Bir shahar o‘rtasida katta tosh turar edi. U o‘tgan-ketganlarga va aravalar yurishiga xalaqit berardi. Shahar hokimi maslahatchilarini chaqirib, toshdan qanday qilib qutilish mumkinligini so‘radi. Maslahatchilardan biri toshni portlatib maydalash kerak, dedi. Bu maslahat hokimga ma’qul kelmadi. Tosh portlatilsa, atrofdagi uylarga zarar yetishi mumkin edi. Ikkinchi maslahatchi boshqa shaharlardan tosh yo‘nuvchilarni chaqirib, uni qo‘l kuchi bilan maydalashni maslahat berdi. Bu taklif ham ma’qul kelmadi. Chunki bu ish uchun ko‘p mablag‘ va vaqt kerak edi. Ularning yonidan o‘tib ketayotgan bir dehqon tasodifan bu gaplarni eshitib qoldi. "Men toshdan oson va tez qutilish yo‘lini bilaman", dedi u. "Bu ish uchun qancha mablag‘ kerak bo‘ladi?" deb so‘radi hokim. "Hech qanday mablag‘ning keragi yo‘q, faqat bitta yordamchi bersangiz bo‘ldi", dedi dehqon.
Dehqon yordamchisi bilan tosh yonidan chuqur kavlay boshladi. Chuqur tayyor bo‘lgach, ko‘pchilik bo‘lishib toshni uning ichiga ag‘darishdi. Dehqon tosh ustidan tuproq tortib tekislab qo‘ydi. Bu ishni ko‘rib sevingan hokim dehqonni o‘ziga birinchi maslahatchi qilib oldi.
Bilginki, yo‘qchilik va qiyinchilik odamni ko‘p o‘ylashga majbur qilib, faylasuf qilib yuboradi, aksincha, to‘qchilik esa odamni lanj qilib, zehnni o‘tmaslashtiradi.
Akbarshoh RASULOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.