Xotira – muqaddas va aziz tuyg‘u. Xotirlash esa inson o‘z yaqinlarini qadrlashi, hayotdan ko‘z yumganlarni eslashi va ularning xaqiga xayrli duolar qilishidir. Xalqimizda “qadr etgan, qadr topar”, degan naql bor. Haqiqatdan ham, inson o‘zgalar bilan samimiy munosabatda bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, o‘zi ham atrofdagilarning shunday munosabatiga sazovor bo‘ladi. Vatan ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilgan el fidoyilari esa ezgu amallari sababli umrbod kishilar yodidan o‘chmaydilar. Nomlari hamisha e’zoz bilan tilga olinib, xotiralari mangulikka muhrlanadi. Xalqi osoyishtaligi, yurti tinchligi uchun umrini baxshida etgan, yodi qalblarda mangulikka muhrlangan ana shunday bebaho inson, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovdir.
2017 yil 30 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida marhum Yurtboshimizni yod etish maqsadida joylarda tadbir va kechalar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olganlar, o‘tgan 25 yil davomida O‘zbekiston har jihatdan barqaror davlat darajasiga yetgani, shuningdek, yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.
Darxaqiqat, bunga birgina, mamlakatimizda diniy erkinlik, barcha din vakillariga bir xil sharoitlar yaratilgani, ajdodlarimiz asarlarini avlodlarga yetkazish uchun keng ko‘lamda olib borilgan ishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Shuningdek, o‘tgan 25 yil davomida ajdodlarimiz nomlarini ulug‘lash, boy madaniy meroslarini chuqur o‘rganish, ular abadiy orom topgan maskanlarni obod manzillarga aylantirish borasida beqiyos ishlar amalga oshirildi. E’tirof etish joizki, bunday xayrli ishlar bugun ham izchil davom ettirilyapti.
Tadbir so‘ngida, barcha ta’lim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan xatmul Qur’onlar nihoyasiga yetkazilib, Vatanining gullab-yashnashi, xalqi ozodligi, fuqarolari tinch-totuvligini ta’minlash uchun butun hayotini sarflagan marhum yurtboshimiz Islom Karimovning muborak ruhlariga baxshida etilib, haqlariga duoi xayrlar qilindi.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.