Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

10.02.2017 y. Islomda meros masalasi

06.02.2017   10436   13 min.
10.02.2017 y. Islomda meros masalasi

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

Muhtaram jamoat! Keyingi vaqtlarda xalqimiz orasida merosni bo‘lish va olishga doir masalalarda ayrim tushunmovchiliklar sodir bo‘lmoqda. Natijada merosxo‘rlar o‘rtasida, aka-uka, opa-singil va qavm-qarindoshlar o‘rtasida turli oilaviy nizolar kelib chiqishi kuzatilmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meros ilmini o‘rganishga targ‘ib qilib shunday deganlar:

عن أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قالَ: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم " يا أبا هريرة! تعلموا الفرائض وعلموها فإنه نصف العلم، وهو ينسى، وهو أول شئ ينزع من أمتى".

رَوَاهُ ابْنُ ماجة، و أخرجه الحاكم في المستدرك

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey Abu Hurayra!, merosni o‘rganinglar va o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U unutiladi va ummatimdan eng avval ko‘tariladigan narsa ham shudir”, dedilar”. (Ibn Moja va Hokimlar rivoyat qilishgan).

Yana bir hadisda esa shunday deyilgan:

عن أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قالَ: قالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "تَعَلّمُوا الفَرَائِضَ والقُرْآنَ وَعَلّمُوا النّاسَ فَإِنّي مَقْبُوضٌ". رواه الترمذي

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faroizni (ya’ni, meros ilmini) va Qur’onni o‘rganinglar va odamlarga ham o‘rgatinglar. Chunki men qabz qilinuvchiman”, dedilar.(Imom Termiziy rivoyat qilgan)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida bu ilmni o‘rganishni Qur’oni karimni o‘rganish bilan yonma-yon keltirishlari bejizga emas. Chunki bu ilm halol va haromga, birovning haqqiga aloqador bo‘lgan ilmdir. Agar mayyitdan qolgan mol-dunyo to‘g‘ri taqsim qilinmasa, kimdir boshqaning mol-mulkini nohaqdan yeyish hisoblanadi.

Shuning uchun bugungi juma suhbatimizda mazkur masalani biroz muxtasarroq qilgan holda e’tiboringizga havola qilamiz.

Islom dinida oilaning jamiyatdagi o‘rniga yuqori baho berilib keladi. Qur’on oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida oila a’zolarining o‘zaro muomalalari bilan birga moliyaviy munosabatlar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Albatta o‘lim haqdir. Dunyoda jon egasi borki, o‘lim sharbatini totguvchidir. Qur’oni karimda:

كُلُّ نَفْسٍ ذَآئِقَةُ الْمَوْتِ

Ya’ni, “Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totguvchidir” (Oli Imron surasi, 185-oyat) deyilgan.

Oyat va hadislardagi ko‘rsatmalar merosxo‘r bo‘lib qolgan qarindosh-urug‘larning hayotlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Farzandlar, tug‘ishgan aka-uka, opa-singil va boshqa voris qarindoshlar o‘rtasida totuvlik, mehr-oqibat davomli bo‘lishi uchun vafot etgan kishidan qolgan merosning adolat bilan taqsimlanishi muhim ahamiyatga egadir.

Muhtaram jamoat! Albatta, meros adolatli taqsimlanishi uchun bandalar Qur’on oyatlari, hadisi shariflardagi hukmlar va islom ulamolarining chiqargan fatvolarini asos qilib olishsa va ushbu hukmlarga rozi bo‘lib amal qilishsa, ularning hayotlari farovon bo‘lishiga shak-shubha yo‘qdir. Merosning shariat ko‘rsatmasiga binoan taqsimlanishining farzligi Qur’on karimdagi meros oyatining oxirida qayd qilingan:

فَرِيضَةً مِّنَ اللّهِ

Ya’ni, “(Shuning uchun meros taqsimi) Allohning (o‘zi) tomonidan (belgilandi va) farz qilib qo‘yildi” (Niso surasi, 11-oyat).

Alloh taolo o‘zining belgilab qo‘ygan shariat qonunlari asosida meros taqsimotiga rozi bo‘lganlarga ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarni va’da qilgan:

تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ وَمَن يُطِعِ اللّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ

Ya’ni, “Ana shular Allohning hudud (chegara)laridir. Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoat etsa, uni ostida anhorlar oqib turadigan bog‘larga (jannatga) kiritur. (Ular) u yerda abadiy (bo‘lurlar). Bu ulkan yutuqdir!” (Niso;13).

Shariatda har bir merosxo‘rga marhumning qoldirgan mol-mulklaridan muayyan hissa ajratar ekan, ayol-qizlarga ham munosib ulush ajratilgan. Albatta islomdan avval johiliyat davrida ayol-qizlarga merosdan ulush ajratilgan emas, ular doim o‘z ota-onalari va aka-ukalari merosidan mahrum qilinganlar. Alloh taolo esa ularga ulush ajratilishi farz amallardan biri ekanini Qur’oni karimda bayon qilib berdi:

وَلِلنِّسَاء نَصِيبٌ مِّمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالأَقْرَبُونَ مِمَّا قَلَّ مِنْهُ أَوْ كَثُرَ نَصِيباً مَّفْرُوضاً

Ya’ni, “Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko‘pmi, farz qilingan ulushdir” (Niso;7).

 Biroq, shariatda “bitta erkakka ikki ayolning hissasi” miqdori belgilangan. Bu ushbu:

لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الأُنثَيَيْنِ

Ya’ni, “bir o‘g‘il uchun ikki qiz ulushi” oyati bilan bayon qilindi. Bu narsa Qur’oni karimda bir necha marta eslatilgan. Qiz farzandlarning yarim ulush olishlari tashqaridan qaraganda adolatsizdek tuyulsa-da, lekin, barcha nafaqalar erkaklarning zimmasida ekanligi, ayol kishi shar’an barcha nafaqalardan ozod qilinganini e’tiborga olsak, bu naqadar hikmatli taqsim ekani ma’lum bo‘ladi. Zotan Qur’oni karimda:

وَلَيْسَ الذَّكَرُ كَالأُنثَى

Ya’ni, “Erkak ayol kabi emas!” (Oli Imron;36), deyilgan.

Erkaklar hamma vaqt mas’uliyatni o‘z bo‘yinlariga olishga majburdirlar: ota-onalariga qaraydilar, oilasini tebratadilar, ayollarini va qizlarini boqadilar, opa-singillarining ahvollaridan xabardor bo‘lib turadilar.

Muhtarama azizlar! Ming afsuski, asrlar davomida buyuk qadriyat bo‘lib kelayotgan ana shu an’ana bugunga kelib buzila boshladi. Natijada aka-ukalar va opa-singillar ota-ona vafotidan so‘ng meros talashib elu yurtga kulgi bo‘la boshladilar, o‘tkinchi dunyoda ana shu hech kimga vafo qilmagan yolg‘on dunyoni deb urush-janjallar girdobida qolayotganlarni, bir-birlari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketganlarni eshitib qolmoqdamiz. Buning oqibatida dinimizda farz bo‘lgan silai-rahm uzilib ketyapti. Silai rahmni uzilishiga ham meros ilmini bilmaslik va unga amal qilmaslik sabab bo‘lmoqda. Silai rahmni uzilishiga katta vaiyd va’da qilingan:

Ali  ibn Husayn rahmatullohi alayh o‘g‘liga nasihat qilib: Hech qachon qarindoshlik rishtalarini uzma! Men Qur’oni karimning uch joyida qarindoshlik rishtalarini uzgan kimsaning la’natlanganini ko‘rdim deb, quyidagi oyatlarni o‘qidilar:

الَّذِينَ يَنْقُضُونَ عَهْدَ اللَّهِ مِنْ بَعْدِ مِيثَاقِهِ وَيَقْطَعُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيُفْسِدُونَ فِي الْأَرْضِ أُولَئِكَ هُمُ الْخَاسِرُونَ (سُورَةُ الْبَقَرَةِ:27

, Ular Allohning ahdini bog‘langandan so‘ng buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan, yer yuzida fasod qiladigan zotlardir. Ana o‘shalar yutqazuvchilardir. (Baqara surasi, 27-oyat)

وَالَّذِينَ يَنْقُضُونَ عَهْدَ اللَّهِ مِنْ بَعْدِ مِيثَاقِهِ وَيَقْطَعُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيُفْسِدُونَ فِي الْأَرْضِ أُولَئِكَ لَهُمُ اللَّعْنَةُ وَلَهُمْ سُوءُ الدَّارِ (سُورَةُ الرَّعْدِ:25

Ya’ni, Alloh bilan ahd bog‘laganlaridan keyin uni buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) la’nat bo‘lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir. (Ra’d surasi, 25-oyat)

فَهَلْ عَسَيْتُمْ إِنْ تَوَلَّيْتُمْ أَنْ تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ وَتُقَطِّعُوا أَرْحَامَكُمْ * أُولَئِكَ الَّذِينَ لَعَنَهُمُ اللَّهُ فَأَصَمَّهُمْ وَأَعْمَى أَبْصَارَهُمْ (سُورَةُ مُحَمَّدٍ:22-23

Ya’ni, Agar (iymondan) bosh tortsangiz, aniqki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz, albatta. Unday kimsalarni Alloh la’natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) «kar», ko‘zlarini «ko‘r» qilib qo‘ygandir. (Muhammad surasi, 22-23-oyatlar)

Bularning barchasi Alloh taolo adolatli belgilab bergan meros taqsimotiga amal qilmaslik va shariatda farz qilingan ko‘rsatmalarga yurmaslik oqibatidandir. Shu o‘rinda bir narsaga e’tiborimizni qaratishimiz lozim bo‘ladi; meros nima va uni qachon va qay yo‘sinda taqsim qilinadi? Shuningdek uning shar’iy haqdorlari aslida kimlardir?

Bugungi kunda ba’zi holatlarda shunga guvoh bo‘lamizki, ota-onalar tirik bo‘la turib, farzandlar o‘zaro meros talashish dardiga mubtalo bo‘lishgan. Bu narsaning ota-onaga nisbatan qanchalik hurmatsizlik va haqorat ekanini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Mol-dunyo ularning ko‘zlarini shunchalik ko‘r qilib qo‘yganki, ular ota-onalari yoki bobo-buvilariga aziyat berishdan ham tap tortmaydigan bo‘lib borishyapti. Lekin ular tez kunda o‘zlari ham shu holatga tushishlaridan go‘yoki bexabardeklar.

Muhtaram jamoat! Shariatimizda kishi vafot etganidan keyin uning qoldirgan mol-dunyosiga to‘rt turlik haq ta’alluq topadi;

Birinchi: Mayyitni kafanlash va dafnga tayyorgalik mayyitning molidan isrof qilinmagan va ziqnalikka yo‘l qo‘yilmagan holda sarflanadi.

Ikkinchi: Kafanlash va dafndan forig‘ bo‘lganidan so‘ng mayyitning qoldirgan molidan uning qarzlari to‘lig‘icha ado qilinadi.

عَنْ أبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قال: قالَ رسولُ الله صلى الله عليه وسلم: نَفْسُ المُؤْمِنِ مُعَلّقَةٌ بِدَيْنِهِ حَتّى يُقْضَى عَنْهُ. )رواه الترمذي

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Mo‘minning joni qarzi sababli (ulug‘ maqomga yetishishdan) to qarzi ado qilingunicha hibs qilib turiladi”. (Imom Termiziy rivoyat qilgan)

Uchinchi: Mayyitning tiriklik chog‘ida qilgan vasiyatlari agar shar’an joiz vasiyatlar bo‘lsa, ular mayyit qoldirgan molning uchdan biridan ado qilinadi. Merosdan ulushi borlarga esa vasiyat qilinmaydi. Chunki ular vasiyat ololmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:

عن أَبِي أُمَامَةَ الْبَاهَلِيّ قالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ الله صلى الله عليه وسلم يقولُ في خُطْبَتِهِ عَامَ حَجّةِ الوَدَاعِ: إِنّ الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى قد أَعْطَى لكُلّ ذِي حَقّ حَقّهُ فَلاَ وَصِيّةَ لِوَارِثٍ.

 رواه الترمذي

Ya’ni, Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men vidolashuv haji yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xutbalarida: Alloh taboraka va taolo har bir haq egasiga haqini berdi. Meros oluvchiga vasiyat qilish yo‘q”, dyeyotganlarini eshitdim. Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Shuning uchun merosxo‘r faqat Alloh taolo bo‘lib bergan ulushini oladi.

To‘rtinchi: Yuqoridagi sarf xarajatlardan ortib qolgan mayyitning mol-dunyosi Qur’oni karim, sunnat va ummat ijmo’si bilan tayin qilingan merosxo‘rlari o‘rtasida taqsim qilinadi.

Meros masalasi o‘ta muhim masalalardan bo‘lgani uchun Alloh taolo O‘zining kalomida biror ahkomni merosxo‘rlarning hissalarini bayon qilgani kabi batafsil bayon qilmagan. (Niso surasi, 11-12 oyati karima) Balki ko‘p ibodatlarni Qur’oni karimda ijmolan (umumiy) zikr qilib, uning tafsilotini payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga havola qilib qoldirgan.

Bandalarning bir birlari o‘rtasidagi haqlari o‘ta ahamiyatli bo‘lgani uchun Alloh taolo O‘z kalomida har bir haq egasi va uning qancha hissa olishini to‘liq bayon qilib o‘tgan.

Shuning uchun meros taqsim qilinmasdan oldin mayyitning molidan xayri-ehson qilib yubormaslik kerak. Ayniqsa, mayyitning balog‘atga yetmagan farzandlari bo‘lsa, bunga nihoyatda ehtiyot bo‘lish lozimdir. Ba’zan ota yosh olamdan o‘tib, ortidan yetim farzandlar qoldirib ketadi. Undan qolgan mol-mulk uning bolalari to balog‘atga yetgunicha avaylab saqlab turilishi lozim bo‘ladi. Lekin ko‘pincha mayyitning xotini yoki ota-onasi bu mol-mulkni shariat ko‘rsatmasiga nomuvofiq sarflab yuborishadi. Alloh taolo bunday ogohlantirib shunday degan:

إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا

(سورة النساء:10)

Ya’ni, Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar.

Agar biz barchamiz bu nozik masalada ham muqaddas dinimizning ko‘rsatmalariga amal qilsak, nafaqat o‘zimizga, balki jamiyatga hamda o‘tganlarimizga ham foyda keltirgan bo‘lamiz. Alloh  taolo barchalarimizni O‘zining to‘g‘ri yo‘liga boshlasin, marxum va marxumalarimizni mag‘firat etsin! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   8614   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari