frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tug‘ilgan bolaning ilk haqlari

01.02.2017   23589   9 min.
Tug‘ilgan bolaning ilk haqlari

Farzand eng go‘zal va ulug‘ ne’mat. Shu bois ham farzand dunyoga kelganidan keyin ota-onaning zimmasiga bir qator ulug‘vor va sharafli vazifalar yuklanadi. Ular quyidagilardan iborat:

 

  • Munosib ism qo‘yish:

 

عن أبي الدرداء رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلي الله عليه و سلم: إنكم تُدْعَوْن يوم القيامة بأسمائكم و أسماءِ آباءكم، فأَحْسِنُوا أَسْماءَكمْ

رواه أبو داود

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringizning ismi bilan chaqirilasizlar. Bas, imslaringizni go‘zal qiling”, dedilar. Abu Dovud rivoyati.

Demak, ismning chiroyli bo‘lishi nafaqat bu dunyoda, balki Qiyomat kuni ham kerak bo‘lar ekan. Ism qo‘yganda ham shunday ism qo‘yish kerakki, uning o‘zi ham, ma’nosi ham chiroyli bo‘lsin, chaqirilganida xursand bo‘lsin, xijolat bo‘lib, uyalmasin.

Ushbu mas’uliyatni his etgan ko‘plab sahobalar tug‘ilgan farzandlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borib, chiroyli ism qo‘ydirar, farzandlari haqqiga baraka so‘rab, duo olar edilar.

 

  • Bolani yuvintirish:

Farzand dunyoga kelganida uni yuvintirib, bolaning badani va sochiga yopishib tushgan qon, soch va shunga o‘xshash turli aziyat va nopokliklardan tozalashdir.

عن سَلمانَ بنِ العامِر الصَّبِّيِّ رضي الله عنه: عن النبيّ صلي الله عليه و سلم قال:... و أَمِيْطُوا عنه الأَذَي

رواه  البخاري

Salmon ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “... va ushbu (tug‘ilgan) boladan aziyatni ketkazing”, deb, bola tug‘ilganidan so‘ng uni yuvintirishga chorlaganlar. Imom Buxoriy rivoyati.

Ba’zilar turli irim-sirimlarga berilib, bolani qirq kunga qadar yuvintirmay, sochini olmay, unga azob berib yurishadi. Bu to‘g‘ri yo‘l emas, albatta.

Bola o‘z vaqtida yuvintirilib, qancha toza parvarish qilinsa, uning rivojlanishi ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Odatda ayrim chaqaloqlarning injiqligi, ko‘p yig‘lashiga ularning yuvintirilmasligi ham sabab bo‘ladi.

 

  • Bolaning qulog‘iga azon va takbir aytish.

Farzand dunyoga kelganida ota-onaning ushbu farzand oldidagi vazifalaridan yana biri uning o‘ng qulog‘iga azon va chap qulog‘iga takbir aytishdir.

Ushbu vazifani bajarishda bolaning ilk eshitadigan so‘zlari mazkur ulug‘ madhiya so‘zlari bo‘lsin, umri davomida faqatgina yaxshi ovoz va so‘zlarni eshitib yursin, degan yaxshi niyatlar bor. Bundan tashqari azon aytilgan joyda baraka bo‘lishi, shayton quvg‘in bo‘lishi barchaga ayon.

عن حُسَيْنٍ رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلي الله عليه و سلم: مَنْ وُلِدَ له ولدٌ أَذَّنَ في أُذُنِه اليُمْني، و أقام في أُذُنِه اليُسْرَي لَمْ تَضُرُّهُ  أُمُّ الصِّبْيَانِ

رواه أبو يَعْلَي

Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytsa, unga Ummu Sibyon zarar yetkaza olmaydi”, dedilar. Abu Ya’lo rivoyati.

“Ummu Sibyon” bolalarga ziyon yetkazadigan jin toifasi. Uning qiladigan ishi go‘daklarga ziyon yetkazishdan iborat. Azon va takbir bolaga uning zararidan qalqon bo‘la oladi.

 

  • Bolaning tanglayini ko‘tarish:

Bolaning tanglayini ko‘tarish yoshi ulug‘ va taqvoli inson biror bir pok va shirin narsani oldin o‘zi chaynab turib, uning ma’lum bir qismini bolaning og‘ziga solib, tanglayiga tekizib qo‘yishdir.

عن عائشةَ  رضي الله عنها قالت: كان رسول الله صلي الله عليه و سلم يُؤتَي بالصِّيبيانِ، فَيُحَنِّكُهم و يُبارِكُ عليهم

رواه أحمد

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (huzurlariga) yangi tug‘ilgan go‘daklar keltirilar edi. U Zot ularning tanglayini ko‘tarar va ularga baraka tilab duo qilar edi. Ahmad rivoyati.

Ushbu vazifada ham bir qancha hikmat va yaxshi niyatlar bor: Dunyoga yangi kelgan bolaning og‘ziga birinchi bor kirgan va tanglayiga tekkan yemishi shirin va pok narsa bo‘lsin, shuningdek, butun umr shirin va pok nasibalar bilan rizqlansin. Yaxshilar qo‘lidan taom yegandek, butun umr yaxshilar bilan taomlansin va ular kabi taqvoli, pok inson bo‘lsin.

Mazkur to‘rtta vazifani farzand dunyoga kelganidan keyin tez fursatda amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

 

  • Aqiqa marosimini qilish va bolaning sochini olish.

Farzandning dunyoga kelishi ulkan bir mo‘jiza, Yaratganning ota-ona bo‘lmishga katta in’omi va tuhfasi hisoblanadi. Ota-ona buning uchun tili vositasida qalbi bilan shukr qilishi bilan bir qatorda buni amalda ham ifoda etishi Payg‘ambarimizdan biz otalarga sunnat bo‘lib qoldi. Bu amaliy shukrning nomi “aqiqa” marosimidir.

“Aqiqa” so‘zi lug‘atda “yormoq” ma’nosini anglatib, yangi tug‘ilgan bolaning boshidagi sochiga nisbatan ishlatiladi. Shariatda esa Alloh taologa shukrona tarzda farzand nomidan so‘yiladigan jonliq tushuniladi. Ushbu marosim bolaning sochi olinadigan kuni amalga oshirilgani uchun “aqiqa” deb nomlangan.

Shariat ta’limotiga ko‘ra farzand tavalludining yettinchi kuni ushbu marosim o‘tkaziladi va shu kunda bolaning sochi olinib, soch og‘irligicha kumush yoki uning miqdori sadaqa qilib yuboriladi.

عن سَمُرَةَ رضي الله عنه: عن النبيّ صلي الله عليه و سلم قال: كلُّ غُلامٍ رَهِينَةٌ بعقيقته، تُذْبَحُ عنه  يومَ سابعِه، و يَحْلَقُ 

رواه  البخاري و مسلم

Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Har bir bola aqiqasi (uning nomidan so‘yiladigan qo‘y evaziga) garovlangan. (Ushbu qo‘y) bolaning nomidan (tavalludining) yettinchi kuni so‘yiladi va (shu kuni bolaning) sochi olinadi...”, dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyati.

Demak, farzandning yaxshi unib o‘sishi, baxtli va saodatli bo‘lishi uning aqiqasiga ham bog‘liq ekan. Imom Ahmad va Ato Xurosoniylar shunday deydi: “Agar farzand voyaga yetmasdan vafot etsa, uning ota-onasiga shafoatchi bo‘lishi aqiqasiga bog‘liq. Agar unga aqiqa qilingan bo‘lsa, u jannatning erkatoylaridan bo‘ladi va: “Jannatga oldin ota-onam kirmasa, men kirmayman”, deb turib oladi. Shu tarzda ota-onasining jannatga kirishiga sabab bo‘ladi”.

Hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, aqiqa bola tavalludining yettinchi kuni amalga oshiriladi. Bu eng munosib vaqt. Agar ushbu kunda imkoni bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni ham amalga oshirilishi mumkinligi haqida Payg‘ambarimizning ko‘rsatmalari bor. Bunda ham imkoni bo‘lmasa, imkon topilganida qilinadi.

Aqiqa uchun so‘yiladigan qo‘y o‘g‘il farzandga ham, qiz farzandga ham bitta bo‘ladi. Agar farzand o‘g‘il bola bo‘lib, otaning imkoni bo‘lsa, bir-biriga o‘xshash ikkita qo‘y so‘yiladi.

عن إبن عباس رضي الله عنه: أنّ النبيّ صلي الله عليه و سلم: عَقَّ عن الحسن و الحسين رضي الله عنهما كَبْشًا كَبْشًا 

رواه  البخاري

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga bittadan qo‘chqor so‘yib, aqiqa qildilar”. Imom Buxoriy rivoyati.

Payg‘ambarimizning nevaralari – Imom Hasan va Imom Husaynning oralarida o‘n bir oy farq bo‘lgan. Ushbu hadisi sharif imkon bo‘lmasa, o‘g‘il bolaga ikkita qo‘y so‘yish shart emasligi, bittasi ham kifoya ekanligiga dalolat qiladi. Imkoni bor kishilar o‘g‘il bolaga bir-biriga o‘xshash ikkita qo‘y so‘yishi mumkinligi haqida Payg‘ambarimizning ko‘rsatmalari bor.

Bundan keyingi navbatda har bir ota-onani ushbu farzandlarining nafaqa va tarbiyasidek eng sharfli vazafalar kutib turadi. Ushbu vazifalarni maromida ado etishda har bir ota-onaga Alloh taoloning o‘zi chinakam mas’uliyat, iroda, jasorat va kuch-qudrat nasib qilib, farzandlarimizni ko‘z quvonchimizga aylantirsin!

 

Masjidlar bo‘limi  mutaxassisi M.Kamolov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+)

30.06.2025   4508   1 min.
Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+)

Bugun, 30 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida "Najmiddin Kubro ma’naviy-ma’rifiy merosi va uning zamonaviy tadqiqi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.


Mazkur anjuman Davlatimiz rahbarining Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ilgari surgan tashabbusi doirasida ulug‘ ajdodimizning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, bu merosni zamonaviy tadqiqot metodlari asosida tahlil qilish hamda uning umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimidagi o‘rnini belgilash maqsadida tashkil etildi.


Anjuman doirasida Najmiddin Kubroning tasavvufiy va ma’rifiy g‘oyalari, ularning zamonaviy ma’naviy-axloqiy muammolarni hal etishdagi o‘rni, allomaning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy manbalar, asarlarining bugungi kundagi ilmiy va amaliy ahamiyati, kubroviylik ta’limotining tarixi va bugungi holati, shuningdek, ushbu ta’limotning keyingi tasavvuf maktablariga ta’siri keng muhokama etildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+) Ulug‘ ajdodimiz me’rosiga oid respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi (foto+)
O'zbekiston yangiliklari