Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

03.02.2017 y. Cavdoda halollik mezoni

31.01.2017   8230   15 min.
03.02.2017 y. Cavdoda halollik mezoni

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Islom dini insonga saodatli hayot yo‘lini bayon qilib bergan. Ma’lumki, inson doim jamiyat bilan uzviy bog‘langan holda hayot kechiradi. Inson hayot ekan, yashash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-bosh, turar-joy kabi ta’minotlarga ehtiyoj sezishi tabiiydir. Bu narsalar o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. Odamlar esa har doim ham o‘z mol-mulkini unga evazsiz beravermaydi. Bunday narsalarga erishish uchun esa uning badaliga munosib biror narsa berishi lozim bo‘ladi. Alloh taolo odamlar orasida savdo-sotiq muomalasini joriy qilishining hikmatlaridan biri ham shuning uchundir. Chunki bu ishlar oldi-berdi muomalasi qilinmasdan amalga oshirilsa, har xil urush-janjallar kelib chiqadi. Savdoning insonlar o‘rtasida joriy bo‘lishi esa hech qanday zarar va qiyinchiliksiz ehtiyojni qondirishga hamda odamlarning roziligi bilan ularning mol-mulkidan foydalanishga imkon yaratib beradi. Bu bilan o‘g‘irlik, xiyonat, talon-taroj kabi jinoyatlarning oldi olinadi hamda nizolashish alangasi o‘chirilib, insoniyat hayoti tartib-intizomda kechadi.

Islom dini insonlarni savdo sotiq va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga targ‘ib qilar ekan, ularga bu sohada to‘g‘ri va halol faoliyat  olib borishga buyurgandir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhmat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا (النساء: 29

Ya’ni, “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”.( Niso surasi, 29-oyat)

Ushbu oyatdagi “O‘zlaringizni o‘ldirmangiz!” so‘zi oyatning avvaliga bevosita bog‘liqdir. Ya’ni, mollarni nohaq yo‘l bilan yeyish odati bor jamiyatlar, oxir-oqibat o‘zini o‘zi halokatga olib boradi.

Muhtaram jamoat! Tijorat bilan shug‘ullanish fazilatli kasb hisoblanadi. Bu haqida habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu hadis rivoyat qilingan:

عنْ أبي سَعِيدٍ، عنِ النبيّ صلى الله عليه وسلم قَالَ "التّاجِرُ الصّدُوقُ الأمِينُ، مَعَ النّبِيّينَ والصّدّيِقينَ والشّهَداءِ".(رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Ya’ni, Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: Rostgo‘y, omonatdor tijoratchi nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, – dedilar. Termiziy rivoyat qilgan.

Musulmon kishi mana shunday ulug‘ maqomga erishishi uchun ushbu kasbning shar’iy qoidalariga amal qilishi lozim bo‘ladi.

Musulmon kishining ado qilayotgan namoz, ro‘za, zakot va haj va shu kabi amallari ibodat bo‘lganidek, uning tijorati ham ibodat maqomidadir.

Mazkur ibodatlarning rukn, shart, sunnatlari, hamda ularni buzadigan holatlari bo‘lgani kabi tijorat kasbining ham rukn va shartlari, shuningdek, ta’qiqlari ham bordir.

Namozxon kishi namoz, ro‘za yoki haj ibodatlarini ado qilish uchun bularga bog‘liq bo‘lgan ilmlarni o‘rganishi lozim bo‘lganidek, tijoratchi ham tijorat sohasiga bog‘liq bo‘lgan ilmlarni o‘rganishi lozim bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Biror kimsa tijorat kasbi bilan shug‘ullanishni boshlar ekan, ilk qiladigan ishi bu ishni yaxshi niyat bilan boshlashdir. Ya’ni: “Alloh taolo biz bandalarni kasb qilishga buyurgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham tijorat bilan shug‘ullanganlar”, degan niyatda kasbga kirishsa, unday kishi farzga ham, sunnatga ham amal qilgan bo‘ladi. Shuningdek, ushbu ulug‘ amallarning savobini qo‘lga kiritish uchun esa savdoning shar’iy qoidalariga rioya qilishi lozim bo‘ladi. Tijoratchi o‘z kasbidan doim taqvoni muqaddam qo‘yishi kerak. Agar shu bilan mol-dunyo topsa, Allohga hamd aytsinki, dinida ham, dunyosida ham yaxshi foyda ko‘ribdi. Agar mol-dunyo topmasa ham, hamd aytsinki, taqvosi sababli, dinini asrabdi.

Umar roziyallohu anhuning bir so‘zlari ham juda mashhurdir:

قَالَ عُمَرُ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: لاَ يَتَّجِرُ فِي سُوقِنَا إِلاَّ مَنْ فَقِهَ ، وَإِلاَّ أَكَل الرِّبَا

 أخرجه الترمذي بسند حسن

Ya’ni, “Bozorimizda faqat (tijorat ilmini) yaxshi bilgan kishigina tijorat qilsin, aks holda, sudxo‘rlik qilib qo‘yadi”.

Ali roziyallohu anhudan ham ushbu ma’noda quyidagi so‘z naql qilingan:

قَالَ عَلِيٌّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: مَنِ اتَّجَرَ قَبْل أَنْ يَتَفَقَّهَ ارْتَطَمَ فِي الرِّبَا ثُمَّ ارْتَطَمَ ثُمَّ ارْتَطَمَ

 في كتاب نهج البلاغة

Ali roziyallohu anhu aytgan: “Kim (tijorat ilmini) yaxshi o‘rganmay turib, tijorat qilsa, u sudxo‘rlikka aralashib qoladi, so‘ngra, yana aralashib qoladi, so‘ngra, yana aralashib qoladi”.

Muhtaram jamoat! Savdoning ilmidan bexabar kishilar o‘zlari bilmagan holda, riboga aralashib qolishi hech gap emas. Natijada mol-dunyosiga talofat yetishi, kasbidan esa baraka ko‘tarilishi kabi noxushliklarga duch keladi.

Alloh taolo oyati karimada tijoratni halol, sudxo‘rlikni esa harom ekanining xabarini bergan:

(...وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا...*( سورة البقرة/275

 Ya’ni, “Holbuki, Alloh tijoratni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan” (Baqara surasi, 275-oyat)

Muhtaram jamoat!   Alloh taolo boshqa bir oyatda savdogarlarni o‘lchab berish yoki tarozida tortib berishda xaridor haqidan urib qolmaslikka chaqirib, tojirlarning bu qilmishlari do‘zaxda azoblanishlariga sabab bo‘lishidan ogohlantiradi:

وَيْلٌ لِلْمُطَفِّفِينَ * الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُوا عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ * وَإِذَا كَالُوهُمْ أَوْ وَزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ * أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُمْ مَبْعُوثُونَ * لِيَوْمٍ عَظِيمٍ **يَوْمَ يَقُومُ النَّاسُ لِرَبِّ الْعَالَمِينَ 

سورة المطففين:6

Ya’ni, “(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir. Ular (o‘lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o‘ylamaydilarmi Ulug‘ kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!” (Mutoffifin surasi, 1-6 oyatlari).

Mazkur oyatlarda kishilar haqidan urib qoluvchi firibgarlar haqida so‘z yuritilgan. Ular tarozimi, litrmi yoki boshqacha o‘lchovmi, o‘zlari olayotganlarida to‘liq va ortiqcha oladilar, ammo xaridorlarga o‘lchab berayotganda esa, kam beradilar. Ularning bu qilmishlari Allohdan, Qiyomat kunidan qo‘rqmaslik alomatidir. Lekin, ushbu oyatda ular oxiratda bu qilmishlari uchun hisob-kitobga tortilishi aniq ekani haqida ogohlantirilmoqda.

Ushbu oyatdagi “Vayl” so‘zining ikki xil ma’nosi bor bo‘lib: biri – “holiga voy, halokat” ma’nosi bo‘lsa, ikkinchisi esa – do‘zax vodiylaridan birining nomidir.

Imom Roziy rahmatullohi alayh shunday degan: Alloh taolo ushbu oyatlarda o‘lchovdan urib qoladiganlarga bir necha tahdidlarni jamlagan:

  1. Ularga vayl bo‘lsin, deyildi. (Ya’ni, ularning holiga voy bo‘lsin, ularga do‘zaxning Vayl vodiysi bo‘lsin!)
  2. 2. Qayta tirilishni o‘ylamaydilarmi?, deb, savol tariqasida qayta tirilganda so‘roq-savolga tutilishini eslatib qo‘yildi.
  3. Ulug‘ kunda, deb Qiyomat kuni bilan ogohlantirildi. Alloh taoloning O‘zi u kunni ulug‘ kuni deyishi bu katta ogohlantirishdir.
  4. Tik turadigan kunda, deb, “hali tik turib javob berasan”, deyildi.
  5. Olamlarning Robbisi huzurida javob berasan deyildi. Ha, oddiy odamlarga emas, Olamlar Rabbisiga javob berasan, deyildi.

Bundan ortiq tahdid bormi???

Shuningdek, Qur’oni karimda ikki suragina “vayl” bilan qo‘rqitib boshlangan:

( وَيْلٌ لِلْمُطَفِّفِينَ (سورة المطففين:1

“(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy!”. Mutoffifin surasi, 1-oyat

( وَيْلٌ لِكُلِّ هُمَزَةٍ لُمَزَةٍ (سورة الهمزة:1

Ya’ni, “(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!”. (Humaza surasi,1-oyat)

Bularning biri – insonlarning mol-mulki muhofazasi haqida bo‘lsa, ikkinchisi –  insonlarning obro‘si muhofazasi haqidadir.

Demak, insonlarning mol-mulklari va obro‘lari borasida juda ham ehtiyot bo‘lishimiz lozim ekan. Chunki insonlarning moli yoki obro‘sini nohaq poymol qilgan kishiga “vayl” va’da qilinmoqdi. Alloh O‘zi asrasin!

Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن رفاعة بن رافع رضي الله عنه قال: خرجتُ مع رسولِ الله صلى الله عليه وسلم إلى المصلى، فرأى الناس يَتبايَعُونَ، فقال: «يا مَعْشرَ التُّجَّار»، فاستجابوا، ورفَعُوا أعناقَهم و أبصارهم إليه، فقال: «إنَّ التُّجَّارَ يُبْعَثُونَ يوم القيامة فُجَّارًا إلا مَنِ اتَّقَى اللهَ، وبَرَّ وصَدَقَ

أخرجه الترمذي

Ya’ni, Rifo’a ibn Rofi’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohga chiqdim. Shunda u zot savdo qilayotgan odamlarni ko‘rib: Ey tojirlar jamoasi!” dedilar. Ular boshlarini ko‘tarib, chaqiriqqa javoban u zotga qarashdi. Shunda u zot: Tojirlar qiyomat kuni fojirlardan bo‘lib qayta tiriltirilurlar. Allohga taqvo qilgan, yaxshilik va rostgo‘ylik qilganlar (tojirlar)gina bundan mustasnodir”, dedilar”. (Termiziy rivoyat qilgan)

Yana bir hadisda savdogarlar molini o‘tkazish uchun ko‘p qasam ichaverishdan qaytarib shunday deyilgan:

عن أبي قتادة قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم " إيَّاكُمْ وكَثْرَةَ الحَلِفِ في البَيْعِ فإنَّهُ يُنْفِقُ ثُمَّ يَمْحَقُ. (رواه مسلم

Ya’ni, Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Savdoda ko‘p qasam ichishdan saqlaning, chukni u savdoni yurishtiradi, so‘ngra, barakani ketkazadi – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Savdosi yurishi uchun sotuvchining qasam ichishi garchi savdosiga rivoj bersa-da, lekin barakaning ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lar-bo‘lmas ishlarga qasam ichaverish mumkin emasdir. Ayniqsa, molini o‘tkazish va dunyo topish maqsadida yolg‘on qasam ichish sababli, oxiratini kuydirib yuboradi. Aslida, baraka rostgo‘ylikda emasmi?!.

Agar savdo molining aybi bo‘lsa, sotuvchi uni aytib sotishi lozimdir. Xaridorni aldab sotishi harom hisoblandi:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ. أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم مَرَّ عَلَى صُبْرَةِ طَعَامٍ فَأَدْخَلَ يَدَهُ فِيهَا فَنَالَتْ أَصَابِعُهُ بَلَلاً فَقَالَ «مَا هَذَا يَا صَاحِبَ الطَّعَامِ». قَالَ أَصَابَتْهُ السَّمَاءُ يَا رَسُولَ اللَّهِ. قَالَ «أَفَلاَ جَعَلْتَهُ فَوْقَ الطَّعَامِ كَىْ يَرَاهُ النَّاسُ مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّى» (رواه مُسْلم

 Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir uyum bug‘doyning oldidan o‘tayotib, uning ichiga qo‘llarini tiqqan edilar, u zotning barmoqlari ho‘l bug‘doyga tegdi:  Shunda u zot: Ey, bug‘doy egasi bu nima? – dedilar. U (sotuvchi): “Ey, Allohning rasuli, bunga yomg‘ir tekkan edi” – dedi. U zot: “Buni odamlar ko‘rib-bilishi uchun bug‘doyning ustiga qo‘ymaysanmi?!, kim aldasa, mendan emas! - dedilar. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Shunga ko‘ra, sotuvchi xaridorga savdo molidagi ayblarni aytib sotishi vojibdir. Aytmasligi esa xiyonatdir.

Muhtaram jamoat! Savdo-sotiq va tijorat jamiyat a’zolarining dunyo hayotida bir-birlari bilan o‘zaro muomala va munosabat qilishlarida asosiy omillardan biri hisoblanadi. Agar u tartibga solinib, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasa, jamiyatning ijtimoiy hayoti izdan chiqib ketadi.

Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda birovning molini nohaq yo‘l bilan yeyishdan qaytarilgan. O‘zganing molini nohaq yeyishga ribo, qimor, poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun’iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, qimorbozlik, tovlamachilik va boshqalar kiradi. Agar bu narsalarda adolat buzilib, insofsizlik vujudga kelsa, har xil kelishmovchilik va ixtiloflar yuzaga chiqadi.

Chunki tojirlar tijoratlari orqali o‘zlari foyda ko‘rishlaridan tashqari, ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib, jamiyatga ham katta foyda keltiradi.

Muhtaram jamoat! Tijorat bilan shug‘ullanuvchi kishilar go‘zal axloqli bo‘lsalar, Alloh taoloning mag‘firatiga sazovor bo‘lishadi:

(عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: «غَفَرَ اللَّهُ لِرَجُلٍ كَانَ قَبْلَكُمْ كَانَ سَهْلاً إِذَا بَاعَ سَهْلاً إِذَا اشْتَرَى سَهْلاً إِذَا قَضَى سَهْلاً إِذَا اقْتَضَى». (رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ

Ya’ni, Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan avval o‘tgan bir kishini Alloh taolo mag‘firat qildi. U biron narsa sotganda muloyim edi, sotib olayotganda ham muloyim edi, qarzini to‘lashda ham muloyim edi, qarzini undirishda ham muloyim edi”, dedilar”. (Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Aziz birodarlar! Allohga shukrki yurtimizda tijoratchilar uchun keng imkoniyatlar yaratib qo‘yilgan, Ayniqsa, so‘nggi oylarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi qator  Qonuniy hujjatlar qabul qilindi. Shunday ekan, tijoratchilarimiz faoliyat asosidagi qonun-qoidalarni puxta bilishlari va ularga qat’iy itoat qilishlari, davlat va jamiyatga zarar yetkazuvchi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.

Qadrli namozxonlar! Shuni ham unutmasligimiz lozimki, tijoratimiz oxirat ishlaridan bizni mashg‘ul qilib qo‘ymasin. Dunyo tijoratimiz oxirat tijoratimizdan ustun bo‘lib ketmasin! Faqatgina moddiy manfaatni nazarda tutib, ma’naviy va ruhiy manfaatdan ko‘z yumib, g‘aflatda qolish – zulmdir. Chunki inson modda va ruhdan tashkil topgan. Bularning ikkisi ham yetarlicha ozuqa bilan ta’minlanmas ekan, inson hech qachon kamol topa olmaydi.

Muhtaram jamoat! Kunni tunga, tunni esa kunga ulab, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida o‘zining mehnati, bilimi va tajribasi bilan turli sohalarda tadbirkorlik ishlarini olib borayotgan imonli, insofli, muruvvatli mulkdorlar, tijoratchilar, ziroatchilarning olib borayotgan xayrli ishlariga Alloh taolo O‘zi baraka bersin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   49810   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari