Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.
O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir» deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.
Ulamolarimiz Qur’oni Karim qiroati odobi haqidagi barcha dalillarni va mulohazalarni o‘rganib chiqqanlaridan keyin xulosa qilib, bu odoblarni quyidagicha tartibga soladilar:
1. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi tahoratli bo‘lishi lozim.
2. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi odobli bo‘lishi kerak.
3. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi cho‘kka tushib, tavozu’ bilan o‘tirishi kerak.
4. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi chordana qurib, yonboshlab yoki mutakabbir sifatda o‘tirmasligi kerak.
5. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi uchun eng afzal holat tik turgan holida namozda va masjidda o‘qimoqlikdir.
6. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi o‘zining muhim ishlarini tashlamasligi kerak. Ishdan bo‘shaganda qiroat qiladi.
7. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi uchun qiroat ko‘payib badaniga zarar yetkazadigan bo‘lmasligi kerak.
8. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi o‘ta shoshilib tartil va tajvidni buzmasligi kerak. Tilovatdan vaqtni qizg‘anib yoki boshqa sabablar bilan shoshilib o‘qimaslik.
9. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi oddiy kishi bo‘lsa, har kuni bir poradan o‘qib, bir oyda bir marta xatm qilib turishi kerak.
10. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi qiroatni ko‘p qilmoqchi bo‘lsa, uch kundan kam bo‘lmasligi kerak.
11. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi xatm qilganidan keyin Alloh taologa duo qilishi marg‘ubdir.
12. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi imkoni boricha tilovatni chiroyli qilishga harakat qilmog‘i mustahabdir.
13. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi qiroatni ichida qilmog‘i mustahabdir. Bu o‘ziga eshitiladigan qiroatdir.
14. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi ba’zi maqsadlar uchun ovozini baland qilib qiroat qilsa ham joiz.
15. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchining mus'hafi bo‘lsa, o‘sha mus'haf qarovsiz qolmasligi uchun har kuni ma’lum oyatlarni bo‘lsa ham unga qarab o‘qib turmog‘i lozim.
16. Qur’oni Karimni qiroat qiluvchi doimo o‘zi o‘qiyotgan kalom basharning emas, Alloh taoloning kalomi ekanini va U zotning ulug‘ligini his qilib turmog‘i lozim.
17. Tilovatga kirishishdan oldin aqlni mashg‘ul qiladigan turli omillardan zehnni xoli qilish.
18. Har gal tilovatga kirishish oldidan Alloh taolodan uni oson etishini chin dildan so‘rash va U Zotdan doimo g‘ayrat, kuch-quvvat va imkoniyatlar so‘rab duoyu iltijoda bo‘lish. Zotan Allohdan o‘zga hech kimdan quvvat va yordam yo‘qdir.
19. Bu o‘rinda oddiy matnni emas, balki, buyuk ilohiy kitob, lafzi ham, ma’nosi ham Alloh tomonidan bo‘lgan, U Zotning qadiym kalomi bo‘lmish Qur’oni karimni, ilohiy vahiyni o‘qiyotganini unutmaslik, bu haqiqatni doimo his qilib turish.
20. Bu yo‘lda to‘g‘ri niyat bilan qilingan har bir harakat va mashg‘ulot ibodat hisoblanishini doimo yodda tutish.
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV