frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Islom jinoyatchilikni qoralaydi

06.04.2023   3910   3 min.
Islom jinoyatchilikni qoralaydi

Muqaddas dinimizda har-bir mo'minning o'ziga yarasha haq va majburiyatlari bor. Bularning barchasi Robbisiga qullik qilish asnosidagi vazifalardir. Ya'ni, ibodatlar va muomalotlar. Ibodatlar deganda, banda bajarishi kerak bo'lgan barcha farz va nafl amallarni o'z ichiga oladi. Namoz, ro'za, zakot, haj va hokazolar kabi. Muomalotlar deganda esa, eng avvalo ota-ona va farzand borasidagi haq-huquqlar, so'ngra qarindosh-urug', qo'ni-qo'shni va jamiyatda yashovchi har-bir inson bilan qilinadigan ijtimoiy muloqotlardir. Ushbularga amal qilish bu - Alloh taolo tomonidan ajrlarga, mukofotlarga sazovor bo'lishning boisi bo'lsa, ularga rioya qilmaslik, albatta insonni gunohkor bo'lishiga va azobga duchor bo'lishiga sabab bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: ''Men jinlar va insonlarni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim'' (Zoriyot, 56). Ya'ni, ushbu oyatdagi ibodat ma'nosi, yuqorida zikr qilingan barcha haq va majburiyatlarni banda tomonidan ijrosini ta'minlab qo'yishdir. Shuning uchun ham dinni jamiyatda ahamiyati yuksak. Qaysi bir joyda din bo'lmasa, odamlar halol, haromning farqiga bormasa, gunohni nima ekanini anglamasa, oqibatini his etmasa, hohlagan ishini qilsa, tabiiyki, usha jamiyat parokandalikka yuz tutadi. Jinoyatchilik avj oladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: ''Din nasihatdir'', deb bejiz aytmaganlar. Ya'ni, agar shu nasihatchi dinimiz bo'lmasa, Alloh asrasin, holatimiz ancha ayanchli bo'lardi. Qolaversa, musulmonchilikda itoatsizlik, jinoyatlar sari etaklaydigan har-qanday holat, hoh u moddiy, hoh ma'naviy bo'lsin, qattiq qoralangan.

Alloh taolo O'zining Kalomida shunday deydi: "Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir." (A'rof, 56). Bir joyga borib buzg'unchilik qilish, odamlarni bir-biriga gij-gijlab, fitnalar qilishning o'zigina emas, balki ko'pincha ko'zimiz ilg'amaydigan mayda xatoliklarga yo'l qo'yishni ham aytsa bo'ladi. Chunki gohida biz e'tibor qilmaydigan ushbu kamchiliklar bora-bora ulkan gunohlarga aylanib ketishi mumkin.

Qonunchiligimizda, bir jinoyat qilgan odamga ayrim holatlarda, bir nechta moddalar qo'llaniladi. Ya'ni, falon moddaning a va b bandiga asosan aybdor, deb topilsin, degan ma'noda. Dinimizda ham shu kabi holat bor. Ya'ni, bitta gunoh ishni qilish ortidan bir nechta xatolik qilgan odam sifatida baholash. Masalan, bir mo'minning uyini o'margan odamni olaylik. O'g'rilik qilishi bir gunoh. Mo'minning moliga tajovuz qilish harom, bu ikkinchisi. Birovning uyiga so'roqsiz kirishi esa, uchinchi gunohdir. Ya'ni, birgina o'g'rilik ketidan uch xil gunohni bo'yniga yuklab olmoqda. Albatta bunday misollarni boshqa ko'rinishdagi xatolarda ham keltirish mumkin. Aytmoqchi bo'lganimiz, inson qaysi jinoyatga qo'l urmasin, o'g'irlik, zino, qatl kabi ulkan gunohlar bo'ladimi, yoki boshqa mayda bezorilikmi, toki sidqidildan pushaymon bo'lib, tavbalar qilmas ekan, oqibati alamli azob bo'ladi, o'zgasi emas. Bu tushunchalarni esa, bugungi kunda o'sib kelayotgan avlodga to'g'ri singdirishga harakat qilmas ekanmiz, kelajakda o'zimizga og'ir yuk bo'ladi.

 

Qodirjon Umurzakov
Pop tumani «Muhammadjon qori»jome masjidining imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Obod maskanga aylangan Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi

21.09.2026   3138   6 min.
Obod maskanga aylangan Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi

Qadim va boy tarixga ega O‘zbekistonda muqaddas ziyoratgoh  va madaniy yodgorliklar juda ko‘p. Ular xalqimizning o‘tmishini o‘zida mujassam etgan milliy qadriyatlarimiz namunasi, xalqimizning bebaho mulki hisoblanadi. Qolaversa, yurtimizdagi yuzlab ko‘hna va betakror obidalar asrlar davomida jahon ahlini lol etib keladi. Shu bois, ularni o‘rganish, muhofaza qilish, tiklash, obodonlashtirish, kelajak avlodga bus-butun yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Qilichmozor qishlog‘ida Qutayba ibn Muslim (r.a.) nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh va maqbara bor. Tarixchi Muhammad Narshahiyning “Buxoro tarixi” asarida “Qutaybaning qabri Farg‘ona (vodiy)da mashhur bo‘lib, “Raboti saroxang” degan joyda “Kox” deb ataladigan (hozirgi Qilichmozor) bir qishloqda. Odamlar ziyorat uchun hamisha u yerga borib turadilar” deb yozilgan. 

Turli tarixiy manbaalarda keltirilgan rivoyatlarga ko‘ra, butun Movarounnahrni bo‘yinsudirgan Qutayba ibn Muslim (r.a.) Farg‘onaning Raboti Sarhang degan joyida otashparast shohlardan Ku Lunj askarlari zarbasiga dosh bera olmay to‘xtab qoladi. Mustahkam qo‘rg‘onni qamal qilib ham dushmanni yenga olmaydi. Islom sarkardasi tunu kun ibodat qilib, namozlarida Allohdan sinoat ko‘rsatishini so‘rab duo qiladi. Yaratganning qudrati ila mo‘jiza yuz beradi. Otashparastlar shoxining qizi malika Sultonbegim qalbini ochadi. Qiz tushida ko‘rgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan oqsoqolning da’vati ila imon keltiradi. Muslima Sultonbegim iymon keltirar ekan, Alloh yo‘lida mislsiz jasorat ko‘rsatadi. O‘z otasi, o‘z e’tiqodiga qarshi chiqib, musulmonlarga g‘alaba olib keluvchi yagona yo‘l – qal’aga ichimlik suvi keluvchi yashirin suv yo‘lini ko‘rsatib beradi. Suv berkitiladi. Suvsizlikdan otashparastlar taslim bo‘ladi. Qutayba (r.a) iymon keltirib, o‘z xalqini islomga da’vat etgan malikaga uylanadi va uchta farzand ko‘radi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qutayba ibn Muslim (r.a.) (660 - 715) yirik islom fotihlaridan bo‘lib, harbiy sarkarda, tajribali lashkarboshi edi. Milodiy 706 yilda xalifa Yusuf Hajjoj Abdumalik ibn Marvon farmoni bilan Xuroson amiri lavozimiga tayinlangan va unga Movarounnahrni fath etish vazifasi yuklatilgan. Qutayba (r.a.) 706-713 yillarda to‘liq g‘alaba qilib, o‘lkaga islom dinini olib kirdi va uning mustahkamligi uchun ulkan zamin yaratdi.

Ayrim manbalarda keltirilishicha, Sohibqiron Amir Temur Qutayba (r.a.) dafn etilgan joyni muqaddas bilib, buyuk islom sarkardasining qabri ustiga Samarqanddan me’mor jo‘natib, ko‘rkam va mahobatli maqbara qurdirgan. Bu maqbara 1935 – 1936 yillarda buzib tashlangan.

1975 – 1978 yillarda Andijon viloyati rahbari bo‘lib ishlagan Bektosh Rahimov tashabbusi xaroba holga kelib qolgan maqbara milliy me’morchilik an’analari asosida qayta qurilgan. Ikki xonali maqbaraning asosiy xonasi tashqaridan kvadrat asosida bo‘lib, ichkarisi sakkiz burchakli, tomonlari chuqur mehrobsimon ravoqlar bilan ko‘tarilib, diametri 5,5 metrli gumbaz bilan yopilgan, gumbaz o‘rtasida esa qabr joylashgan bo‘lib, maqbara g‘arbidagi dahliz ziyoratchilar uchun mo‘ljallangan.

Bugungi kunga kelib, ushbu maskan odamlar ko‘p keladigan gavjum ziyoratgohga aylangan. Bu yerda bir necha yildan buyon qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ziyoratgoh majmuasining qurilishi, obodonlashtirish ishlarida Jalaquduq tumanidagi korxona, tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, qo‘yingki, juda ko‘p saxovatpesha insonlar yaqindan yordam bermoqda. Islom tarixi sahifalaridan munosib o‘rin olgan ulug‘ zot nomi bilan ataluvchi mazkur ziyoratgoh 2006 yilda tarixiy va madaniy meros obyekti, ziyoratgoh sifatida davlat muhofazasiga olingan.

Keyingi yillarda viloyat, tuman hokimliklari, saxiy insonlar ko‘magida ziyoratgohni kengaytirish, obodonlashtirish borasida katta hajmdagi qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shu kunlarda majmua tarkibidagi binolarning so‘nggi pardozlash ishlari yakuniga yetmoqda. Pardozlash ishlari andijonlik, qo‘qonlik hamda Buxorodan kelgan mohir ustalar tomonidan bajarildi. Ziyoratgoh majmuasi butunlay yangicha qiyofaga keltirilib, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratiladi.

Maxsus loyiha asosida barpo etilgan ziyoratgoh hududida ikki qavatli besh ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, aylanasiga muzey, kutubxona va ziyoratchilar uchun alohida xonalar qurildi. Bundan tashqari, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona ham barpo etildi.

Majmua o‘rtasida joylashgan qabr ustiga balandligi 20 metr bo‘lgan gumbaz, gumbazning to‘rt tomonida ziyoratchilar uchun o‘ziga xos ko‘rinishga ega soyabonlar, maqbaradan uncha uzoq bo‘lmagan joyga, tarixiy, zamonaviy ko‘rinish uyg‘unlashgan landshaft asosida sharshara barpo etildi.

Ziyoratgohga olib kiradigan katta yo‘l boshiga arka - “Roboti sarxang”, ya’ni, arkali maxsus katta darvoza qurildi. Yaqin yillar ichida Qutayba ibn Muslim (r.a.) bu ziyoratgoh mehmonlar va ziyoratchilar bilan gavjum eng obod maskanga aylanadi.

Qutayba ibn Muslim (r.a.) ziyoratgohi majmuasiga nafaqat yurtimizdan, balki yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan ham mehmonlar, sayyohlar tez-tez kelib turadi. Shu yilning o‘zida ziyoratgohga Afg‘oniston, Indoneziya, Hindiston, Pokiston, Xitoy davlatlaridan, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondan yuzlab ziyoratchilar tashrif buyurmoqda.

– Ziyoratgoh majmuasi qurilishi, obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda, Qutayba ibn Muslim hayoti, faoliyati, uning nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh tarixi, bu yerda barpo etilayotgan majmua, uning ahamiyati haqida yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlodga kengroq ma’lumotlar berish maqsadida qator kitoblar chop etildi, – deydi “Jalaquduq hayoti” gazetasi muharriri Shukurillo Xayitoxunov. – Jumladan, hozirga qadar “Qutayba ibn Muslim”,  “Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi”, “Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi mo‘jizalari” “Sulton oyim ziyoratgohi””, “Jur’at va jasorat”, “Qo‘mondon” singari qator kitoblar chop etildi. Ushbu kitoblar qirg‘iz, rus va ingliz tillariga tarjima qilindi.

Mazkur kitoblar Islom olamining ulug‘ va mashhur zotlaridan biri Qutayba ibn Muslim, uning nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh va ziyoratgoh majmuasini targ‘ib etish bilan birga, keluvchilar, xorijiy sayyohlarga keng ma’lumotlar beradi. Qolaversa, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida qadim tariximizga, yurtimiz zaminida yashab o‘tgan ulug‘ zotlarga bo‘lgan hurmat, yurtdan faxrlanish tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.

Muallif: Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari