Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2026   |   18 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:44
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2026, 18 Zulqa`da, 1447

Ibratli dunyo

10.02.2017   12736   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyquga yotish va uyqudan turish odoblarining ilmiy mo‘jizalari

06.05.2026   2401   5 min.
Uyquga yotish va uyqudan turish odoblarining ilmiy mo‘jizalari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Uyqu – Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan ne’matlardan biri. Uyqu sababli inson hordiq chiqaradi, jismi kuch-quvvatga to‘ladi.

Inson bu kundalik odati orqali ham savobga ega bo‘lishi mumkin. Buning uchun quyidagi odoblarga rioya etish talab etiladi.


Birinchisi – uxlashga yotmoqchi bo‘lgan kishi badanini dam oldirishni va ibodatga kuch yig‘ishni niyat qilishi lozim.

Bunday niyat bilan uyqu ham ibodatga aylanadi va inson go‘yoki kechalarni ibodat bilan qoim qilgandek ajrga ega bo‘ladi.


Ikkinchisi – uyquga pokiza holda yotish.

Pok holda uxlagan kishi shayton vasvasasidan omonda bo‘ladi.

 

Uchinchisi – qorin to‘q holda uxlashdan saqlanish.

To‘q qoringa uxlash inson salomatligi uchun nihoyatda zararlidir. Bunda ovqat hazm bo‘lishi qiyinlashib, turli oshqozon va ichak kasalliklari kelib chiqadi.

 

Beshinchisi – uyquga barvaqt yotish.

Tunni bekorchilik bilan o‘tkazish inson salomatligi uchun jiddiy zarar ekanini ta’kidlab o‘tish lozim. Buyuk Britaniya olimlarining 90 mingga yaqin ko‘ngilli qatnashgan, olti yil davom etgan taqdiqotlari natijasiga ko‘ra soat 2200 dan 2300 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida uyquga yotish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada kamaytirishi aniqlangan (European Heart Journal – Digital Health, Volume 2, Issue 4, December 2021, Pages 658–666).


Oltinchisi – uxlashdan oldin uy eshigini mahkamlab yopish va idishlar og‘zini berkitish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Eshiklarni berkitinglar, mesh (og‘zini) bog‘langlar, idish-tovoqni to‘nkarib qo‘yinglar, chiroqlarni o‘chiringlar” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).


Yettinchisi – chiroqlar o‘chirib yotish.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar uxlasangiz, chiroqlarni o‘chiringlar!” deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Buyuk Britaniyaning “Current Biology” nomli ilmiy-ommabop jurnalida uxlash paytida chiroqning yonib turishi inson tanasiga salbiy ta’sirlari haqidagi maqolada quyidagi ma’lumotlar keltiriladi:

“Gollandiyalik olimlar sichqonlar ustida tadqiqot olib borib, tundagi chiroqlarning ularga ta’sirini o‘rganishdi. Tadqiqot natijasida uxlash vaqtida chiroq yonib turishining ko‘plab kasalliklarga bog‘liqligi aniqlandi”.

Soxa mutaxassislarining aytishicha, uxlash asnosida xonadagi chiroqning yoniq turishi saraton, immunitet pasayishi, erta qarish kabi bir qancha kasalliklarga sabab bo‘lar ekan.


Sakkizinchisi – to‘shakni qoqib yotish.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi biringiz yotog‘iga yotsa, izorining ichki tarafi bilan to‘shagini qoqib yuborsin. Zero, u o‘zidan keyin to‘shagiga nima kirganini bilmaydi…” (Imom Buxoriy rivoyati).

G‘arb olimlari inson uxlaganida badandan turli zararli hujayralar ko‘rpaga o‘tishini, agar ular vaqtida tozalanmasa, ko‘payib, kasalliklar keltirib chiqarishini aniqladilar.

Bu muammoni bartaraf etish yo‘llarini bir necha yillar davomida izladilar. Eng kuchli tozalash vositalarini ishlatib, ko‘rpani yuvdilar. Lekin undagi zararli hujayra va hasharotlar qimir etgani ham yo‘q. Oxir oqibat ko‘rpani qo‘l bilan uch marta qoqib ko‘rishdi. Natijada, o‘lik hujayra va boshqa parazitlardan asar ham qolmadi.

 

To‘qqizinchisi – qorinni yerga qilib yotmaslik.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holda yotish haqida: “Albatta, bu yotish Allohning g‘azabini keltiradi”, deganlar.

AQSHlik mutaxassislar yuztuban uxlash salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini ilmiy isbotladilar. Bunda inson ko‘krak qafasi to‘liq nafas ololmaydi. Bo‘yin mushaklari muskulga aylanishi oqibatida qon tomirlari shikastlanadi. Bel qismining egilishi ichki organlarga kuchli bosim o‘tkazadi.

Uyqudan turganda ham siqilgan, lanj, g‘azablangan, asabiy holda bo‘ladi. Chalqancha yotilganda og‘izdan nafas olingani bois u shamollash, tumov va milklarning yallig‘lanishi kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi.


O‘ninchisi o‘ng tomonga yonboshlab yotish.

Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar to‘shakka yotadigan bo‘lsalar, o‘ng tomonlari bilan yotardilar”.


Olimlar olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘ng qo‘lni o‘ng yonoq ostiga qo‘yib uxlash inson tanasining tinchlanishiga, tez uyquga ketishga, hatto qo‘rqinchli tushlar ko‘rishning oldini olishga sabab bo‘larkan. Bu esa, depressiya va stressdan aziyat chekayotgan odamlarni turli uyqu dorilarini qabul qilishdan xalos etadi.

Kaliforniya universiteti professori, misrlik olim Doktor Jamoliddin Ibrohim boshchiligida o‘tkazilgan tadqiqotlarda o‘ng tomonga yonboshlab yotganda yurak kamroq kuch sarflashi, qonning oson aylanishi, asablarning tinchlanishi va dam olishi hamda tezda uyquga ketishga sabab bo‘lishi aniqlandi.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar