Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Qur’oni karim tilovatida tag‘anniy

07.02.2017   21918   23 min.
Qur’oni karim tilovatida tag‘anniy

Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.

O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir»  deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.

Qur’oni karimni ohang  bilan o‘qish masalasida sahobalar va tobeinlarda bo‘lganidek, faqih imomlarimiz o‘rtalarida ham ixtilof mavjud. Biz quyida ularning bu boradagi fikrlari va dalillarini keltirib o‘tamiz:

  1. Molikiy va hanbaliy mazhablari

Ushbu mazhab sohiblari Qur’oni karimni ohang  bilan o‘qishni makruh deydilar. Bu so‘z Anas ibn Molik, Said ibn Musayyab, Said ibn Jubayr, Qosim ibn Muhammad, Hasan Basriy, Ibrohim Naxaiy, Ibn Siriynlardan naql qilingan.

  1. Hanafiy va shofe’iy mazhablari

Bu mazhab sohiblari Qur’oni karimni ohang  bilan o‘qishni joiz deydilar. Bu hukm Umar ibn Xattob, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Mas’ud, Abdurrahmon ibn Asvad ibn Zaydlardan naql qilingan. Mufassirlardan Abu Ja’far Tabariy, Abu Bakr ibn Al-Arabiy ushbu fikrni qo‘llaganlar[1].

Molikiy va Hanbaliylarning dalillari

Mazkur mazhab sohiblari Qur’oni karimni ohang bilan o‘qish makruhligiga quyidagi hadislarni dalil sifatida keltiradilar:

عن حذيفة بن اليمان عن رسول الله صلى الله عليه و سلم أنه قال :  إقرؤا القرآن بلحون العرب

و أصواتها و إياكم و لحون أهل الفسق وأهل الكتابين فإنه سيجيء من بعدي قوم يرجعون بالقرآن ترجيع الغناء و الرهبانية و النوح لا يجاوز حناجرهم مفتونة قلوبهم و قلوب من يعجبهم شأنهم يتخذون القرآن مزامير يقدمون الرجل ليس بأفقههم و لا أعلمهم ما يقدمونه إلا ليغنيهم"رواه الترمذي

Huzayfa ibn al-Yamonidan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Qur’onni arablarning ohanglari va ovozlarida o‘qingiz. Ahli fisq va ahli kitoblarning ohanglaridan chetlaning! Chunki, mendan keyin bir qavm kelib Qur’onni qo‘shiqchilar, rohiblar va o‘lgan odamga yig‘lovchilarning ohangiga o‘xshatib ohang bilan qiroat qiladilar. (Qur’on) ularning tomoqlaridan pastiga o‘tmaydi. Ularning va ularning ishini yoqtirgan kishilarning qalblari fitnalangandir. Ular Qur’onni o‘zlariga “nay” qilib oladilar. Ular  faqih ham, olim ham bo‘lmagan kishini oldinga chiqarib qo‘yadilar. Uni o‘zlariga kuylab berishi uchungina olib chiqadilar”,-dedilar”. Bayhaqiy “Shuabul iymon” da rivoyat qilgan.

Imom Jazariy: “Hadisdagi “لحون” so‘zi “لحن” kalimasining ko‘pligi bo‘lib, undan ovozni tarannum bilan chiqarish, Qur’on, she’r yoki qo‘shiqda ovozni go‘zal qilish tushuniladi”-deydilar.

Yuqoridagi hadisdagi ahli fisqdan murod: biror harfni ziyoda qiladigan yoki kamaytiradigan darajada Qur’onni o‘zining aslidan chiqarib qiroat  qiladiganlardir. Chunki, bu ish barcha ulamolarning ijmosiga ko‘ra haromdir.

Ahli kitoblar esa yahudiy va nasorolardir. Ularning ohangi bilan o‘qish deganda ularning Tavrot va Injilni o‘qiganlari kabi o‘qish tushuniladi[2].

عن بن عباس، قال: كان لرسول الله - صلى الله عليه وسلم - مؤذن بُطَرِّب،فقال النبي صلى الله عليه وسلم إن الأذان سهلٌ سَمْح فإن كان أذانك سَهْلاً سَمْحًا، وإلاّ فلا تؤذن».رواه الدارقطني و اسناده ضعيف جدا

Ibn Abbos roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi. U zot aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tatrib (ya’ni ohang) bilan azon aytadigan muazzinlari bor edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga:

 “Azon yengil, muloyimdir. Agar (sening ham) azoning yengil, muloyim bo‘lsa, (azon aytgin). Bordi-yu, undoq bo‘lmasa, azon aytma”,-dedilar”. Doriqutniy o‘z sunanida rivoyat qilgan. Rivoyat isnodi juda zaif[3].

Abdulvahhob al-Molikiydan rivoyat qilishicha, imom Molik Qur’onni ohang  bilan qiroat qilish haromligini aytgan. Buni Abu Toyyib Tabariy, Movardiy, Ibn Hamdon Hanbaliy ahli ilmlarning ko‘pchiligidan rivoyat qilganlar.

Ibn Battol, Iyoz, molikiylardan Qurtubiy, Bandaniyjiy, G‘azzoliy bu ish makruh ekanini rivoyat qilish-gan[4].

Va yana aytadilar: albatta ohang  va kuyga solib tilovat qilish Allohning kalomiga ziyodalikni olib keladi ya’ni mad yo‘q joyni mad qilib tilovat qiladi shu sabali bir harf bir necha harfga ziyoda bo‘ladi vaxolanki bu holat joiz emasdur. Shuningdek ohang va kuyga solib tilovat qilish eshituvchilarning qalblarini ohang  va kuy ila band qiladi va Quroni karim ma’nolariga e’tiborni, tadabbur va tafakkurni yo‘q bo‘lishiga olib keladi.

Imom Molikdan namozda ohangga solib tilovat qilish haqida so‘ralganida, U zot menga yoqmaydi, albatta u kuydur, pul topish uchungina uni kuyga soladilar degan ekanlar.

Imom Ahmad: lahnga solib o‘qish menga yoqmaydi, lahnga solib o‘qish bid’atdir, unga quloq tutmagin (eshitmagin) deganlar.

Va yana U zotdan tilovatdagi lahn haqida so‘ralganida, so‘rovchiga, isming nima dedilar, so‘rovchi Muhammad degan edi, seni ismingni Muuuhaaaamaaad deb aytilishi senga yoqadimi dedilar[5].

Hanafiy va Shofeiylarning dalillari

Mazkur mazhab sohiblari Qur’oni karimni tarannum bilan o‘qish joizligiga quyidagi dalillarni keltiradilar:

Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Qur’onni tag‘anniy (tarannum) bilan tilovat qilmagan bizdan emas”[6].

عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَال َرَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: زَيِّنُوا الْقُرْآن َبِأَصْوَاتِكُمْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ

Baro ibn Ozib roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni ovozlaringiz bilan ziynatlangiz”,-dedilar”[7].

عن البراء بن عازب رضي الله عنه قال: سمعت رسول الله يقول: حسنوا القرآن بأصواتكم فإن الصوت الحسن يزيدالقرآن حسنا

Baro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’onni ovozingiz bilan go‘zal qiling! Chunki, go‘zal ovoz Qur’onning go‘zalligini ziyoda qiladi”,-deganlarini eshitdim”[8].

عَن قَتَادَة عَن أنس قَالَ قَالَ رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم َ  إِن لكل شَيْء حلية وَحلية الْقُرْآن الصَّوْت الْحسن

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallam dan rivoyat qiladi: “Har bir narsaning ziynati bo‘ladi. Qur’onning ziynati chiroyli ovozdir” degan[9].

حَدَّثَنَا مُوسَى بن هَارُونَ ، حَدَّثَنَا عَبْدُ الأَعْلَى بن حَمَّادٍ النَّرْسِيُّ ، حَدَّثَنَا عَبْدُ الْجَبَّارِ بن الْوَرْدِ ، قَالَ : سَمِعْتُ ابْنَ أَبِي مُلَيْكَةَ ، يَقُولُ : سَمِعْتُ عُبَيْدَ اللَّهِ بن أَبِي نَهِيكٍ ، يَقُولُ : بَيْنَمَا أَنَا وَاقِفٌ وَعَبْدُ اللَّهِ بن السَّائِبِ بن أَبِي السَّائِبِ إذ مر بنا أبو لبابة ، فاتبعناه حتى دخل بيته ، فاستأذناه فأذن لنا ، فإذا رث المتاع رث الحال ، فقال من أنتم ؟ فانتسبنا له ، فقال مرحبا وأهلا تجار كسبة ، فسمعته يَقُولُ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يَتَغَنَّ بِالْقُرْآنِ ، قَالَ ابْنُ أَبِي مُلَيْكَةَ : فَقُلْتُ : يَا مُحَمَّدُ ، أَرَأَيْتَ إِنْ لَمْ يَكُنْ حَسَنَ الصَّوْتِ ؟ قَالَ : يُحَسِّنُهُ مَا اسْتَطَاعَ

Ibn Abu Mulaykadan rivoyat qilinadi. U zot aytadi: “Men Ubaydulloh ibn Abu Nahiyk shunday deganini eshitdim: “Men Abdulloh ibn Soib ibn Abu Soib bilan turganimda oldimizdan Abu Luboba o‘tib qoldi. Biz uning orqasidan yurib bordik. U uyiga kirganida undan (uyiga kirishimizga) ruxsat so‘radik. Abu Luboba kirishimizga izn berdi. Qarasak, uning uyi xaroba, o‘zi og‘ir ahvolda hayot kechirar ekan. U: “Sizlar kimsizlar?” deb so‘radi. Biz unga nasabimizni aytdik. U: “Kasaba savdogarlari xush kelibsiz!” dedi. Men uning shunday deganini eshitdim: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qur’onni ohang bilan o‘qimagan bizdan emas!” deganlar”. Ibn Abu Mulayka (so‘zida davom etib) aytadi: “Men: “Ey Muhammad, agar kishida chiroyli ovoz bo‘lmasa, (u holda nima qiladi)”-deb so‘ragandim. U: “Qodir bo‘lganicha chiroyli qiladi”, dedi”[10].

Ibn Battol bir guruh sahoba va tobe’inlardan Qur’onni ohang bilan tilovat qilish joizligini rivoyat qilgan. Imom Navaviy “Tibyon”da buni alohida ta’kidlagan[11].

حَدَّثَنَا عَلِيُّ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ عَنْ الزُّهْرِيِّ عَنْ أَبِي سَلَمَةَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَا أَذِنَ اللَّهُ لِشَيْءٍ مَا أَذِنَ لِلنَّبِيِّ أَنْ يَتَغَنَّى بِالْقُرْآنِ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Alloh hech bir narsani Nabiyning Qur’onni tag‘anniy bilan o‘qiganini tinglaganchalik tinglamagan” dedilar[12].

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ مَا أَذِنَ اللَّهُ لِشَيْءٍ مَا أَذِنَ لِنَبِيٍّ حَسَنِ الصَّوْتِ يَتَغَنَّى بِالْقُرْآنِ يَجْهَرُ بِهِ.

Muslim rivoyatida: “Alloh chiroyli ovozli payg‘ambar Qur’onni tag‘anniy bilan ovoz chiqarib o‘qiganini tinglaganchalik biror narsani tinglamagan”, deyilgan[13].

حدثنا محمد بن خلف أبو بكر حدثنا أبو يحيى الحماني حدثنا بريد بن عبد الله بن أبي بردة عن جده أبي بردة عن أبي موسى رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه و سلم قال له  : يا أبا موسى لقد أوتيت مزمارا من مزامير آل داود

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam unga: “Ey Abu Muso, senga Dovud oilasining naylaridan biri berilgan ekan” degan ekanlar[14].

Rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Musoning ovozidagi ohang yoqimli bo‘lgani bois majoziy ma’noda uni nayga o‘xshatdilar.  “Dovud oilasining nayi” deganda U zotning Zaburni qiroat qilgandagi ovoz ohanglari ko‘zda tutilgan[15].

Dovud alayhis salom juda chiroyli ovoz sohibi bo‘lgan. Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhuning Qur’onni chiroyli ovozda tilovat qilishi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam uning qiroatini eshitib, ovozini Dovud alayhis salomning ovoziga o‘xshatishlari juda mashhur voqea. Bu xususda ko‘plab rivoyatlar vorid bo‘lgan .

أخبرنا الحسين بن أحمد بن بسطام بالأبلة حدثنا عبد الله بن جعفر البرمكي حدثنا يحيى بن سعيد الأموي عن طلحة بن يحيى عن أبي بردة عن أبي موسى الأشعري قال : استمع رسول الله صلى الله عليه وسلم قراءتي من الليل فلما أصبحت قال : يا أبا موسى استمعت قراءتك الليلة لقد أوتيت مزمارا من مزامير آل داود  قلت : يا رسول الله لو علمت مكانك لحبرت لك تحبيراقال شعيب الأرنؤوط : إسناده على شرط مسلم

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U zot aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tunda qiroatimni tinglabdilar. Tong otgach, u zot: “Ey Abu Muso, kecha tunda qiroatingga quloq tutdim. Senga Dovud oilasi naylaridan biri berilgan ekan,- dedilar. Shunda men: “Ey Rasululloh, agar sizning borligingizni bilganimda, siz uchun (qiroatimni) yanada ziynatlagan bo‘lardim”,-dedim”[16].

Abu Ya’lo “Musnad”da keltirgan rivoyatda aytilishicha, o‘shanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida Oisha roziyallohu anho onamiz ham bo‘lganlar. Ikkovlari ketayotganlarida Abu Muso roziyallohu anhu uyida Qur’on tilovat qilayotganini eshitib qolib, biroz turib qolishadi. So‘ng yo‘llarida davom etishadi. Tong otganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Muso Ash’ariyga kechasi uning tilovatini eshitishganlarini aytganlarida, u: “Agar siz eshitayotganingizni bilganimda, bundanda chiroyliroq o‘qishga harakat qilardim”,-deydi[17].

حَدَّثَنَا يَزِيدُ بْنُ سِنَان ٍ، قَالَ : حَدَّثَنَا صَفْوَانُ بْنُ عِيسَى، حَدَّثَنَا سُلَيْمَانُ التَّيْمِيُّ، عَنْ أَبِي عُثْمَانَ النَّهْدِيِّ قَالَ: صَلَّيْتُ خَلْفَ أَبِي مُوسَى الأَشْعَرِيِّ فَمَا سَمِعْتُ صَوْتَ صَنْجٍ، وَلا بَرْبَطٍ، وَلا نَايٍ أَحْسَنَ مِنْ صَوْتِهِ

Abu Usmon Nahdiy rivoyat qiladi: “Men Abu Muso Ash’ariyning orqasida namoz o‘qidim. Men uning ovozidan chiroyliroq sanjning ham, barbatning ham, nayning ham ovozini eshitmaganman”[18].

“Sanj” misdan yasalgan bir-biriga urib chalinadigan musiqa asbobi. Ularning biri bilan ikkinchisi uriladi. “Barbat” unga o‘xshash musiqa asbobi. “Nay” qanday ekani hammaga ma’lum[19].

أخبرنا محمد بن الحسن بن قتيبة قال حدثنا نوح بن حبيب قال حدثنا وكيع قال حدثنا شعبة عن معاوية بن قرة أنه سمع عبد الله بن المغفل يقول قرأ النبي صلى الله عليه وسلم عام الفتح فرجع في قراءته قال معاوية لولا أني أكره أن يجتمع الناس علي لحكيت قراءته

Muoviya ibn Qurra rivoyat qiladi: Men Abdulloh ibn Mug‘affalning shunday deganini eshitdim: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fath yili ulovlari ustida ketayotganlarida Fath surasini ohang bilan qiroat qildilar”,-Muoviya aytadi- Agar atrofimizga odamlar to‘planishini karih ko‘rmaganimda, u zot sollallohu alayhi vasallamning qiroatlarini o‘qib berardim”. Muttafaqun alayh[20].

Ushbu mazhab sohiblari yana dalil sifatida aytadilarki: “Qur’onni tarannum bilan o‘qish kishini o‘ziga jalb qiladi va uni shu Qur’onni diqqat bilan tinglashga undaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan uning tinglovchi ruhiyati va qalbiga ta’sirini benihoyat oshiradi”[21].

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Alqama al-Asvadning qiroatini (ovozi yoqimli bo‘lgani bois) yoqtirar edi. Alqama u zotga Qur’onni o‘qib berardi. Qachon qiroatni tugatsa, u zot unga:”Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Yana davom eting”,-der edi[22].

عمر بن الخطاب رضي الله تعالى عنه أنه كان يقول لأبي موسى رضي الله تعالى عنه ذكرنا ربنا فيقرأ أبو موسى ويتلاحن وقال مرة من استطاع أن يغني بالقرآن غناء أبي موسى فليفعل

Imom Tabariy Hazrat Umar ibn Xattob roziyallohu anhu haqida shunday rivoyat qiladi:”Hazrati Umar Abu Muso Ash’ariyga :”Bizlarga Robbimizni eslating”,-deganlarida Abu Muso Qur’onni ohang bilan qiroat qilar edi. Shunda Umar: “Kim Qur’onni Abu Musoning ohangiga o‘xshab ohang bilan o‘qiy olsa, shunday qilsin”,-der edilar[23].

Muhammad Ali as-Sobuniy O‘zlarining “Rovai ul-bayan fi tafsiru oyat al-ahkom min al-qur’on” asarida har ikki mazhabning hukmlari va dalillarini keltirgandan so‘ng xulosa o‘rnida shunday deydilar: “Agar siz chuqurroq o‘ylab ko‘rsangiz, faqihlar orasidagi ixtilof asliy emas, balki, shakliy ekanligini ko‘rasiz. Binobarin, faqihlar Qur’onni tajvid qoidalariga  xalal yetkazadigan ohanglar bilan o‘qish harom ekanligiga ittifoq qilganlar. Buning misoli quyidagicha: cho‘zish mumkin bo‘lmaganni cho‘zib o‘qish, cho‘zilishi zarur bo‘lganni cho‘zmaslik, ingichka o‘qilishi zarur bo‘lgan yo‘g‘on qilib o‘qish, yo‘g‘on o‘qilishi zarur bo‘lganni ingichka qilib o‘qish, idg‘om lozim bo‘lgan o‘rinlarda izhor o‘qish yoki izhor lozim bo‘lgan o‘rinlarda ixfo qilish va shu kabilar. Qur’onning hukmlari va tilovat odoblariga e’tibor bermasdan  o‘zgalarni qoyil qoldirish va ovozning go‘zalligini boshqalarga namoyon qilishni asosiy maqsad qilib olgan holda tilovat qilishga kelsak, bu ishning haromligi borasida ixtilof yo‘q”[24].

Imom Abu Ja’far Ahmad ibn Muhammad at-Tahoviy al-Hanafiy rahmatullohi alayhi: “Qur’onni tag‘anniy bilan tilovat qilmagan bizdan emas” hadis haqida bahs yuritib quydagi so‘zni aytganlar: “Hadisdagi tag‘anniy so‘zidan ko‘zlangan maqsad Quron tufayli, undan boshqa barcha narsalardan behojat bo‘lishdir”.

Barchaga  ma’lumki tajvid qoidalarini nazariy jihatdan bilish farzi kifoyadir. Unga amal qilish har bir tilovat qiluvchi uchun farzi a’yndir. U’jb va riyodan saqlanish ham farz hisoblanadi. Shunday ekan Alloh taoloning o‘zi bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin. Nafsimizga tashlab qo‘ymasin.

Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi

 Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

 

[1]   Muhammad Ali as-Sobuniy. Rovai’ al-bayon fi tafsiri oyat al-ahkom min al-qur’on.Al-maktabat ul-asriyya Bayrut-Livan-2011. B. 584.

Jaloliddin Abdurrahmon Suyutiy.Al-Itqon fi ulum al-qur’on. Livan.: Dorul fikr-1996. J.1 B.270.

[2] Ali ibn Sulton Muhammad al-Qori.  Mirqot al-mafotih sharh Mishkot al-masobih.Dor al-fikr. Bayrut 2002.7-juz. B. 584.

[3]  Ali ibn Umar ad-Doroqutniy. “Sunan ad-Doroqutniy”.Dor al-kutub al-ilmiyya.Bayrut-2003. 2-juz B. 86.

أخرجه الدارقطنى (2/86) . وأخرجه أيضًا : ابن حبان فى الضعفاء (1/137 ترجمة 60 إسحاق بن أبى يحيى الكعبى)

 وقال : ليس لهذا الحديث أصل من حديث رسول الله  - صلى الله عليه وسلم -

[4] vvv.muxlis.uz saytidan

[5] Muhammad Ali as-Sobuniy. Rovai’ al-bayon fi tafsiri oyat al-ahkom min al-qur’on.Al-maktabat ul-asriyya Bayrut-Livan-2011. B. 585.

[6] Muhammad ibn Abdulloh al-Xotib at-Tabriziy.Mishkatul masobih. Livan-Bayrut -1985.J.1. B. 496.

Ahmad ibn Hanbal. Musnad al-Imom Ahmad ibn Hanbal.Bayrut-Livan.:Muassasa ar-risola-1999.7-juz. B. 375. Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ad-Dorimiy.Sunan ad-Dorimiy Bayrut Livan 1987.1-juz. B. 454.

Abu Bakr Ahmad ibn Husayn ibn Ali al-Bayhaqiy.As-sunan ul-kubro.Bayrut-Livan 1998. 2-juz. B54.

[7] Ahmad ibn Shuayb an-Nasoiy. “Sunan an-Nasoiy”. Bayrut-Livan.:Dor al-ma’rifa-2007.1-juz. B.348

Muhammad ibn Yazid Qazviniy. Sunan Ibn Mojja. Bayrut-Livan.: Dor al-fikr-1998.1-juz. B.426.

Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ad-Dorimiy. Sunan ad-Dorimiy Bayrut Livan 1987. 2-juz B.4751-juz. B.548.

Abu Bakr Ahmad ibn Husayn ibn Ali al-Bayhaqiy.As-sunan ul-kubro. Bayrut-Livan 1998. 2-juz. B. 53.

[8] Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ad-Dorimiy. Sunan ad-Dorimiy Bayrut Livan 1987. 2-juz B.475.

Abu Bakr Ahmad ibn Husayn ibn Ali al-Bayhaqiy.Shuab al-iymon. Riyoz.: Maktaba  ar-Rushd-2003.  2-juz. B.386.

Muhammad ibn Abdulloh al-Xotib at-Tabriziy. Mishkatul masobih Livan-Bayrut -1985. 1-juz  B.499.

أخرجه الدارمي: حديث/ 3501، 2/565، والبيهقي في شعب الإيمان

[9] www.quron.uz/qiroat/qiroat-ilmi/1279-maqola

[10] Abu Dovud Sulaymon ibn Ash’as as-Sijistoniy al-Azdiy. “Sunani Abu Dovud”. Bayrut-Livan. Dor al-ma’rifa-2001.1-juz. B. 480. Abu Bakr Ahmad ibn Husayn ibn Ali al-Bayhaqiy.As-sunan ul-kubro. Bayrut-Livan 1998.2-juz. B.54.

[11] www.quron.uz/qiroat/qiroat-ilmi/1279-maqola

[12] Sahih Muslim  5024-hadis.

[13] Sahih Muslim 2120-hadis.

Muhammad ibn Abdulloh al-Xotib at-Tabriziy. Mishkatul masobih Livan Bayrut -1985. 1-juz B.495.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Qur’onda mohir bo‘lgan kishi haqidagi so‘zlari” bobida zikr qilgan.

Hadisning sharhini Ibn Hajar Asqaloniy Fath ul-boriy kitobining 13-juzi 444-445-betlarida keltirgan.

Boshqa manbalar: Sahihi Muslim 2-juz B.192. Sunani Abu Dovud 8-kitob, 200-bob. Sunan an-Nasoiy 11-kitob83-bob. Sunan ad-Dorimiy 2-kitob171-bob.

[14] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy.Al-Jome as-sahih. Bayrut-Livan.: Dor ar-risola al-olamiyya-2011.6-juz. B.195.  Muslim ibn al-Hajjoj al-Qurashiy. Sahihi Muslim. Bayrut-Livan.: Dor al-ilm-1999..1-juz. B.546.

[15] Muhammad Ibn Muhammad ibn Abdurrazzoq. Toj al-urus min javohir al-qudus. Bayrut-2006. 2-juz. B.262.

[16] Muhammad ibn Hibbon ibn Ahmad. Sahihi ibn Hibbon. Bayrut-livan.:Muassasa ar-risola-1993. 16-juz. B. 169. 7197-hadis.

[17] www.quran.uz/qiroat/qiroat-ilmi/1279-maqola

[18] Abu Avona Ya’qub ibn Ibrohim. Musnad Abu Avona. Bayrut-Livab.: Dor al-ma’rifa-1996. 2-juz. B.486. Imoduddin Ismoil ibn Kasir. Fazoilul Qur’on. Bayrut-Livan.: Dor al-kutub al-ilmiyya-1990. B. 162.3166-hadis.

[19] Imom, hofiz Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqiloniy. Fath al-Boriy bi-sharh sahih al-Buxoriy.

Dor al-hadis. Qohira 2004. 20-juz. B.145.

[20] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy.Al-Jome as-sahih. Bayrut-Livan.:Dor ar-risola al-olamiyya-2011. 6-juz. B. 135.

[21] Ismoil ibn Mustafo Istanbuliy Tafsir ruh al-bayon.Dor ihyo at-tiros al-arabiy.  J.1.  B.257.

[22] Muhammad Ali as-Sobuniy. Rovai’ al-bayon tafsiru oyat al-ahkom min al-qur’on.Al-maktabat ul-asriyya. Bayrut-Livan.: 2011. B. 585.

[23] Imoduddin Ismoil ibn Kasir. Fazoilul Qur'on.Bayrut-Livan.: Dor al-kutub al-ilmiyya-1990. B.114.

[24] Muhammad Ali as-Sobuniy. Rovai’ al-bayon fi tafsiru oyat al-ahkom min al-qur’on. Al-maktabat ul-asriyya. Bayrut-Livan.: 2011. B. 586

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Gunohi kabira qilganning imoni

17.09.2026   2604   16 min.
Gunohi kabira qilganning imoni

Musulmon kishi katta-yu kichik gunohlar qilishdan xoli emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”, deganlar. Odam hayoti davomida har turli gunoh qilib qo‘yishi mumkin. Shunda tezda tavba qilib, chin dildan Allohga yolvorsa, gunohi kechiriladi.


Hozirgi kunda eng dolzarb bo‘lgan muammolardan biri shuki, ayrim toifalar gunoh qilgan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarib, uning qoni, joni va moli(ga tajovuz)ni halol sanamoqda. Hatto davlatlarni kufrda ayblamoqda. Achinarlisi shundaki, bundaylar orasida “jihod” shiori ostida o‘zga yurtlarga ketib, mamlakatimiz musulmonlarini kufrda ayblayotgan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday toifalar bugun chiqib qolgani yo‘q. Tarixda musulmonlar orasiga tafriqa (bo‘linish) solib, ularni kofirlikda ayblagan toifalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, xavorijlar shulardan biri hisoblanadi. Ular Ali roziyallohu anhuning qo‘shinidan ajrab chiqib, shunday nom olgan. Bu toifa gunohi kabira qilgan musulmonni kofirlikda, murtadlikda ayblaydi. Hozirgi buzg‘unchilar aynan o‘sha xavorijlarning davomchilaridir.


Quyida gunohi kabira qilgan kishining hukmi haqida ahli sunna val jamoaning e’tiqodi qanday ekani va adashgan toifalarga bergan raddiyalari borasida so‘z yuritiladi.


Gunohi kabirani halol sanamay, undan qaytargan Zotga bepisand bo‘lmay, uni qasddan qilgan kishi qalbida tasdiq borligi uchun imondan chiqmaydi. Imondan faqatgina unga kirgan tomondan chiqadi. Gunohkor kishi tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Alloh taoloning xohish-irodasida bo‘ladi. Xohlasa, uni kechiradi va fazli, karami yoki undagi imon va toatlarning barakasi sababli yoki ba’zi axyorlarning (do‘st-birodar) shafoati sababli jannatga kiritadi. Xohlasa, kichik yo katta bo‘lsin, gunohi miqdoricha azoblaydi. So‘ngra baribir oxir-oqibati jannat bo‘ladi, do‘zaxda abadiy qolmaydi.


Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men kichik va katta gunoh egalari uchun umidda bo‘laman va ikkisidan ham xavfsirayman. Kichik gunoh egasiga umid borligini, katta gunoh egasiga esa xavf borligini aytaman”[1], der edi.


Gunohi kabira egasi la’natlanmaydi. Chunki imoni u bilan birga bo‘lib, u kamaymagandir. Kim gunohi kabira uchun tavba qilsa, boshqa katta gunohdan qat’iy tiyilishi bilan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. U tavba sababli iqob qilinmaydi (azoblanmaydi). Shuningdek, gunohi kabira uchun tavba qilishi bilan gunohi sag‘iralarning (kichik gunohlar) tavbasidan behojat bo‘lmaydi. U gunohi sag‘ira uchun ham tavba qilishi kerak. Ahli sunna nazdida gunohi sag‘iralar sababli iqob qilinishi joiz sanaladi.


Shu o‘rinda xavorij, mo‘tazila, murji’a kabi adashgan firqalarning da’volari va ularga ahli sunnaning javoblari qanday ekaniga to‘xtalsak. Bu hozirgi buzg‘unchilarga ham tegishli bo‘ladi. Chunki ularning ildizlari aynan xavorij va mo‘tazila kabi firqalarga borib taqaladi.


Xavorijlar: “Kim kichik yoki katta gunoh bilan isyon qilsa, u kofirdir. U do‘zaxda abadiy qoladi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[2], degan. Gunohlarning barchasi isyonga borib taqaladi. Alloh taolo: ﴿وَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ “Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing”[3], degan. Do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgach, gunoh sababli vaid qilingan (azob va’dasi berilgan) har bir kishi kofirdir. Bu ikki oyatning jamlanishidan osiyning kofir ekani, uning hukmi esa do‘zaxda abadiy qolish ekani sobit bo‘ldi”, degan.


Bu da’vo noto‘g‘ri. Chunki oyatlar gunohkor kishining kofir emasligiga dalolat bo‘ladi. Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[4] deydi. Ya’ni, U Zot qasddan odam o‘ldirganning gunohi kabira qilganini bila turib, uni “mo‘min” deb atadi. Oyatning davomida ﴿فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ “Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa”[5] deb, o‘ldirgan va o‘ldirilgan kishilar o‘zaro birodar ekanini zikr qilyapti. Birodarlik esa, “Albatta, mo‘minlar birodardirlar”[6] kalomiga ko‘ra, imonga oid hodisadir. Demak, bir jonni qasddan o‘ldirgan kishi gunohkor bo‘ladi, lekin kofir bo‘lmaydi.


Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا “Agar mo‘minlardan ikki toifa urishsa”[7], degan. Oyatda ikki toifadan biri bog‘iy (isyonkor) bo‘la turib, ikkisi uchun ham “mo‘min” so‘zi qo‘llangan. Bog‘iylik esa islomda og‘ir gunoh sanaladi. Demak, u gunohkor bo‘ladi, lekin imondan chiqmaydi.


Xavorijlar dalil sifatida keltirgan ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[8] oyati kofirlar haqidadir. Chunki U Zot: “Uning chegaralaridan oshib o‘tsa”, deyapti. “Chegaralar” so‘zi ko‘plikda kelgan. Mo‘min Allohning barcha chegaralaridan oshib o‘tmaydi. Isyon esa inkor qilish yoki takzib (yolg‘onga chiqarish) jihatdan emas, fe’l jihatdan amrga qarama-qarshi bo‘lishdir. O‘z-o‘zidan ayonki, buni “takzib” yo “inkor” deb bo‘lmaydi. Chunki unda tasdiq bor. Modomiki shunday ekan, u zaruratan mo‘min hisoblanadi.


Mo‘tazila firqasi: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, mo‘min ham, kofir ham emas. U o‘sha gunohi sababli imondan chiqadi, lekin kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida bo‘ladi. Hukmi shuki, tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَأَمَّا الَّذِينَ فَسَقُوا فَمَأْوَاهُمُ النَّارُ “Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari do‘zaxdir”[9] va ﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا “Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[10], deydi”, degan.


“Fisq” lug‘atda chiqmoqdir. Kim Allohning amrlaridan biriga bo‘ysunishdan chiqsa, u fosiq bo‘ladi.


Mo‘taziliylar keltirgan oyatda mutlaq fosiq nazarda tutilgan. U bunday davom etadi: ﴿وَقِيلَ لَهُمْ ذُوقُوا عَذَابَ النَّارِ الَّذِي كُنْتُمْ بِهِ تُكَذِّبُونَ “U (fosiq)larga: “O‘zingiz yolg‘onga chiqargan do‘zaxning azobini toting” deyilur”[11]. Kim do‘zaxni yolg‘onga chiqarsa, kofir hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda: ﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا لَا يَسْتَوُونَ “Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘lurmi?! Teng bo‘lmaslar”[12] deb, mutlaq fosiqni mo‘min bilan taqqoslagan. Mutlaq fosiq kofirdir. Mo‘min kishi mutlaq fosiq emas, balki ma’siyat (gunoh) qilgani sababli fosiq bo‘ladi, lekin imoni va toatlari sababli itoat qiluvchi hisoblanadi.


Qasddan odam o‘ldirgan kishiga nassda (aniq, ochiq hujjatlar – oyat va hadislarda) kelgan do‘zaxda abadiy qolish jazosi – o‘sha ishini halol sanab qilgani uchundir. O‘sha ishni halol sanash kofirlik bo‘ladi. Ammo kim bu ishni halol sanamay qilsa, uning hukmi Alloh taoloning ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[13] degan so‘zlariga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, o‘ldirgan kishi bu ishni halol sanamay qilgani uchun kofir sanalmaydi. U gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Abadiy do‘zaxda qolmaydi. Undan qasos olinadi. Oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o‘ldirish shart emas, balki o‘ldirilganning yaqinlari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun olsa ham bo‘ladi. Bunda xunni yaxshilik bilan so‘rash lozim, aybdor tomon ham yaxshilik bilan ado etishi zarur.


Yuqorida mo‘tazilalarning “Gunohi kabira qilgan kishi tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi” degan so‘zlari ham keltirildi. Bu da’vo ham mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Alloh taolo: ﴿وَإِنَّ رَبَّكَ لَذُو مَغْفِرَةٍ لِلنَّاسِ عَلَى ظُلْمِهِمْ “Albatta, Rabbingiz odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun mag‘firatlidir”[14], degan. Bu tavbadan oldin ham mag‘firatning joizligiga dalil bo‘ladi. Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechiradi”[15], degan. Oyatda zikr qilingan mag‘firat mashi’atga (Allohning xohish-irodasiga) bog‘langan, tavbaga emas. Shirkdan boshqa gunohni kechirish tavbaga bog‘langanda, shirk va undan boshqa gunoh orasida farq qolmasdi. U Zot xohlagan bandasining shirkdan boshqa gunohini O‘z fazli bilan kechirib yuborishi mumkin. Chunki ﴿وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ “Undan (ya’ni shirkdan) boshqa gunohni kechiradi” degan so‘zlari shirkdan boshqa gunohni tavbasiz ham kechirishini ifodalaydi.


Alloh taolo afvli va mag‘firatli Zotdir. Afv va mag‘firat azoblash joiz bo‘lgan narsaga tatbiq etiladi. Azoblash joiz bo‘lmagan narsada azoblashni tark qilish afv va mag‘firat emas.


Murji’alar: “Kufr bilan birga toat foyda bermagani kabi imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi. Musulmon kishi gunohi kabiralardan birortasi sababli iqob qilinmaydi. Alloh taolo: ﴿إِنَّا قَدْ أُوحِيَ إِلَيْنَا أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى “Albatta, bizga vahiy qilindiki, “Yolg‘onga chiqarganlarga va yuz o‘girib ketganlarga, shubhasiz, azob bo‘lur”[16], degan. Bu “kim Alloh taoloni yolg‘onga chiqarmasa, Uning dinidan yuz o‘girmasa, u azoblanmaydi”, degan gap”, deydi.


Ularning da’vosi noto‘g‘ri ekani ko‘rinib turibdi. Inson zarracha gunohi uchun ham javob berishi oyatlarda aniq bayon etilgan (masalan, Zalzala surasining oxirgi oyati). Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ “Ey imon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilingiz! Shoyad Rabbingiz gunohlaringizni yuvsa”[17] va ﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا “Allohga barchangiz tavba qilingiz”[18], deb buyurgan. Gunohi bo‘lmagan kishiga tavbani buyurib bo‘lmaydi. Gunoh inson uchun zarar bo‘lmaganda, tavbaga amr qilishda mantiq qolmasdi.


Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqmaydi. U gunohkor mo‘min bo‘ladi. Chin dildan tavba qilsa, Alloh taolo kechiradi. Tavba qilmasdan vafot etsa, keyingi taqdiri Alloh taoloning izmida bo‘ladi. Xohlasa, fazl-marhamati bilan kechiradi. Xohlasa, adolati bilan gunohiga yarasha azoblaydi. U oxir-oqibat jannatga kiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim “La ilaha illalloh” desa, jannatga kiradi”, deganlar.


Ko‘plab oyatlarda solih amallar qilgan kishi jannatga kirishi aytilgan. Xususan, Alloh taolo: ﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا خَالِدِينَ فِيهَا “Albatta, imon keltirgan va solih amallar qilganlarga Firdavs jannati manzil bo‘lgandir. Unda abadiy qolurlar”[19] deb marhamat qilgan. Gunohi kabira egasi esa mo‘mindir. U solih amallar qilgan. U va’da qilingan jannatga kirishga haqli hisoblanadi.


Aql yuritadigan bo‘lsak, banda toatlarning eng afzali va yaxshiliklarning oliy darajasi bo‘lgan imonni keltirdi. U qilgan yomonlik inkorning oliy darajasi bo‘lmish kufrga yetib bormadi. U do‘zaxda abadiy qolganda va eng afzal yaxshiligi bo‘lgan imonning savobini va yomonlikning yuqori darajasidan past bo‘lgan gunohi kabirani qilishi bilan o‘zi keltirgan solih amallarining savobini botil qilganda, albatta, yomonliklarning iqobi ko‘paytirilgan va yaxshiliklarning savobi kamaytirilgan bo‘lardi. Bu esa yaxshilikka o‘n barobar (undan ham ortiq) mukofot va yomonlikka o‘z mislicha jazo berish haqidagi ilohiy va’daga xilof kelardi. Vaholanki, Alloh taolo va’daga xilof qilmaydi.


Ravshan ELMURODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi

 

 


[1] Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla fiy usulid din. – J.1. – Qohira: Al-maktabatul Azhariyya lit turos, 2011. – B.1037.

[2] Niso surasi, 14-oyat.

[3] Oli Imron surasi, 131-oyat.

[4] Baqara surasi, 178-oyat.

[5] Baqara surasi, 178-oyat.

[6] Hujurot surasi, 10-oyat.

[7] Hujurot surasi, 9-oyat.

[8] Niso surasi, 14-oyat.

[9] Sajda surasi, 20-oyat.

[10] Niso surasi, 93-oyat.

[11] Sajda surasi, 20-oyat.

[12] Sajda surasi, 18-oyat.

[13] Baqara surasi, 178-oyat.

[14] Ra’d surasi, 6-oyat.

[15] Niso surasi, 48, 116-oyatlar.

[16] Toha surasi, 48-oyat.

[17] Tahrim surasi, 8-oyat.

[18] Nur surasi, 31-oyat.

[19] Kahf surasi, 107-108-oyatlar.

Ibratli hikoyalar