frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Zakotning hikmati

06.06.2017   17629   6 min.
Zakotning hikmati

Quroni karim zakotning farzligini Madinada nozil qilingan suralar orqali ochiq-oydin bayon qildi. Jumladan, Baqara surasida aytiladi: “Namozni barkamol o‘qingiz va zakotni beringiz...” (Baqara, 110-oyat). Qur’oni karimda ko‘plab ana shunday namoz bilan zakotni bir-biridan ajratmasdan kelgan oyatlar uchraydi. Payg‘ambar (s.a.v.) ham o‘z hadislari orqali zakotning farzligini va uning Islom dinidagi mavqeini belgilab berdilar. Jabroil (a)ni din ahkomlarini o‘rgatish maqsadida kelishliklari bilan bog‘liq  mashhur hadis va boshqalarda Islomni beshta rukn ustiga bino qilinganligi bayon etildi. Lekin bulardan tashqari bir qator hadislar borki, ularda Payg‘ambar (a.s.) mazkur ruknlarning ba’zi-birlarini aytishlik bilan cheklanganlar. Biroq namoz va zakot har doim ular buyurgan ishlarning muqaddimasida zikr qilinavergan. Ana shulardan biri Payg‘ambar (a.s.) Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborishlari rivoyat qilingan hadisdir. Unda Payg‘ambar (a.s.) jumladan bunday deganlar: “Sen ahli kitoblardan bo‘lgan qavm huzuriga borasan. Ularni Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Meni Rasululloh, deb guvohlik keltirishga chaqirasan. Agar ular bu borada senga itoat qilsalar, Alloh taolo bir kecha-kunduzda ularga besh vaqt namoz o‘qishni farz qilganini o‘rgat. Agar ular senga bunda ham itoat qilsalar, Alloh taolo ularning zimmasiga boylaridan olib kambag‘allariga qaytariladigan sadaqa (zakotni)ni farz qilganini o‘rgat. Agar ular senga bu borada ham itoat qilsalar, mollarining sarasini olishdan saqlan hamda mazlumning duosi (qarg‘ishi)dan ehtiyot bo‘l. Chunki u (qarg‘ish) bilan Alloh o‘rtasida to‘siq yo‘qdir”. Bu hadisni tasdiqlovchi oyat ham Tavba surasida keladi: “agar ular (arab mushriklari butlarga sig‘inishdan) tavba qilib, namozni qoim qilsalar va zakotni bersalar, birodarlaringiz dindadir”. (Tavba surasi). Ko‘rinib turibdiki, zakot Islomning eng asosiy ruknlaridan biri ekan. Chunki ushbu oyat va yuqoridagi hadisda dinning eng ahamiyatli farzlarigina tilga olindi va zakot ibodati ro‘za va haj kabi tushirib qoldirilmadi. Albatta, bu gapimizdan ro‘za va hajning Islom ruknlaridan ekanligi masalasiga aslo xalal yetmaydi, chunki ro‘za va haj ibodatlari dinga yangi chaqirilayotgan kishilarga eng zarur bo‘lgan narsalar aytib o‘tilgan o‘rinlardagina tushib qolgan xolos.

Yana bir guruh hadislar keladiki, ularda Rasululloh (s.a.v.) zakot berishdan bosh tortganlarni oxiratdagi qattiq azobdan ogohlantiradilar. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar (s.a.v.) aytadi: “Kimniki oltin va kumushlari bo‘lib, ular haqqini ado etmasa, qiyomat kunida oltin-kumushlari eritilib, tunukalar etib quyiladi. So‘ng ularni jahannam o‘tida qizdirilib, miqdori ellik ming yilga teng bo‘lgan kunda egasining yonboshiga, peshonasiga va beliga bosiladi. Bu hol Alloh taolo barcha insonlar orasini to‘la hukm qilib bo‘lguncha davom etadi. Qaysi bir mol va qo‘y egasi borki, u mollari haqqini ado etmasa, qiyomat kuni uni keltirilib, o‘z hayvonlaring tuyoqlari bilan ezdiriladi va shohlari ila suzdiriladi. Qachon oxirgisi tugaganda, avvalgisi qaytariladi. Bu ish muddati ellik ming yilga teng bo‘lgan kunda Alloh bandalar orasini hukm qilib tugatgunga qadar davom etadi. So‘ng uni jannatga yoki do‘zaxga olib boradigan o‘z yo‘liga solib qo‘yiladi”. Mazkur hadisdan zakotni bermaslikning jazosi og‘ir bo‘lishligi bilan birga, zakotni Islom dinidagi ado etilishi zarur bo‘lgan eng asosiy farzlardan ekanligi kelib chiqmoqda.

Boshqa hadislarda zakot bermaslik ba’zi dunyoviy uqubatlarga sababchi bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatiladi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadi: “Qaysi bir qavm zakotni bermas ekan, Alloh ularni qahatchilikka giriftor qiladi”. Yana bir hadislarida: “Qachon sadaqa (zakot) molga aralashsa, albatta, uni buzadi”, degan bo‘lsalar, boshqasida: “Mol quruqlikdami yoki dengizdami faqat zakot bermaslik sababidangina halok bo‘ladi”, deb aytganlar. Demak, Allohning haqqi borasidagi baxillik ba’zi bir dunyoviy ofat-balolarning ham sababchisi bo‘lishi mumkin ekan.

Xullas, zakot Madina davriga kelib Islomning eng asosiy ruknlaridan biriga aylandi. Uning shartlari, nisobi, beriladigan o‘rinlari, vaqti va boshqa tomonlari tartibga solindi. Zakotda har ikki tomonning, ya’ni, mol egalarining ham kambag‘allarning ham manfaatlari hisobga olindi. Molni ishlab topishdagi mashaqqatga qarab chiqariladigan molning miqdori belgilandi. Agar molga hech qanday mashaqqatsiz erishilsa (xazina topish), uni 1/5 ni, bir oz mehnat qilib topilsa (lalmikor yerda dehqonchilik), 1/10 ni, xarajatlar orqali sug‘oriladigan yerga ekin eksa, 1/20 ni va yana ham ko‘proq mehnat-mashaqqat bilan topsa (tijorat mollari), 1/40 ni zakot sifatida chiqarish belgilangan.

Chorva mollari zakotida ham shunday, ya’ni, agar mol va qo‘ylar yilning yarmidan ko‘proq qismida yaylovda o‘tlab yursa, belgilangan tarzda ulardan zakot beriladi. Lekin yilning asosiy qismida pullik yem-hashak bilan boqilsa va ular tijorat uchun bo‘lmasa, zakot berilmasligi tayinlandi. Shuningdek, zakot yig‘uvchi mol egasiga zulm qilib hayvonlarning eng saralarini olishi mumkin emas.

Kambag‘allar holatini e’tiborga olingani esa quyidagilarda ko‘rinadi. Ehtiyojga qarab ikki yoki undan ko‘p  yillik zakotni oldindan olib kambag‘allarga sarflash mumkin. Shuningdek, bitta nisob mavjud bo‘lsa, bir necha nisob uchun zakot olish ham mumkin. Bundan tashqari zakot mollarini kambag‘allarga zarur bo‘lgan boshqa mollarga (o‘z qiymatida) almashtirib berish ham mumkin. Yana boshqa bir qator jihatlar ham mavjud bo‘lib, ulardan ma’lum bo‘ladiki, zakot ibodatida muhtojlar ahvoli hech qachon nazardan chetda bo‘lmagan.

Endi mana shunchalik qulaylik bilan farz qilingan ibodatdan kim bosh tortsa, dunyo va oxiratda azobga duchor qilinishi ham adolatdandir. 

Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi

 Sayyid Jamol

Fiqh
Boshqa maqolalar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   56807   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati