Kunlardan bir kuni bir podshoh kasal bo‘lib qolibdi. Uni davolash uchun butun dunyodan tabiblarni chaqirishibdi, lekin hech biri podshohni davolay olmabdi. Shunda ular maslahat qilib bir qarorga kelishibdi. Agar baxtli odamni topib, uning ko‘ylagi podshohga kiydirilsa, u tuzaladi. Baxtli odamni topish uchun dunyoning hamma tomoniga choparlar jo‘natilibdi. Lekin hech kim "Men baxtliman", degan odamni topa olmabdi. Kimdir boy, lekin kasal, yana kimdir sog‘, ammo kambag‘al, boshqasi boy, sog‘, biroq oilasi notinch – xullas, hamma nimadandir nolir edi.
Bir kuni tunda podshohning o‘g‘li shahar ko‘chalarini aylanib yursa, bir hovlidan kimningdir gapini eshitib qolibdi. U: "Yaxshi ishladim, pulimni oldim, qornim to‘ydi, endi maza qilib uxlayman. Mendan baxtli odam yo‘q", debdi. Podshohning o‘g‘li sevinib ketib, tezda xizmatkorlarini jo‘natibdi. Katta pul evaziga o‘sha odamning ko‘ylagini olib kelishni tayinlabdi. Xizmatkorlar hovliga kirib shahzodaning buyrug‘ini bajarmoqchi bo‘lishibdi, lekin qarashsa, haligi "baxtliman" degan odam shunchalar qashshoq ekanki, hatto egnida ko‘ylagi ham yo‘q ekan.
Ey inson, bilginki, baxt keluvchi va ketuvchi narsadir. Odam o‘zini bir muddat baxtli hisoblashi uchun boy bo‘lishi shart emas, balki bor narsasiga shukr qilsa kifoya.
Akbarshoh Rasulov
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati