Bu voqea London shahrida bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilardan birining katta iti bo‘lib, uni Bob deb chaqirishar edi. Bob yong‘in bo‘layotgan joyga kirib, o‘t ichida qolib ketgan kichkina bolalarni qutqarishga o‘rgatilgan edi.
Bir kuni Bob va o‘t o‘chiruvchilar yonayotgan uy oldiga kelishdi. Uy alanga ichida qolgan, atrofda odamlar to‘plangan edi. Odamlar ichida bir ayol uy ichida ikki yashar qizchasi qolib ketganini aytib qattiq yig‘lardi. O‘t o‘chiruvchilar Bobni uy ichiga yuborishdi. Bob alanga ichiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bir ozdan keyin kichkina qizchani ko‘ylagidan tishlab olib chiqdi. Onasi qizini ko‘rib juda sevindi. Bobni bag‘riga bosib, boshini siladi. Lekin Bob yana uy ichiga intilar edi. Yonayotgan uyda yana kimdir bor bo‘lsa kerak, deb o‘ylab Bobni qo‘yib yuborishdi. Bob bir zumda olov ichida yo‘qoldi. Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Hamma nafasini yutib Bobni kutar edi. Shu payt olov ichidan Bob otilib chiqdi. Yana bir qizchani ko‘ylagidan tishlab olib kelar edi. Hamma bolani olish uchun unga intildi. Bob yaqinlashganda qarashsa, u bola deb olib chiqqan narsa kattagina qo‘g‘irchoq ekan. Hamma kulib yubordi. Bob esa o‘zining qilgan ishidan mamnun bo‘lib odamlarga qarab turardi.
Ba’zan jonivorlarning fidoiyligi insonlar uchun havas qilarli darajada bo‘ladi.
Akbarshoh RASULOV
Ozarbayjon safari davomida Turkiy davlatlar muftiylari va anjuman ishtirokchilari Boku, Fuzuliy, Ag‘dam, Shusha singari shaharlardagi muborak qadamjolarni ziyorat qilishdi. Xususan, Boku shahridagi Sayyid Yahyo Bakuviy ziyoratgohi va "Shahidlar xiyoboni"da bo‘ldilar.
Tashkilotchilar iltimosiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ag‘dam shahridagi tarixiy “Juma” masjidida turli davlatlardan kelgan muftiylar, ulamolar va martabali mehmonlarga peshin namozida imomlik qilib berdilar.
Ziyoratlar asnosida ulamolar tomonidan Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, qardosh ellar tinchligi, barqarorligi va birdamligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati