Qadim zamonda bir oyna soluvchi bo‘lgan ekan. Bir kuni u o‘z foydasini ko‘zlab bir devonaga debdi: "Agar borib odamlarning oynalarini sindirsang, menga yordam bergan bo‘lar eding, keyin mening ishim yurishar edi". Devona uning gapiga kirib, oyna soluvchining uyiga yugurib borib, hamma oynalarini bitta qo‘ymay sindiribdi. Kechqurun uyiga kelgan oyna soluvchi buni ko‘rib g‘azablanibdi va devonani urisha boshlabdi.
– Nega mendan jahling chiqadi, axir oynalarni sindir, deb o‘zing ayting-ku?! - debdi devona.
– Men senga boshqalarning uyidagi oynalarni sindir, shunda mening ishim ko‘payadi, dedim.
– Agar boshqalarning oynasini sindirsam, ular boshqa oyna soluvchini chaqirishlari mumkin edi. Senikini sindirsam, sen hech kimni chaqirmaysan va o‘zingning ishing ko‘payadi, - debdi devona.
Bilginki, boshqalarga ziyon yetkazish evaziga tirikchilik qilishning oqibati mana shunday bo‘ladi.
Akbarshoh RASULOV
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati