Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.
O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir» deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.
Basmala – bu بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ dir, Qur’on o‘qimoqchi bo‘lgan kishi tilovatga kirishishdan avval basmala aytishi lozimdur.
Alloh taolo o‘z rasuliga shunday amr etgan:
اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ
O‘qi (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbing ismi bilan!. (A’laq surasi 1-oyat.).
كل أمر ذي بال لا يبدأ فيه ببسم الله فهو أبتر
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Avvali Allohning ismi ila boshlanmagan har bir ish, oxiri yaxshilik ila tugamaydigan ishdur”, deganlar.
Basmalani aytish Alloh taoloning buyrug‘iga va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishdur.
Basmala isti’ozadan keyin, oyatdan avval o‘qiladi. Faqatgina «Tavba» surasining boshida o‘qilmaydi. Sababi, mus'haflarda shunday kelgan. Yana bir sababi shuki, basmalada rahmat, mehr ma’nosi bor. «Tavba» surasi esa, urush, shiddat, mushriklarga nisbatan qattiqlik haqidadir. Yana boshqa bir sababi, «Tavba» surasi o‘zidan avvalgi «Anfol» surasining davomi, ya’ni, bu ikki sura aslida bitta sura ekanligi ehtimoli ham bor.
Istioza, basmala va suraning boshini o‘qilishi
1- hammasini qo‘shib o‘qish, ya’ni istioza, basmala va suraning boshini bir nafasda orasini uzmay, bir-biriga qo‘shib o‘qish.
2- hammasini alohida-alohida o‘qish, ya’ni istiozani o‘qib, to‘xtab, nafas olib, keyin basmalani o‘qib, to‘xtab, nafas olib, keyin suraning boshini o‘qish.
3- istioza va basmalani qo‘shib, bir nafasda o‘qib, to‘xtab, suraning boshini alohida o‘qish.
4- istiozani o‘zini o‘qib, to‘xtab, basmala va sura boshini bir-biriga qo‘shib, bir nafasda o‘qish.
Sura oxiri, basmala va keyingi suraning boshini o‘qlishi
Ya’ni bir surani tamomlab, keyingi suraga o‘tmoqchi bo‘lganimizda, quyidagi uch yo‘ldan birini tanlashimiz mumkin:
1- hammasini alohida-alohida o‘qish. Avvalgi suraning oxirgi oyatini o‘qib, to‘xtab, basmalani alohida o‘qib olib, keyin suraning boshini o‘qish.
2- hammasini qo‘shib o‘qish. Suraning oxiri, basmala va suraning boshini bir nafasda qo‘shib o‘qish.
3- suraning oxirini o‘qib, to‘xtab, basmalaga keyingi suraning boshini qo‘shib o‘qish.
Bunda to‘rtinchi ko‘rinish yo‘q, ya’ni suraning oxirini basmalaga qo‘shib o‘qib, to‘xtab, keyingi suraning boshi o‘qilmaydi, chunki basmala suraning oxirgi oyatiga o‘xshab qoladi. Basmala suraning boshida o‘qish uchundir, oxirida emas.
«Anfol» surasining oxirini va «Tavba» surasining boshini o‘qilishi
1- «Anfol» surasining oxirini «Tavba» surasining boshiga qo‘shib, bir nafasda o‘qish.
2- «Anfol» surasini tugatib, to‘xtab, «Tavba» surasini boshlash.
3- Sakta qilish. Ya’ni «Anfol» surasining oxirgi oyati va «Tavba» surasining boshini nafas olmay, to‘xtab, sakta qilib o‘qish.
Mulohaza:
Biz istioza, basmala va sura boshi haqida gapirib o‘tdik. Agar suraning boshidan emas, o‘rtasidan o‘qilmoqchi bo‘linsa, isti’oza, basmala va qasd qilingan oyat o‘qiladi.
«Tavba» surasining o‘rtasidan o‘qilmoqchi bo‘lsa, istiozaning o‘zi bilan kifoyalanib, basmalani o‘qimagan durust.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab e’lon qilingan «Mahalla obodligi va mehr-oqibat oyligi» doirasida xayrli va savobli tadbirlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti hamda Xo‘jayli tumanidagi «Pirim eshon» jome masjidi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qozisi B.Razov, qozi o‘rinbosari A.Djolaushiyev, Xo‘jayli tumani bosh imom-xatibi I.Sherniyazov, shahar va tuman bosh imomlari hamda joriy yilda Haj ziyoratini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirok etdilar.
Saxovatpesha homiylar ko‘magi bilan tashkil etilgan ushbu aksiya doirasida tumanning 14 ta mahallasida yashovchi 70 dan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Xonadonlarga tashrif buyurilib, farzandlar uchun maktab formalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi, diniy soha vakillari va hoji otalar fuqarolar bilan samimiy muloqotda bo‘lib, ularning fikr-mulohazalarini tingladilar.
Xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan bu kabi xayriya tadbirlari respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati