Kuz va qish mavsumlarida immunitetni mustahkamlash masalasi barcha uchun birdek muhim hisoblanadi. Quyida immunitetni oshirishga xizmat qiluvchi ba’zi omilar haqida ma’lumot beramiz.
Tahorat – nafaqat namoz kaliti, balki sog‘liq garovi hamdir. Tahoratning yurak qon tomirlari tizimiga foydasi isbotlangan. Sovuq suvda olingan tahorat organizmni chiniqtiradi. Doimiy og‘iz bo‘shliqlari va burunni tozalash infeksiya paydo bo‘lishini oldini oladi.
Zanjabil – antibakterial, shamollashga qarshi, antimikrob, antiseptik, bakteritsid xususiyatlarga boy. Zanjabil ildizi foydali bo‘lib, uning tarkibida vitamin S va V hamda inson organizmidagi shikastlangan hujayralarni qayta tiklash va “davolash” xususiyatiga ega bo‘lgan retinol bor. Zanjabilning shifobaxshligi asal bilan yanada ta’sirli bo‘ladi.
Asal – organizm immunitetini oshirishda tengi yo‘qdir. Eslatib o‘tamiz, asal va odam organizmining kimyoviy tarkibi o‘xshash. Shamollashni oldini olishda asal va yong‘oq muhim vositadir. Yong‘oqning turli ko‘rinishi bo‘lishi mumkin, faqat bunda muhimi asal va yong‘oq aralashmasi ma’lum kun turishi kerak.
Qora sedana yog‘i – oshqozon ichak faoliyatini yaxshilab, immun tizimini oshiradi. Qora sedana yog‘i ko‘pgina kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarni yo‘q qiladi, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi va o‘t haydaydi. Yog‘ni profilaktik maqsadda yoki umum mustahkamlovchi vosita sifatida qo‘llash mumkin. Bir kun davomida bir choy qoshiq miqdorida qora sedana yog‘i ichilsa, o‘sha bir qoshiqning o‘zi ham kun davomida quvvat berib, moddalar almashinuvini normallashtiradi.
Hilba – Tabiblar: “Agar odamlar xilbaning foydasini bilishganda edi, uni oltinning bahosiga sotib olishardi”, deb aytishgan. Ingliz olimi Kleber: “Agar barcha dorilarni mezonning bir pallasiga, hilbani ikkinchi pallasiga qo‘ysangiz, mezon teng bo‘ladi”, degan. Virusli infeksiyalar oqibatida isitma ko‘tarilishida, shamollashda xilba urug‘lari foyda beradi. Xilbaning yumshatuvchi xususiyati tufayli uni shamollaganda va balg‘am ko‘chiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. U inson organizmmidagi quyuqlashib qolgan shilimshiqlarni yumshatib, ko‘chirib, toksinlarni limfa tizimi orqali yuvib chiqaradi. Shamollagan paytda 500 gr suvga bir osh qoshiq xilba solib, damlab ichish kerak.
Mohira Zufarova
tayyorladi.
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati