Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyul, 2026   |   4 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:57
Xufton
21:29
Bismillah
18 Iyul, 2026, 4 Safar, 1448

Quroni karim tilovatining 20 odobi

24.01.2017   15224   3 min.
Quroni karim tilovatining 20 odobi

Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.
O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir» deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.
Ulamolarimiz Qur’oni Karim qiroati odobi haqidagi barcha dalillarni va mulohazalarni o‘rganib chiqqanlaridan keyin xulosa qilib, bu odoblarni quyidagicha tartibga soladilar:
1.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi tahoratli bo‘lishi lozim.
2.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi odobli bo‘lishi kerak.
3.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi cho‘kka tushib, tavozu’ bilan o‘tirishi kerak.
4.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi chordana qurib, yonboshlab yoki mutakabbir sifatda o‘tirmasligi kerak.
5.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi uchun eng afzal holat tik turgan holida namozda va masjidda o‘qimoqlikdir.
6.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi o‘zining muhim ishlarini tashlamasligi kerak. Ishdan bo‘shaganda qiroat qiladi.
7.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi uchun qiroat ko‘payib badaniga zarar yetkazadigan bo‘lmasligi kerak.
8.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi o‘ta shoshilib tartil va tajvidni buzmasligi kerak. Tilovatdan vaqtni qizg‘anib yoki boshqa sabablar bilan shoshilib o‘qimaslik.
9.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi oddiy kishi bo‘lsa, har kuni bir poradan o‘qib, bir oyda bir marta xatm qilib turishi kerak.
10.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi qiroatni ko‘p qilmoqchi bo‘lsa, uch kundan kam bo‘lmasligi kerak.
11.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi xatm qilganidan keyin Alloh taologa duo qilishi marg‘ubdir.
12.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi imkoni boricha tilovatni chiroyli qilishga harakat qilmog‘i mustahabdir.
13.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi qiroatni ichida qilmog‘i mustahabdir. Bu o‘ziga eshitiladigan qiroatdir.
14.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi ba’zi maqsadlar uchun ovozini baland qilib qiroat qilsa ham joiz.
15.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchining mus'hafi bo‘lsa, o‘sha mus'haf qarovsiz qolmasligi uchun har kuni ma’lum oyatlarni bo‘lsa ham unga qarab o‘qib turmog‘i lozim.
16.  Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi doimo o‘zi o‘qiyotgan kalom basharning emas, Alloh taoloning kalomi ekanini va U zotning ulug‘ligini his qilib turmog‘i lozim.
17.  Tilovatga kirishishdan oldin aqlni mashg‘ul qiladigan turli omillardan zehnni xoli qilish.
18.  Har gal tilovatga kirishish oldidan Alloh taolodan uni oson etishini chin dildan so‘rash va U Zotdan doimo g‘ayrat, kuch-quvvat va imkoniyatlar so‘rab duoyu iltijoda bo‘lish. Zotan Allohdan o‘zga hech kimdan quvvat va yordam yo‘qdir.
19.  Bu o‘rinda oddiy matnni emas, balki, buyuk ilohiy kitob, lafzi ham, ma’nosi ham Alloh tomonidan bo‘lgan, U Zotning qadiym kalomi bo‘lmish Qur’oni karimni, ilohiy vahiyni o‘qiyotganini unutmaslik, bu haqiqatni doimo his qilib turish.
20.  Bu yo‘lda to‘g‘ri niyat bilan qilingan har bir harakat va mashg‘ulot ibodat hisoblanishini doimo yodda tutish.


Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar oyida to‘y qilsa, safarga chiqsa bo‘ladi(mi?)

15.07.2026   4902   2 min.
Safar oyida to‘y qilsa, safarga chiqsa bo‘ladi(mi?)

Safar oyi qanday oy?

Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha (muharramdan keyingi) yilning ikkinchi oyidir.

Safar qanday ma’noni anglatadi?

Bu oy mevalar g‘arq pishib, barglar sarg‘aygan vaqtga to‘g‘ri kelgani uchun safar صفر – “sariq oy” deb nomlangan. Agar safar so‘zidagi “sod (ص)” harfi “sin (س)” bilan yozilsa “safarga chiqmoq”degan ma’noni anglatadi.

Safar oyi Islomdan oldingi johiliyat davrida.

Johiliyat davrida “Safar oyida yangi ish boshlab bo‘lmaydi, safarga chiqib bo‘lmaydi, oila qurib bo‘lmaydi” kabi shumlanishlar urf bo‘lgan. Hatto biror ishga kirishishdan oldin qush uchirib ko‘rishardi. Qush o‘ng tomonga uchsa, yaxshilikka yo‘yib, ishga kirishishar, chap tomonga uchsa, bu ishda yaxshilik yo‘q ekan, deb tark etishar, bordi-yu to‘g‘riga uchsa, qaytadan uchirib ko‘rishar edi.

Islom dini kelgandan keyin safar oyi – “Yaxshilik oyi” deb nomlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasalam: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav’u yo‘q va safar yo‘q”, dedilar.

Safar oyi to‘g‘risidagi turli bid’at-xurofotlar rad etildi. Oylarning hammasi Alloh taoloning oylari ekani e’lon qilindi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safar oyini qanday o‘tkazganlar?

1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina shahridagi “Masjidun Nabaviy”masjidlarini safar oyida qurganlar.

2. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Hazrat Ali roziyallohu anhuga safar oyida nikohlaganlar.

3. Aynan shu oyda safarga chiqib, Xaybar qal’asini fath qilganlar.

Demak, bu oyda yangi ish boshlash, oila qurish va safarga qilish joiz ekan.

Ammo, hozirgi kunda…

Afsuski, bugungi kunda ham “safar oyida ish boshlash, to‘y qilish, safarga chiqish xosiyatsiz” degan gaplar tez-tez uchrab turadi. Ularning hech qanday asosi yo‘q ekani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sunnatlaridan ma’lum bo‘ldi.

Eng muhimi – bandaga yetadigan musibat biror oyga bog‘liq bo‘lmaydi. Balki har bir yaxshilik ham, yomonlik ham faqatgina Alloh taoloning izni bilan sodir bo‘ladi. Taqdirga iymon keltirish dinimizning asoslaridan biridir. Inson boshiga tushadigan barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilmog‘i lozim. Alloh taolo: (Insonga) biror musibat yetgan bo‘lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (yetur). Kimki Allohga iymon keltirsa, (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag‘obun surasi, 11-oyat), deb marhamat qilgan.

Alloh taolo aqidamizni mustahkam, hidoyatida bardavom qilsin. Safar oyini barchamiz uchun xayrli va barakali bo‘lishini nasib etsin.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar