Ramazon oyi boshidan buyon saxovatpesha insonlardan "Vaqf" fondiga 772 million so'mdan oshiq xayriya kelib tushgan
Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifing (https://www.facebook.com/aoka.uz/videos/1693821061068839)da Fond rahbari vazifasini bajaruvchi Ziyovuddin Mirsodiqov ma'lum qildi:
O'tgan hafta davomida:
Respublikamiz bo'ylab 312 ta oilaga 58 150 000 so'mlik oziq-ovqat mahsulotlari;
moddiy ko'makka muhtoj 37 nafar fuqaroga 66 600 000 so'm pul mablag'lari xayriya qilingan bo'lsa, 700 dan ortiq hamyurtlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.
Ramazon oyining ikkinchi haftasi davomida fond tomonidan aholining ijtimoiy ko'makka muhtoj qatlami va diniy ta'lim muassasalari ustoz va talabalari uchun 111 million 720 ming so'mlik xayriya ishlari amalga oshirildi.
O'tgan hafta davomida fondning Surxondaryo viloyati filiali tashabbusi bilan homiylarni jalb qilgan holda viloyatdagi boshpanasiz, nochor oilaga 5 xonali uy qurib bitkazilib, to'liq jihozlangan holda xayriya qilindi.
Buxoro shahridagi "Sayfiddin Boxarziy" (Shayx ul-Olam) jome masjidida zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi tahoratxona namozxonlar ixtiyoriga topshirildi.
Mazkur inshoot bir vaqtning o‘zida 70 nafargacha namozxonga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Shuningdek, unda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus jihozlangan 4 ta alohida xona ham tashkil etilgan.
Inshoot yozgi va qishki mavsumlarda ibodat qiluvchilar uchun maksimal darajada qulay bo‘lgan barcha zarur sharoitlar, jumladan, isitish va sovitish tizimlari bilan to‘liq ta’minlangan.
Alloh taolo ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan homiylar, mehnat qilgan quruvchi va ustalarning ezgu amallarini dargohida husni qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati