Missionerlik haqida so‘z yuritar ekanmiz avvalo unga berilgan ta’riflar haqida gapirmasdan ilojimiz yo‘q. Quyida missionerlikka nisbatan berilgan bir necha ta’riflarni berib o‘tishga xarakat qilamiz:
Missionerlik - biror dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilish. Buddizmda miloddan avvalgi 3-asrdan boshlab yoyilgan, Xristianlikda missionerlik 4-asrdan paydo bo‘lgan. XIII-XVI asrlarda xristian missionerligi Xindiston, Xitoy, Yaponiyaga kirib bordi. Katolik cherkovi missionerlik Ispaniya va Portugaliya mustamlaka imperiyalari tashkil topgach (XV-XVIasrlar), o‘z faoliyatini kuchaytirdi. Missionerlik Yangi yerlarni zabt etishda mustamlakachilarga yordam berdi. Katolik missionerlariga rahbarlik qilish uchun papa Grigoriy XV 1662 yilda Diniy targ‘ibot kongregatsiyasini ta’sis etdi. Missionerlik 19-asrning uchinchi choragida, imperialistik davlatlar dunyoni bo‘lib olish uchun kurash olib borgan davrda ayniqsa aktivlashdi. Xristian missionerlari Afrikada o‘z faoliyatlarini kuchaytirdilar. Missionerlik muassasalari yirik kapital va yerlarni tasarruflariga olib, o‘z mamlakatlari siyosatini o‘tkazishga katta yordam beradilar. Hozir xam missionerlar imperialistik doiralar manfaatini ko‘zlab ish olib bormokdalar.
Keng ma’noda missionerlik (lot. yuborish, topshirish) biror dinni o‘z yurtidagi yoki o‘zga yurtlardagi g‘ayridinlar o‘rtasida tarqatish sohasidagi cherkov tashkilotlarining faoliyati hisoblanadi. Missionerlik bosqinchilik urushlari davrida mustamlakachi imperiyalarni barpo etish va mustahkamlashda ideologik ekspansiya turlaridan bo‘lgan. Missionerlar oshkora yoki maxfiy ravishda Amerika, Osiyo, Afrika xalkdarini zabt etishda qatnashganlar. Iyezuitlar, fransiskchilar, benediktchilar, dominikochilar va bopshalarning Katolik jamoalari missionerlik bilan shug‘ullanganlar. 1622 yili tashkil topgan Diniy targ‘ibot kongregatsiyasi katolik missionerlariga rahbarlik qilgan. Missionerlar amalda ma’rifat tarqatish, tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarini monopollashtirib olganlar. Ikkinchi jahon urushidan keyin missionerlik yangi mustamlakachilikni targ‘ib qila boshladi. Rim papasi Piy XII ning "Fideyi Donum" (1957), Ioann XXIIIning "Prinseps postorum"(1959), Pavel VI ning "Populorum progressio"(1967) ensikliklari missionerlikka bag‘ishlangan. II Vatikan soborida (1962-65) missionerlik masalalari muxokama qilinib, u haqida dekret tasdiqdangan. Missionerlar Osiyo, Afrika mamlakatlarida katolik cherkovining nufuzini mustaxkamlash maqsadida mahalliy ruhoniy kadrlar tayyorlashga e’tibor bera boshladilar. 1978 yildagi konklavlarda
Afrikadan 12 kardinal, Osiyodan 9 kardinal ishtirok etdi. Qator missionerlik tashkilotlariga ega bo‘lgan protestant cherkovlari ham missionerlik bilan shug‘ullanadi. Protestantlarning (baptizm, adventizm va boshqalar) uyushmalari umumjaxon ruhoniyligi prinsipiga amal qilib, har bir dindordan missionerlik qilishni talab etadi. Xristian dinida missionerlik o‘ta ijobiy tushuncha bo‘lib, eng savobli ishlardan hisoblanadi. Katoliklik va Pravoslavlikda missionerlik ixtiyoriy ish hisoblansa, Protestantlikda bu har bir din vaqilining burchi hisoblanadi.
Xristian missionerligi haqida gapirar ekanmiz, ilk xristian missioneri Pavlusdir. (Dianet. Isnanbul.2002) Chunki missiyaning rivojlanishida Pavlusning hissasi katta. U umumiy Xristian hukmronligida (tarixida) muhim shaxs hisoblanadi. Mashhur Xristian ilohiyotchisi X. Kung: “Pavlus xristianlikning asoschisi. Usiz xristianlikni tasavvur qilib bo‘lmaydi”. deydi. Ularning harakatlari samarasi o‘laroq, 300 yillarga kelib, bu din butun Rim imperiyasi, hatto Shimoliy Afrikaga tarqagan. Missionerlar hatti-harakatlari natijasida xristian dini Rim imperiyasi davlat diniga aylandi va ana shu dinning yanada keng tarqalishida tarixiy ahamiyat kasb etdi. Xristian missionerlari asta-sekin Yevropaning shimoliy hududlariga kirib bora boshladilar, Rim imperiyasining butun ulkan hududida ham xristianlik eski dinlar ustidan g‘alaba qozonib, birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Mashhur missionerlardan Avliyo Patrik 400 yillarda Irlandiyada xristianlikni targ‘ib qilib, xristianlikning bu yerda tarqalishiga katta hissa qo‘shdi. Bunday missionerlar ko‘pincha Rim qo‘shinlari bilan birga sayohat qilib, bosib olingan hududlar xalqlari orasida missionerlik ishlarini olib borishgan. Yevropada xristianlikni tarqatishda ko‘p hissa qo‘shgan eng mashxur missionerlardan quyidagilarning nomlari mashhur: Avliyo Patrik, Avliyo Bonifatse, San Xose, Avliyo Jan de-Brebef va boshqalar.
Missionerlik faoliyati natijasida xristianlik 400-500 yillarda Afrikada mustahkam o‘rnashib olib, o‘z davri uchun ancha qudratli bo‘lgan masihiy qirolliklar paydo bo‘ldi. Ulardan eng mashhuri Habashiston imperiyasi bo‘lib, u katta hududlarni egallab, Arabiston yarim orolining janubini egallab olib, hatto Makka shaxrini xam bosib olmoqchi bo‘lishgan. Abraha voqeasi Islom tarixida juda ham mashhur. Bundan tashqari Abraha voqeasi yana xristian prozelitizmiga ham misol bo‘lishi mumkin. Bu voqea Xristianlik ayniksa Yevropada o‘z mavqeini mustahkamlab olib, Rim imperiyasi qulaganidan so‘ng ham o‘z ta’sirini yo‘qotmadi. Xristian ruhoniylari imperatorlardan yuqori maqomga erishdilar. Missionerlik ko‘p davlatlarda siyosat darajasiga ko‘tarildi. Bu maqsadlar yo‘lida cheksiz urush harakatlari olib borildi. Tarixda “Salib urushlari” nomini olgan yurishlar orqasida ham asosan missionerlik maqsadlarini ko‘zlagan ruhoniylar turganlar. Salib yurishlari 11-13 asrlarda G‘arbiy Yevropa feodallarining Isoning qabri va “Muqaddas Yerni” ozod qilish shiori orqali xristian ruhoniylari butun Yevropa xristianlarini oyoqqa turg‘iza olganlar va xar bir xristian bu yurishlarda qatnashish va juda bo‘lmaganda bir dona musulmonni o‘ldirishni o‘ziga sharaf deb bilganlar. Salib yurishlari 8 marta uyushtirildi. (491-690 x, 1098-1291m) Ammo oxir oqibat bu urush xristianlik tarixiga qora dog‘ bo‘lib tushib, xozirda xristianlarning o‘zlari tomonidan bu sharmandalik deb baxolansada, baribir uning xristianlik tarqalishida foydasi bo‘ldi. Missionerlik bu dinda katta bir fan soxasiga aylandi. Yirik-yirik missioner maktablari va o‘kuv qo‘llanmalari yaratilgan. Missionerlar uchrashi mumkin bo‘lgan xar-xil savollarga birma-bir javoblarni xam ishlab chiqishgan. Bundan tashqari, dinga yangi odamlarni chaqirish uchun har-xil psixologik usullar, ya’ni ta’sir o‘tkazish, tinglovchining xar birining individual xolatiga qarab gapirish, uning yurak torlarini junbushga keltira olish usullari xam mukammal ishlab chiqilgan. Missionerlar o‘z maqsadlari yo‘lida o‘z vaqt va kuchlarini xech ayamaydilar. Har bir inson bilan ular soatlab o‘tirishga, uning dardlarini u xohlaganicha eshitishga tayyorlar. Ular hech qachon biror yangi kishi bilan suxbat boshlaganlarida men xristianman, mening dinimga kir, sening amal qilayotgan dining noto‘g‘ri, sen zalolatdasan, bunaqada do‘zaxga tushasan deyishmaydi. Ular doimo avval salom bilan murojaat etishadi, masalan quyidagi savol bilan: Nima deb uylaysiz, nima uchun xayolimiz muammolaru, tashvishga to‘la? “Nima uchun dunyoda xar-xil kasalligu, balo-ofatlar insoniyat boshiga yog‘ilmoqda? Nima uchun insonlar o‘zlaridan so‘ng qolib ketadigan bir parcha yer uchun qon to‘kmoqdalar? Nima uchun yon qo‘shningiz piyonista bo‘lib ko‘chalarda uxlab yuribdi? Axir Islomda ham aroq xarom shekilik?” Shunday savollarni berar ekan missoner sizdan javob kutadi, siz istaganingizcha kutadi. Mana shu savollar, ularga siz qanday javob berishingiz mumkin kabi barcha masalalar ular tomonidan allaqochon puxta ishlab chiqilgan. Turli asrlarda missoner jamoalar ko‘chib yurib ko‘p tajriba orttirganlari oqibatida, ular javob topib bera olmaydigan savolning o‘zi qolmagan.
1054 yil Xristianlik tarixida muhim voqea sodir bo‘ldi, ya’ni Katolik cherkovi ichidan birinchi zil ketish yuzaga keldi. Natijada Rim papasi tasarrufidan ajralib chiqqan Pravoslavlik oqimi yuzaga keldi. Yangi oqim sifatida endi o‘z izdoshlari sonini kengaytirish maqsadida Pravoslav missonerlari faollashdilar. Katolik ta’siri kuchli bo‘lgan g‘arbiy Yevropada ular o‘z ta’limotlarini o‘tkaza olmasdilar, shuning uchun ular o‘z faoliyatlarini xristianlikni yangi qabul qilgan xalqlar, xususan vizantiyaliklar, slavyanlar, armanlar, gruzinlar va boshqalarga qaratdilar. Pravoslavlar olib borgan missonerlik faoliyati natijasi o‘laroq; slavyanlar ommaviy ravishda cho‘qintirila boshladilar.
Albatta missionerlik tarixida katolik va pravoslavlik oqimlari katta yo‘lni bosib o‘tishdi, ammo bu ikkala oqimda xam missonerlik shaxsning Xudo yo‘lidagi ixtiyoriy bir ishi edi. 16 asrda katoliklikning ichidan yana bir bor zil ketishi, shunday bir yangi oqimning paydo bo‘lishiga olib keldi-ki, u oqim missonerlikni xar bir dindorning vazifasi, majburiyati darajasiga ko‘tardi. Bu oqim Protestantlik oqimi edi.
Protestant missonerligi juda xam murakkab va sertarmoq fenomendir. 16 asrga kelib xristianlar orasida yangicha fikrlaydiganlar ko‘paya boshladi. Katolik cherkovi inkvizitsiyalar, salb yurishlari, indulgensiyalar savdolari oqibatida xalq orasida obrusini yo‘qotib borar edi. Shunday bir vaziyatda, ya’ni 1517 yil 31 oktyabrda Vittenbergda Martin Lyuter nomli mahalliy bir ruhoniy sobor darvozasiga indulgensiyalar savdosini tanqid kilgan tezislarini mix bilan qoqib ilib qo‘yadi. Aynan shu kun Protestantlik oqimining yuzaga kelishiga ilk qadam bo‘lgandi. Reformatsiya nomini olgan bunday xarakatlar keyinchalik butun Yevropani qamrab oldi. Maxalliy axoli, mayda zodagonlar va xatto ba’zi monarxlar xam ularni qo‘llab quvvatlay boshlashdi. Protestantlik xaqidagi manbalarda kelishicha protestant oqimlari orasida missonerlik bilan shug‘illangan ilk jamoa bu Gernguterlar jamoasi bo‘lgan. Gernguterlar jamoasi 1772 yilda Germaniyadagi Gerngut ismli bir joyda paydo bo‘lib, asoschisi graf Sinsendorf bo‘lgan. Aynan Sinsendorf Gollandiya, Angliya va Shimoliy Amerikada o‘zok; yillar missonerlik faoliyatini olib borib, katta jamoa tuzishga erishgan. Albatta protestantlar ilk davrlarda missonerlik faoliyatini o‘z yurtlaridagi, aniqrog‘i bopsha oqimdagi xristianlarni o‘z oqimlariga chaqirish uchun olib borganlar. 18-19 asrlarda protestant missonerligining yuqori cho‘qqisiga chiqishi Angliyaning kolonial siyosati va Yevropada piyetistik xarakatlarning ko‘payishi bilan bog‘lik. 1795 yil kongregatsionchilar, presviterianlar va anglikanlar London missionerlik
jamiyatiga asos soldilar. 19 asr o‘rtalariga kelib protestant missionerlik tashkilotlari Belgiya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlyandiya, Fransiya, Shveysariya, Shvetsiya va boshqa Yevropa davlatlarida faoliyat yuritar edilar. Shimoliy Amerikada xam qo‘plab protestant missioner jamoalari faoliyat yuritardi. Aktiv missionerlik faoliyati bilan usha davrda keng tarqalgan Bibliya jamiyatilari va xristian adabiyotini tarqatish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar olib borardilar. Missionerlar Osiyo, Afrika va Amerikadagi Yevropa kolonial ekspansiyalarida pionerlik vazifasini bajarish bilan bir paytda, bosib olingan xududlarning geografik va etnografik tadqiqot qilish ishlari va Yevropa kolonial davlatlari tuzumlarini o‘rnatishda yordam berardilar. Missionerlarning birinchi avlodi qatorida 19 asrda ko‘pgina gumanistlar bo‘lishgan. Ushbu missionerlar qaram qilingan davlatlarni o‘rganilishida sezilarli xissa ko‘shishgan. Ular o‘sha xalqlar yozuvlarini, lug‘atlarini va darsliklarini yaratishda jonbozlik ko‘rsatishgan. Missionerlar inson qadami yetishi qiyin bo‘lgan joylargacha ham borib, u yerda ibtidoiy turmush tarzida yashaydigan xalqlarni xristianlikka davat etish bilan bir qatorda o‘sha xalqlarning tili, dini, urf-odatlari to‘g‘risida noyob ma’lumotlar yig‘ishgan. Ilk dinshunoslar ham aynan xristian missonerlari bo‘lgani fikrimizni tasdiqlashi mumkin. Bundan tashqari ular sanitar-profilaktik ishlarni xam olib borib, kasallik va epidemiyalarga qarshi kurashishar va boshlangich maktablar qurishardi. Bunday missionerlardan bir qanchalarini keltirsak, ulardan mashhurlari R. Morrison-Xitoyda, D. Vilyams-Tinch okeani orollarida, A. Daff-X,indistonda, R. Moffat-Janubiy Afrikada, D. Livingstoun-Markaziy Afrikada. 20 asrga kelib xalqaro protestant missioner strukturalari yuzaga kela boshladi. Birinchi butunjaxon protestant missionerlari konferensiyasi 1910 yil Shotlandiyaning Edinburg shahrida bo‘lib o‘tdi. Keyinrok esa Xalqaro missiyalar kengashi tuzilib, u o‘zining nashrlariga ham ega. Bu kengash Butun jahon cherkovlari kengashiga a’zo bo‘lib protestant missionerligining yo‘naltiruvchi asosiy tashkilotidir.
Olmaliq shahar bosh imom-xatibi
A.Alimjonov
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi