Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2026   |   8 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:38
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2026, 8 Safar, 1448

Hakim at-Termiziy rivoyat qilgan hadislardan

07.02.2017   35986   5 min.
Hakim at-Termiziy rivoyat qilgan hadislardan

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasulullohsollallohu alayhi va sallam: “Albatta Allohning odamlarni farosat orqali biladigan (yoki taniydigan) bandalari bordir (Hakim Termiziy rivoyati).

*   *   *

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda: Albatta rizq eshigi yetti osmonning ustidan ochiqdir. U Arshgacha yetib borgan. O‘sha eshik tunu kun yopilmaydi. Alloh har bir bandaga niyati, sarf(-harajat)i, sadaqa va infoq qilishiga qarab o‘sha rizqdan (Yerga) tushiradi. Bas, kim (sadaqani) ko‘paytirsa, unga ham (rizqi) ko‘paytiriladi. Kim kamaytirsa, unga ham kamaytiriladi. Kim (bermasdan, baxillik qilib) ushlab qolsa, undan ham (baraka va keng rizq) ushlab qolinadi, deyilgan (Hakim Termiziy rivoyati).

*   *   *

  Ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Qachon Allohning “Allohga qarzi hasana beradigan kishi bormi?” oyati nozil bo‘lganida, Abu Dahdoh al-Ansoriy: “Ey Rasululloh, Alloh bizdan qarz so‘rayaptimi?” dedi. U zot: “Ha, ey Abu Dahdoh”, dedilar. U: “Menga qo‘lingizni bering, ey Rasululloh”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga qo‘llarini bergan edilar, u: “Men ushbu bog‘imni Rabbimga qarz qilib berdim. Unda olti yuzta xurmo daraxti bordir”, dedi. O‘sha paytda (uning ayoli) Ummu Dahdoh va oila a’zolari bog‘da edilar. Abu Dahdoh kelib: “Ey Ummu Dahdoh”, deb chaqirgan edi, ayoli: “Labbay”, deb javob berdi. “Bog‘dan chiq. Men uni Rabbim azza va jallaga qarz qilib berdim”, dedi Abu Dahdoh(Hakim Termiziy rivoyati).

*   *   *

 Al-Hakim at-Termiziy “al-Amsal minal Kitab vas Sunna” asarida quyidagi hadisni keltiradi: «Mujohid (rahmatullohi alayh) dedi: “Ibn Umarga Makkadan Madinaga qadar hamrohlik qilib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan faqat shu hadisnigina rivoyat qilganini eshitdim: “Mo‘minning misoli asalari kabidir. Agar u bilan hamnishin bo‘lsang, nafi tegadi, u bilan sherik bo‘lsang, nafi tegadi, maslahat olsang, nafi tegadi, hamroh bo‘lsang, nafi tegadi. Uning har bir narsasidan manfaat yetadi. Asalari ham shunday, uning har narsasi foydali”» (Hakim Termiziy rivoyati).

*   *   *

Alloh taolo shunday deb buyurmish:
"Ey Muso! Sen Meni ko‘rmassan, zero, Meni ko‘rgan darhol o‘ladi. Jonsiz narsalar ko‘rsa yemiriladi, yashnab turgan narsa ko‘rsa xazon bo‘ladi. Meni faqat ko‘zlari o‘limni bilmaydigan, jasadlari chirimaydigan jannat ahli ko‘rgay".
(Hakim Termiziy Ibn Abbos raziyallohu anhu hazratlaridan rivoyat etgan).

*   *   *

"Qullarimdan birining tanini, molini va yoki bolasini bir musibatga solganimda u qulim buni yaxshi bir sabr ila qarshilasa, qiyomat kunida u kimsa uchun tarozu qurmoqdan yoxud nomai a’mol ochmoqdan uyalgayman".
(Hakim Termiziy Anas raziyallohu anhudan rivoyat etganlar).

*   *   *

Muso alayhissalom janobi Haqqa xitoban:
Yo Rabbiy! Men qullaringdan kimni sevishingni bilmoq va men ham uni sevmoqni istayman,— dedi. Janobi Haq;
Meni ko‘p zikr etgan qulimni ko‘rganing zamon bilki, Men uni sevgayman. Meni zikr etmaganlarni ko‘rganingda esa anglaki, Men ularni xush ko‘rmagayman, -  dedi.
(Hakim Termiziy Hasan Basriydan rivoyat etganlar, hadis hasan, mursaldir).

*   *   *

Anas raziyallohu anhuning Rasuli Akramdan qilgan rivoyatiga ko‘ra Alloh taolo:
"Qo‘llarini Menga cho‘zib duo qilgan qulimning qo‘llarini bo‘sh qaytarmakdan hayo qilgayman",— dedi. Malaklar:
Ey, bizning Rabbimiz! U yarlaqamoqqa loyiq emasdir,-— dedilar. Alloh taolo:
Lekin Men taqvoga (jazo va azobimdan qo‘rqishlariga, iymon va ibodat keltirishlariga) ham, mag‘firatga ham loyiqman. Sizni shohid qilamanki, Men uni mag‘firat etdim!— degan javobini berdi.
(Hakim Termiziy) "Navodirul-usul"da rivoyat etgan).

*   *   *

Muoz ibn Jabaldan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v) dedilar: “Eng yaxshi kasb tijoratchilarning kasbi bo‘lib, ular yolg‘on gapirmaydi, omonatga xiyonat qilishmaydi, va’daga vafo etishadi, sotib olsalar yomonlashmaydi, sotsalar qimmatga sotishmaydi, birovning haqini berishni cho‘zishmaydi, o‘zlarining haqlarini olishda qiyinlashtirishmaydilar” (Imom Hakim at-Termiziy rivoyati).

*   *   *

Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Ulug‘lik, ulug‘vorlik, faxr menikidir. Taqdir mening sirimdir. Kim men bilan shularning birida tortishsa, uni do‘zaxga uloqtiraman (Hakim Termiziy rivoyati).

 

  Sayyid Muhyiddin maxdum madrasasi

 

 

 

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

MAGISTRLARGA MAQTOV YORLIG‘I VA ZAMONAVIY PLANSHЕTLAR TOPSHIRILDI

22.07.2026   1742   1 min.
MAGISTRLARGA MAQTOV YORLIG‘I VA ZAMONAVIY PLANSHЕTLAR TOPSHIRILDI

Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, magistratura bosqichini tamomlayotgan yosh mutaxassislar yuqori ilmiy salohiyat, mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, bugungi kunda ularga nafaqat diniy sohada, balki davlat va jamoat tashkilotlarida ham ehtiyoj mavjud.

Shuningdek, diniy ta’lim yo‘nalishida berilgan diplomlarning davlat ta’lim tizimida to‘liq tan olinayotgani, bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani hamda sohada uzluksiz ta’lim tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Tadbirda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritish oddiy kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilikni talab etadigan sharafli xizmat ekani ta’kidlandi. Ilm ahli zimmasida xalq ma’naviyatini yuksaltirish, ma’rifatni keng yoyish va jamiyatda ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdek ulug‘ vazifalar mujassam ekaniga urg‘u berildi.

Tadbir doirasida ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ilk 10 nafar magistr Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Maqtov yorlig‘i hamda zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi.

Ushbu e’tirof yosh mutaxassislarning ilm-fan yo‘lidagi izlanishlarini yanada rivojlantirish, ularning yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviy yuksalishi va farovonligi yo‘lidagi faoliyatiga munosib turtki bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari