Juma – har bir daqiqasi Allohning marhamatiga to‘la bo‘lgan kundir. Ba’zan biz bu kunni boshqa kunlar singari oddiygina o‘tkazamiz, e’tiborsizlik qilib qanchadan-qancha savoblardan bebahra qolayotganimizni anglamaymiz. Binobarin, juma kuni:
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) juma kuni duolarning ijobat bo‘lishi haqida: “Bu kunda shunday fursat borki, musulmon banda namoz o‘qish uchun shu vaqtga duch keladi va Allohdan nimani so‘rasa, istaganini shubhasiz beradi”, dedilar (Buxoriy, Muslim).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlar uchun eng xayrli kun – juma kunidir. Shunday ekan bu kuni menga ko‘p salavotlar aytinglar, chunki bu kungi salavotlar menga ko‘rsatiladi”, deb aytganlar (Abu Dovud).
Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim «Kahf» surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi”, deganlar.
Avs ibn Avs (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimki juma kuni g‘usl qilib, masjidga yayov borsa, juma xutbasini chalg‘imasdan eshitsa va namoz o‘qisa, masjidga sari bosib o‘tgan har bir qadami uchun bir yillik (nafl) ro‘za va (nafl) tungi namozning ajri beriladi”, dedilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kimki g‘usl qilib, pokiza kiyim kiysa va mushk bilan xushbo‘ylansa, masjidga shoshmasdan borsa va imom ma’ruzasini bo‘lmasdan eshitsa va namoz o‘qisa u kishi uyga o‘tgan jumadan beri qilgan gunohlaridan forig‘ bo‘lgan holda qaytadi”, dedilar.
Boshqa bir hadisda esa, “Kimki juma namozidan so‘ng, oyog‘ini almashtirmasdan turib quyidagi suralarni 7 martadan o‘qisa: Fotiha, Ixlos, Falaq va Nos suralarini, Alloh subhanahu va Taolo uning avvalgi va oxirgi gunohlarini kechiradi va uni mukofotlaydi, deganlar.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim juma kuni g‘usl qilib, masjidga erta borsa, bitta tuya so‘ygandek bo‘ladi. Kim ikkinchi vaqtda borsa, xuddi bitta sigir so‘ygandek, kim uchinchi vaqtda borsa, xuddi bitta shoxdor qo‘chqor so‘ygandek, kim to‘rtinchi vaqtda borsa, xuddi bitta tovuq so‘ygandek, kim beshinchi vaqtda borsa, xuddi bir tuxum atagandek bo‘ladi. Imom (minbarga) chiqqanda esa farishtalar xutbani eshitishga hozir bo‘ladilar”, dedilar (Abu Dovud, Ibn Moja).
Ushbu hadislar juma kunining fazilati va savobi haqida bir eslatmadir. Barchamiz bu kunning ulug‘ fazilatlaridan to‘liq bahramand bo‘laylik.
M. Zufarova
tayyorladi
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV