Kunlardan bir kuni bir podshoh kasal bo‘lib qolibdi. Uni davolash uchun butun dunyodan tabiblarni chaqirishibdi, lekin hech biri podshohni davolay olmabdi. Shunda ular maslahat qilib bir qarorga kelishibdi. Agar baxtli odamni topib, uning ko‘ylagi podshohga kiydirilsa, u tuzaladi. Baxtli odamni topish uchun dunyoning hamma tomoniga choparlar jo‘natilibdi. Lekin hech kim "Men baxtliman", degan odamni topa olmabdi. Kimdir boy, lekin kasal, yana kimdir sog‘, ammo kambag‘al, boshqasi boy, sog‘, biroq oilasi notinch – xullas, hamma nimadandir nolir edi.
Bir kuni tunda podshohning o‘g‘li shahar ko‘chalarini aylanib yursa, bir hovlidan kimningdir gapini eshitib qolibdi. U: "Yaxshi ishladim, pulimni oldim, qornim to‘ydi, endi maza qilib uxlayman. Mendan baxtli odam yo‘q", debdi. Podshohning o‘g‘li sevinib ketib, tezda xizmatkorlarini jo‘natibdi. Katta pul evaziga o‘sha odamning ko‘ylagini olib kelishni tayinlabdi. Xizmatkorlar hovliga kirib shahzodaning buyrug‘ini bajarmoqchi bo‘lishibdi, lekin qarashsa, haligi "baxtliman" degan odam shunchalar qashshoq ekanki, hatto egnida ko‘ylagi ham yo‘q ekan.
Ey inson, bilginki, baxt keluvchi va ketuvchi narsadir. Odam o‘zini bir muddat baxtli hisoblashi uchun boy bo‘lishi shart emas, balki bor narsasiga shukr qilsa kifoya.
Akbarshoh Rasulov
Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — "The Chosun Daily"da Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik" sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, bugungi alohida strategik sheriklik, savdo-investisiya aloqalari hamda munosabatlarni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan.
so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshgan;
Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investisiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgan;
Ayni paytda mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar amalga oshirilmoqda;
KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollardan ortiq;
2025 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshgan.
Prezident ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchanligi yangi o‘sish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidlab, hamkorlikni umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish darajasiga olib chiqish muhimligini ta’kidladi.
"Ishonchim komilki, aynan shu asosda hamkorligimizning yangi sahifasini ochishimiz — alohida sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz mumkin. Bu esa mamlakatlarimiz barqaror va uzoq muddatli farovonligining yanada mustahkam poydevorini barpo etadi".
Maqolada sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmasevtika, aqlli qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Shuningdek, ta’lim va inson kapitaliga investisiya kiritish, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi e’tirof etgan.
Prezident, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya Respublikasi sammiti O‘zbekiston va Koreya munosabatlari bilan bir qatorda, butun mintaqa bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon ekaniligiga alohida urg‘u berdi.
"...O‘zbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida. Bu tashabbuslar “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yo‘naltirilgan mexanizmga aylantirishga qaratilgan".
Prezident maqolasida qayd etilganidek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, innovatsiya va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
"Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman"- deydi Davlatimiz Rahbari maqolada.
Ma’lumot o‘rnida: Ze Chosun Daily — 1920 yilda tashkil etilgan «Chosun Ilbo» mediaguruhi tarkibidagi nashr bo‘lib, Koreya Respublikasidagi yirik axborot platformalaridan biri hisoblanadi.
Nashr siyosat, iqtisodiyot, jamiyat va xalqaro munosabatlarga oid dolzarb voqealarni keng yoritib boradi. Unda O‘zbekiston Prezidentining maqolasi e’lon qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikka bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir ifodasidir.