Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

27.01.2017 y. Aqidada adashmaylik

20.01.2017   7664   14 min.
27.01.2017 y. Aqidada adashmaylik

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Har bir musulmonning aqidasi to‘g‘ri bo‘lishi o‘ta muhimdir. Chunki aqida noto‘g‘ri bo‘lgan holda qilingan amallar qanchalar ko‘p va ixlos bilan bajarilgan bo‘lmasin, uning zarracha foydasi yo‘qdir. “Aqida” so‘zi lug‘atda: “aqd” so‘zidan olingan bo‘lib, “mahkam bog‘lamoq” ma’nosini anglatadi. “Aqida” so‘zining ko‘pligi esa “Aqoid” bo‘ladi.

Istilohda esa: Aqida ilmi deb – e’tiqod qilish vojib bo‘lgan narsalar to‘g‘risida bahs yuritadigan ilmga aytiladi. Ya’ni, har bir mukallaf bandaning qat’iy ishonishi, hamda qalbiga mustahkam qilib bog‘lab, o‘rnashtirib olishi lozim bo‘lgan – qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan shar’iy e’tiqodiy hukmlarga aqida deyiladi. Buyuk vatandoshimiz So‘fi Ollohyor rahmatullohi alayh aqoid ilmini o‘rganish zarurligini bayon qilib shunday degan:

Aqida bilmagan shaytona eldur

Agar ming yil amal deb qilsa yeldur

Ya’ni, aqidaning zaruriy masalalarini bilmagan kishi har qancha ibodat qilsa ham, sof Aqidani bilmagani sababli, qilgan ibodatlari uniga hech qanday naf bermaydi.

Chunki dinda ixlosning o‘zi kifoya qilmaydi. Ilmsiz, yolg‘iz ixlosning o‘zi bilan najot topaman degan kishilar adashadilar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytgan: “Ilmsiz amal qiluvchi – yo‘lni bilmasdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchi kabidir. Ilmsiz amal qilgan kishining islohidan ko‘ra fasodi ko‘proq bo‘ladi. Shunday ekan ibodatga zarar bermaydigan ilmni va ilmga zarar bermaydigan ibodatni talab qilinglar. Bir qavm ibodat talabida bo‘ldi va ilmni tark qildilar. Natijada ular ummati Muhammadga qilich ko‘tarib chiqdilar. Agar ularda ilm bo‘lganida, ular bu ishni qilmagan bo‘lar edi”.

Hasan Basriy rahmatullohi alayhning ushbu so‘zlari xavorijlarga nisbatan aytilgandir. Ma’lumki, xavorij firqasi o‘zlariga qarshi bo‘lganlarni kofirga chiqarib, ularning qonlarini to‘kishni halol sanaganlar. O‘zlariga qarshi chiquvchilarning diyorlarini “Dorul harb” deb nomlashgan. Ular Ali roziyallohu anhuning “tahkim”ni (ya’ni, Muoviya roziyallohu anhu bilan qilingan bitimni) qabul qilishini kufr deb hisoblagan. Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga jannat bashoratini bergan zotni kofirga chiqarishgan. Ali roziyallohu anhu ularning da’volariga javob berish hamda ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni elchi qilib yuborgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu va xavorij yetakchilari o‘rtasida keng bas'h-munozara bo‘lib o‘tgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ularning xatolarini ilmiy isbotlab berganlaridan so‘ng ulardan ikki mingdan ziyodi xavorijlikdan qaytgan edi.

Ming afsuski, bugungi kunda ham xuddi shu xavorijlar kabi “takfirchi” oqimlar paydo bo‘lib, omma musulmonlarni kufrda ayblab, do‘zaxga hukm qilayotgani achinarli holatdir.

Muhtaram jamoat! Aslida, musulmon kishi qachon dindan chiqadi? Gunohlar sababli musulmon kishini kofir deyish joizmi?

Musulmon kishini kufrga chiqarish juda ham xatarli ishdir. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qancha hadislarida musulmonlarni kufrga chiqarishdan qattiq qaytarganlar. Jumladan:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَيُّمَا رَجُلٍ قَالَ لِأَخِيهِ يَا كَافِرُ فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا. )رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Ya’ni, Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir kishi o‘zining birodariga “Ey kofir”, desa, (kufr hukmi) ikkisidan biriga qaytadi dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisda musulmon kishini kofirga chiqaruvchilar uchun katta tahdid bordir. Agar u kishining gapi rost bo‘lsa, mazkur birodarining kofir ekani tabiiydir. Ammo uning gapi yolg‘on bo‘lib chiqsa, shu gapni aytgan kishining o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki u kishi bu so‘zi bilan mo‘min kishiga kofirlik hukmini bergan bo‘ladi yoki imonni kufr degan bo‘ladi.

Aslida, birovni kofir deyish yoki kufrga chiqarish bilan kishi biror savobga erishib qolmaydi. Lekin gapi noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, o‘zining kofir bo‘lishi xavfi borligi nihoyatda katta xatardir. Ya’ni, haligi odam kofir bo‘lmasa, kofir degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi.

Imom Tahoviy shunday deganlar: “Banda o‘zini imonga kiritgan narsani inkor qilishi bilangina imondan chiqadi”.

Chunki imon bilan kufr bir biriga zid bo‘lgan narsalardir. Bularning biri botil bo‘lishi uchun ikkinchisi uning o‘rniga kelgan bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, musulmon kishi o‘zini imonga kiritgan narsani inkor qilgani aniq bo‘lmaguncha, garchi katta gunoh sodir qilgan bo‘lsa-da, modomiki, gunohni halol sanamagan bo‘lsa, uni kufrga hukm qilish aslo mumkin emasdir. U banda gunohi kabira qilishi bilan fosiq bo‘ladi, lekin kofir bo‘lmaydi.

Bularning barchasi dinda g‘uluvga ketish oqibatida kelib chiqadi. Dindagi g‘uluvga ketishning eng yomoni – yetarli ilmi bo‘lmagan holda Qur’oni karim va hadisdan o‘zicha hukm olishdir. Bundan tashqari, ilmsiz holda Sunnatga o‘zicha amal qilish va to‘rt mazhabdan birortasini e’tirof qilmaslik ham kishining adashishiga sabab bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ogohlantirib shunday deganlar:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِيَّاكُمْ وَالْغُلُوَّ فِى الدِّينِ فَإِنَّهُ أَهْلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمُ الْغُلُوُّ فِى الدِّينِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ

 Ya’ni, “Dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar. Chunki sizdan oldingilar dinda g‘uluvga ketishi sababli halokatga uchradi” (Ibn Moja rivoyati).

Dinda chuqur ketmaslik va taassub qilmaslik haqida Rasululloh alayhissalom shunday dedilar:

عن ابن مسعود رضي الله عنه أنَّ النبي صلى الله عليه وسلم قال: «هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ» قَالَهَا ثَلاَثاً.

 رواه مسلم

Ya’ni, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar”, deb uch marta aytdilar”. (Imom Muslim rivoyati).

Bundan murod musulmon kishi diniy ishlarda Qur’oni karim va nabaviy sunnatda bo‘lmagan turli ibodatlarni ko‘paytirib olib, me’yorga rioya qilmasdan haddan oshirib yuborishdir.

Shuni ta’kidlash lozimki, ba’zilar dinni juda ham yengil olib, Alloh taolo buyurgan amallarni ado qilishni ortga sursalar, yana ba’zilar esa uni haddan oshirib yuborishadi. Bu ikkisi ham noto‘g‘ridir. Hakim zotlardan biri aytgan ekan: “Bandalar Alloh taolo buyurgan ishlarni ado qilishlarida shaytonning ikki hamlasiga uchrashlari bordir: Biri - bandaning shu amalda nuqsonga yo‘l qo‘yishi bo‘lsa, ikkinchisi - bandaning shu amalda haddan oshirib yuborishidir. Shayton bularning qaysi birida g‘olib bo‘lishiga parvo qilmaydi. Ya’ni, qaysi birida bo‘lsa-da, g‘olib bo‘lishi uning uchun kifoyadir”.

Banda shaytondan ustun kelishi uchun amalini shariat mezoniga solib ko‘rsin. Agar amalida nuqson bo‘lmasa va haddan ham oshmasa, yutuq unikidir. Aksincha bo‘lsa, natija ham aksincha bo‘ladi. Buni bilish uchun ilm kerak. Inson to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini bilishi uchun avval to‘g‘ri yo‘l qaysi ekanini bilib olishi lozim. Shuning uchun shariatimiz ilmga buyurgan.

Muhtaram jamoat! Dinda g‘uluvga ketish - musulmon xalqlarining o‘rtasini bo‘lib yuborishga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida vatanda beqarorlik vujudga keladi. Yurtning quvvati zaiflashadi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَلَا تَنَازَعُوا فَتَفْشَلُوا وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ

Ya’ni, «Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro‘yingiz) ketib qolur» (Anfol surasi, 46-oyat).

Demak, o‘zaro kelishmovchilikda, nizoda va ixtilofda bo‘lish, turli oqim va firqalarga bo‘linish shu xalqning sustashishi va quvvatining ketib qolishiga sabab bo‘ladi.

Biz aksincha bo‘lishimiz, ya’ni birlashishimiz, bir yoqadan bosh chiqarishimiz va bu mustaqil yurtimizni turli yot g‘oya va kuchlardan ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz lozim bo‘ladi.

Bugungi kunda yoshlarning aqidasi to‘g‘ri bo‘lishi hamda dinda g‘uluvga ketmasliklari uchun ota-ona, ustoz va murabbiylardan katta mas’uliyat talab qilinadi. Ilmni, ayniqsa, diniy bilimni yoshlarimiz turli internet yoki shu kabi axborat vositalar orqali o‘rganib, o‘zlari bilmagan holda noto‘g‘ri e’tiqodga kirib qolishmoqda. Ilmni internetdan olinmaydi. Ko‘pgina aqidaviy va fiqhiy masalalarda nafaqat internet, hatto kitobning o‘zi ham kifoya qilmaydi. Internet ham, kitob ham hech qachon jonli ustozning o‘rnini bosa olmaydi. Bolalarimizning aqidasi to‘g‘ri shakllanishi uchun ular madrasa ko‘rgan, intizomiy dars o‘qigan jonli ustozlardan ta’lim olishlari zarurdir.

Hakimlardan biri aytgan ekan: “Insonning hidoyat topishida kitobning o‘zi kifoya qilmaydi. Chunki kitob ustoz bo‘la olmaydi. Balki jonli, ya’ni, insonlardan bo‘lgan ustozning o‘rni o‘ta muhimdir. Agar kitobning o‘zi ustozlikka kifoya qilganida, Alloh taolo minglab payg‘ambarlarni yubormagan bo‘lar edi. E’tibor bering, qancha kitob berilganu, qancha payg‘ambarlar yuborilgan. To‘rtta kitob berilgan bo‘lsa, yuz mingdan ziyod payg‘ambarlar yuborilgan. Payg‘ambarlarning hammasi ham kitob olib kelishmagan. Lekin ularning barchasi ustoz bo‘lib kelganlar”.

Alloh taolo Qur’on karimda shunday degan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَإٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ 

Ya’ni, “Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi, 6-oyat)

Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن أَبي هريرة رضي الله عنه أنَّ النبيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «كَفَى بالمَرْءِ كَذِباً أنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ». )رواه مسلم

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Eshitgan narsasini gapiraverishi kishining yolg‘onchiligiga kifoya qiladi”, dedilar. Muslim rivoyati.

Chunki kishi har xil xabarlarni eshitadi. Ularning ichida rosti ham bo‘ladi, yolg‘oni ham bo‘ladi. Agar tekshirib ko‘rmay, eshitganining hammasini gapiraversa, yolg‘on gaplarni ham gapirib qo‘yishi mumkin bo‘ladi.

Ayniqsa, internetdan kelgan xabarni boshqa birovlarga yuborishga shoshilmasdan, u xabar kimdan kelgani, shu xabarni yuborishning nima manfaati borligi va nima zarari borligiga e’tibor qaratish lozimdir. Aks holda bilib-bilmay ma’siyat ishlariga mubtalo bo‘lib qolishi mumkin.

Afsuski, bugungi kunda Suriya, Afg‘oniston kabi mamlakatlarda din niqobi ostida begunoh odamlarning qonini to‘kishlar, obod shahar-qishloqlarni vayron qilishlar davom etmoqda. Eng achinarlisi, aksariyat holatlarda bu urushlarga diniy tus berilyapti. Jangarilar o‘zlariga ergashmagan musulmonlarni kofirga chiqarib, qatl qilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Azizlar! Payg‘ambarimiz Muhammad (sav) hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg‘unchiliklar haqida xabar berib, ogoh etgan edilar:

" مَنْ خَرَجَ مِنْ أمَّتى عَلَى اُمَّتى لا يُفَرِّقُ بَيْنَ بِرِّهَا وَ فاجِرها وَلا يَتَحاشَى مُؤمِنْها وَ لايفى بِذيِ عَهْدِهَا  فَليْسَ مِنِّى (رواه ﻣﺴﻠﻢ

ya’ni: “Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo‘miniga ziyon tegishidan o‘zini tiymasa, bergan va’dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”.

Inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Barchalarimiz Alloh taolo bergan behisob ne’matlariga shukr qilgan holda bir-birlarimizga o‘zaro nasihat qilish, ilm va dinda taqvosi bilan mashhur ulamolarimiz aytgan pandu-nasihatlariga rag‘bat ko‘rsatib va ularga amal qilib borishimiz lozim. Mamlakatimizning barcha hududlarida yashovchi barcha xalqlar bilan tinch-totuv yashashga intilishimiz, oila, farzand tarbiyasida muhim bo‘lgan odob-ahloqqa rioya etishimiz kerak.

Alloh taolo Qur’oni karimda:

 وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا ... (سورة آل عمران/103

ya’ni: "Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va turli firqalarga bo‘linib ketmang ..."

 

Hurmatli namozxonlar! Musulmon kishi hamisha xushyor bo‘lmog‘i, tinchlikka rahna soladigan biror munkar ishni ko‘rsa, biror bir buzg‘unchilikka guvoh bo‘lsa, darhol oldini olmog‘i lozim.

Tinchlikning buzilishi esa - ilm va ma’rifat yo‘lining to‘silishi, o‘zaro yaxshilikning uzilishi, taraqqiyotning tanazzulga uchrashi, ishlab chiqarishning kamayib ketishi, tijoratlarning to‘xtab qolishi, kasb qilishning qiyinlashishi, yashash og‘irlashishi, har bir to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri xabarlarning tarqalib yurishi, odamlarning eshitganiga ishonib ketaverishi, xalq o‘rtasida vahimaning tarqalishi, rost xabarlarning inkor qilinishi, odamlarning begunoh qonlari to‘kilishi, ayollarning beva qolishi, yosh bolalarning yetim bo‘lishi kabi musibatlarga sabab bo‘ladi. Tinchlik yo‘qolsa jaholat kuchayadi, har xil jinoyatlar ko‘payadi va zulm tarqaladi.

Alloh taolo jannatmakon yurtimizni turli balo va ofatlardan, botil aqida va fitnalardan O‘zi asrasin! Xalqimizni ajdodlariga munosib to‘g‘ri aqidada sobit turadigan xalqlardan qilsin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   12360   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA