kitobning orasiga solib qo‘ying, chunki bugungi odamlar kitob ochmaydigan bo‘lib ketishdi”.
Muhtaram jamoat! Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q. Jaholatdan-da ko‘ra zarar beruvchiroq narsa ham yo‘q. Ali roziyallohu anhu aytgan ekan: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”, deganlar.
Ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Insonlar ilm orqali parvardigorlarini taniydilar. Oxirati va dunyosini ilm bilan obod qiladi.
Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohada kitoblar nashrdan chiqqan va chiqmoqda. Masalan birgina diniy sohani olsak, tafsir, hadis, fiqh, aqida, ulumul-qur’on, usul-fiqh, hatto grammatika faniga ham oid bo‘lgan ko‘plab kitoblar ona tilimizda nashrdan chiqqan. Biz faqat olib o‘qisak, kifoya. Biz farzandlarimizni kitob o‘qishga targ‘ib qilaylik. Faqat internet bilan cheklanib, ilmni yuzaki o‘rganmasdan, kitob mutolaasiga ham e’tibor qarataylik.
Ilm olishga bog‘liq odoblar ham bor bo‘lib, ularni bilish uchun shunga tegishli bo‘lgan kitoblarni o‘qib o‘rganaylik. Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor unutmaylik.
Alloh taolo yurtimizni tinch-omon qilsin. Ilm va tarbiya yo‘lida xizmat qilayotgan va unga tashabbus ko‘rsatyotgan barcha rahbar va xodimlarimizni, ustoz va murabbiylarimizni ezgu maqsadalriga muvaffaq qilsin! Omin!
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati