Saidning oyisi har yakshanba kuni somsa qilar edi. Oyisi har somsa qilganida buvisi: "Bolam, qo‘shniga ozor bermagin" der, oyisi esa: "Xo‘p bo‘ladi, oyijon", deb bir likopcha somsani qo‘shnisinikiga chiqarib berar edi. Bir kuni Said buvisidan: "Buvijon, nega oyim har somsa qilganlarida "Qo‘shnilarga ozor bermang", deysiz?", deb so‘radi. Buvisi esa: "Oying pishirgan somsaning hidi ularning dimog‘iga kiradi, ular ham somsa yegisi kelib, ozorlanishadi. Agar somsadan bersang, yeb ko‘ngillari taskin topadi", dedi. Shunda Said kecha maktabda sinfdoshi Ahror kattakon olmani karsillatib yeganini, boshqa bolalar esa uning olmasiga havas bilan qarashganini eslab, so‘radi: "Kecha Ahror maktabda hammaning oldida olma yedi, demak, u hammaga ozor beribdi-da?!" "Albatta", javob berdi buvisi. "Lekin u olmasini hammaga bo‘lib bersa, o‘ziga hech narsa qolmas edi-da", dedi Said. "Unday bo‘lsa, panaroqqa o‘tib yeyish kerak", dedi buvisi.
Bilingki, atrofdagilarga faqat qo‘l yoki til bilan ozor berishdan tashqari boshqa ko‘pgina ishlar ham borki, ular orqali bexosdan aziyat yetkazib qo‘yish mumkin. Ulardan biri hiddir. Jamoat joylariga boradigan bo‘lsangiz, yuvinib, toza kiyimlar kiyib borishingiz lozim.
Akbarshoh RASULOV
10 avgust kuni, Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida ezgulik va saxovatga yo‘g‘rilgan xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Urganch shahrida istiqomat qiluvchi boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlaridan 35 nafariga yangi o‘quv yili oldidan maktab kiyimlari, sumkalar va zarur o‘quv qurollari sovg‘a qilindi.