Bir ko‘lda maqtanchoq o‘rdak yashar ekan. Kunlarning birida u atrofdagi qurbaqalarga maqtanib shunday debdi: "Dunyoda mendek jonivor yo‘q. Chunki men ham suvda suzaman, ham quruqlikda yuraman, ham osmonda ucha olaman". Buni eshitib turgan qari toshbaqa unga: "Ko‘p maqtanaverma, hoy o‘rdak, sen suzishni bilganing bilan baliqdek suza olmaysan. Yugurganing bilan kiyikdek yugura olmaysan. Uchganing bilan burgutdek ucha olmaysan. Sen bularning hammasini bir o‘rdakdek qila olasan, xolos", debdi.
Ey inson, bilginki, har bir odamning o‘ziga yarasha qobiliyati bo‘ladi. Aqlli odam shu qobiliyatni rivojlantirib, undan o‘zi va boshqalar manfaat ko‘radi. Aqlsiz esa umr bo‘yi boshqalarga taqlid qilib, vaqtini zoye ketkazadi.
Akbarshoh RASULOV
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati