Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

20.01.2017 y. Til ofatlaridan saqlanaylik

13.01.2017   8999   13 min.
20.01.2017 y. Til ofatlaridan saqlanaylik

(g‘iybat va bo‘hton misolida)

بسم الله الرحمن الرحيم  

Muhtaram jamoat! Alloh taolo bu borliqni haq bilan yaratib, borliqning eng mukarram mavjudoti bo‘lmish insondan hayotini haq ila olib borishini talab qildi. Faqat haqni gapirishga, faqat haqqa amal qilishga buyurdi. Biz ushbu buyruq va qonun asosida yashasakgina saodatli bo‘lamiz.

Bugungi juma suhbatimiz tilning eng katta ofatlaridan hisoblangan ikki illat – g‘iybat va bo‘hton haqidadir.Insonning baxtli yoki baxtsiz bo‘lishida tilning ahamiyati beqiyosdir. Shuning uchun shariatimiz tilni saqlashga hamda unga aloqador bir qancha odoblarga rioya qilishga buyurgan.

Islom nuqtayi nazarida til Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biri hisoblanadi. Til – insonning jismonan kichichk ammo mas’uliyat va vazifa jihatidan  e’tiborga molik a’zosidir. Shuning uchun ham Qur’oni karimda Alloh taolo uni minnat qilib:

أَلَمْ نَجْعَلْ لَهُ عَيْنَيْنِ  وَلِسَانًا وَشَفَتَيْنِ

ya’ni: «Axir, Biz unga ikki ko‘z, til va ikki lab paydo qilmadikmi?!» deydi. (Balad, 8-9 oyatlar).

            Shunday ekan, tilning foydasi bilan birga xatari ham juda katta ekanini unutmaslik lozim bo‘ladi. Gapni til gapiradi-yu, lekin uning alamini esa boshqa a’zolar tortadi. Tilning xataridan faqat yaxshi so‘zni so‘zlash hamda sukut saqlash bilan najot topish mumkindir. Shuning uchun shariatimiz sukut saqlagan kishini ko‘plab joylarda madh qilgan va sukut saqlashga targ‘ib ham qilgan. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْروٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: "مَنْ صَمَتَ نَجَا".

 (رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim sukut saqlasa, najot topadi”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Bandaning qalbi to‘g‘ri bo‘lishi uchun ham uning tili to‘g‘ri bo‘lishi hamda uni turli ma’naviy jinoyatlardan saqlashi muhim omil hisoblanadi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يَسْتَقِيمُ إِيمَانُ عَبْدٍ حَتَّى يَسْتَقِيمَ قَلْبُهُ وَلَا يَسْتَقِيمُ قَلْبُهُ حَتَّى يَسْتَقِيمَ لِسَانُهُ وَلَا يَدْخُلُ رَجُلٌ الْجَنَّةَ لَا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ.

 (رَوَاهُ أَحْمَدُ)

ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Bandaning qalbi to‘g‘ri bo‘lmaguncha, uning imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uni tili to‘g‘ri bo‘lmaguncha, qalbi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi, dedilar”. Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Muhtaram jamoat! Musulmon kishi boshqa bir musulmonning aybini ko‘rsa, uning obro‘sini to‘kmasdan, uning o‘ziga yolg‘iz holida nasihat qilishi lozim bo‘ladi. Ba’zi insonlarning “Men g‘iybat qilmayapman, bu – haqiqat”, deyishi mutlaqo noto‘g‘ridir. Aslida, bu o‘rinda haqiqatni gapirgani uchun g‘iybat hisoblanadi. Agar haqiqat bo‘lmaganida, tuhmat – bo‘hton bo‘lar edi.

Hadisi sharifda g‘iybat va bo‘hton haqida shunday deyilgan:

عن أَبي هريرة رضي الله عنه أنَّ رسُولَ الله صلى الله عليه وسلم قَالَ: «أَتَدْرُونَ مَا الْغِيبَةُ»؟ قالوا: اللهُ وَرَسُولُهُ أعْلَمُ، قَالَ: «ذِكْرُكَ أخَاكَ بِما يَكْرَهُ» قِيلَ: أفَرَأيْتَ إنْ كَانَ في أخِي مَا أقُولُ؟ قَالَ: «إنْ كَانَ فِيهِ مَا تَقُولُ، فقد اغْتَبْتَهُ، وإنْ لَمْ يَكُنْ فِيهِ مَا تَقُولُ فَقَدْ بَهَتَّهُ». (رواه مسلم).

ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: G‘iybat nima ekanini bilasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Alloh va Uning rasuli biluvchiroqdir”, deyishdi. Shunda u zot: “O‘z birodaringni u yoqtirmaydigan narsa bilan zikr qilishing”, dedilar. (Shunda:) “Aytingchi, men aytgan narsa birodarimda bor bo‘lsa-chi?”, deyildi. U zot: “Agar sen aytgan narsa unda bor bo‘lsa, uni g‘iybat qilgan bo‘lasan, agar sen aytgan narsa unda yo‘q bo‘lsa, unga bo‘hton (tuhmat) qilgan bo‘lasan”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Demak, biror bir insonning ayblarini uning yo‘qlida gapirishga g‘iybat deyilar ekan. Bu ayblar uning jasadi, nafsi, axloqi, qilgan ishlari, aytgan so‘zlari, kiyinishi, uyi, oilasi, bolalari, ota-onasi, nasl-nasabi  va shu kabi unga tegishli bo‘lgan barcha narsalarga aloqador bo‘lgan ayblardir. Mana shu ayblarni uning yo‘qligida zikr qilish g‘iybat hisoblanadi.

Biror kimsa haqida yolg‘on to‘qib gapirishga esa bo‘hton deyiladi. G‘iybat – gunohi kabiralardan hisoblanadi. Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh: “G‘iybatning gunohi kabira ekanida ixtilof yo‘qdir, shuning uchun g‘iybat qilgan kishi Alloh azza va jallaga tavba qilishi lozim”, degan.

Shuningdek, ba’zi insonlarni g‘iybat qilish boshqa insonlarni g‘iybat qilishdan ko‘ra gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Ya’ni, Alloh taoloning do‘stlari bo‘lgan ulamolarni g‘iybat qilishning gunohi juda ham og‘ir bo‘lgani uchun ba’zi hakimlar: “Ulamolarning go‘shti zaxarlidir”, deyishgan. G‘iybat qilish - o‘lgan birodarining go‘shtini yeyish bilan birobar bo‘lgani sababli shunday deyilgan. Ha, inson zaharlangan go‘shtni yeb o‘lgani kabi, ulamolarni g‘iybat qilgan kishi ham dunyo va oxiratini barbod qiladi. Shunday ekan, ulamolarga bo‘hton qilayotganlar haqida nima deyish mumkin?!

Bo‘htonning gunohi esa  g‘iybatning gunohidan ham  kattaroqdir. Chunki g‘iybat bir insondagi bor ayblarni ovoza qilish bo‘lsa, bo‘hton u inson aytmagan so‘zlar hamda qilmagan ishlarni unga nisbat berib, tuhmat qilishdir.  Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday degan:

وَالَّذِينَ يُؤْذُونَ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ بِغَيْرِ مَا اكْتَسَبُوا فَقَدِ احْتَمَلُوا بُهْتَانًا وَإِثْمًا مُبِينًا

ya’ni: «Mo‘min va mo‘minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo‘hton va aniq gunohni o‘zlariga olgan bo‘lurlar» (Ahzob surasi, 58-oyat)

Insonlarning obro‘siga tegishning gunohi haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ «إِنَّ مِنْ أَرْبَى الرِّبَا الاِسْتِطَالَةَ فِى عِرْضِ الْمُسْلِمِ بِغَيْرِ حَقٍّ». (رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ

ya’ni, Said ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Eng ko‘p (zararli) bo‘lgan sudxo‘rlikdan biri – musulmonning obro‘siga nohaqdan til tekkizishdir”, dedilar”.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ

ya’ni, “Ey, mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir”. (Hujurot surasi, 12-oyat)

Ushbu oyatda Alloh taolo “Ey, mo‘minlar!” deb, siz va bizga xitob qilmoqda. Demak, komil mo‘minlikni da’vo qilar ekanmiz, biz bunday gunohlardan – g‘iybat va bo‘htondan saqlanishimiz lozimdir. Aks holda, bunday kishi mo‘minlik mezonini buzib, fosiqlik qilgan bo‘ladi.

Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن أنسٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رسول الله صلى الله عليه وسلم: «لَمَّا عُرِجَ بي مَرَرْتُ بِقَومٍ لَهُمْ أظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ يَخْمِشُونَ بها وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ فَقُلْتُ: مَنْ هؤُلاءِ يَا جِبرِيلُ؟ قَالَ: هؤُلاءِ الَّذِينَ يَأكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ في أعْرَاضِهِمْ!». (رواه أَبُو داود

ya’ni, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Me’rojga chiqqanimda, misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlari va ko‘ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Shunda men: “Ey Jabroil, bular kimlar?”, dedim. U: “Bular (dunyoda) odamlarning go‘shtlarini yeb, ularning obro‘larini to‘kadiganlar”, dedi” dedilar.

Bu hadis bizga g‘iybatchining qiyomat kungi ahvoli naqadar ayanchli ekanidan darak beradi. Yana bir hadisda esa shunday deyilgan:

عَنْ أَبِى بَرْزَةَ الأَسْلَمِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم «يَا مَعْشَرَ مَنْ آمَنَ بِلِسَانِهِ وَلَمْ يَدْخُلِ الإِيمَانُ قَلْبَهُ لاَ تَغْتَابُوا الْمُسْلِمِينَ وَلاَ تَتَّبِعُوا عَوْرَاتِهِمْ فَإِنَّهُ مَنِ اتَّبَعَ عَوْرَاتِهِمْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ وَمَنْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ يَفْضَحْهُ فِى بَيْتِهِ».(رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ

ya’ni, Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey tili bilan imon keltirib, qalbiga esa imon kirmaganlar, (qalbi bilan imon keltirmaganlar) musulmonlarni g‘iybat qilmang va ularning aybini poylab-qidirmanglar! Chunki kim ularning aybini qidirsa, Alloh taolo uning aybini qidiradi va agarchi uyining ichida (odamlardan maxfiy bo‘lsa ham, uni oshkor  qilib,) sharmanda qiladi”, dedilar”. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

Ushbu hadisdan g‘iybat qilish mo‘minga nisbatan begona axloq ekani hamda uning imon nurini so‘nishi sabab bo‘lishi ma’lum bo‘ladi.Inson borki, u jamiyat bilan birga yashaydi. Jamiyat a’zolaridan har birining o‘z hurmat-e’tibori bor. Agar jamiyatda g‘iybat zahri sochilsa, odamlar bir biriga bo‘hton toshini otishsa, ularning hurmati poymol bo‘ladi va buning natijasida jamiyatning tinchligi buziladi.

Muhtaram jamoat!  Aslida, islom dini odamlarning aybini ochishga emas, balki berkitishga buyurgan. Bundan maqsad gunohlar tarqalishining oldini olishdir. Chunki odamlar gunohlar haqida takror-takror eshitaversa, shu ishga ularning tabiati o‘rganib qoladi va buning natijasida shu gunohlarni oddiy qabul qiladigan bo‘lib qolishadi.

Islom dinimiz odamlarni birdamlikka targ‘ib qiladi. G‘iybat va bo‘hton esa jamiyat a’zolari o‘rtasida hiqdu-hasad va adovat urug‘ini sochadi hamda ijtimoiy aloqalarni zaiflashtirib,  buzib yuboradi. Hatto ba’zi holatlarda bu narsa turli fitna va qon to‘kilishgacha olib borishi mumkin.

Nafaqat g‘iybat qilishning o‘zi harom qilingan, balki g‘iybatni tinglash, g‘iybat majlislarida qatnashish ham man qilingandir. Aksincha, musulmon kishining birorta birodari g‘iybat qilinayotgan bo‘lsa, uni himoya qilishi lozim bo‘ladi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ ابْنِ أُمِّ عَبْدٍ يَقُولُ: مَنِ اغْتِيبَ عِنْدَهُ مُؤْمِنٌ فَنَصَرَهُ جَزَاهُ اللهُ بِهَا خَيْرًا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَ مَنِ اغْتِيبَ عِنْدَهُ مُؤْمِنٌ فَلَمْ يَنْصُرْهُ جَزَاهُ اللهُ بِهَا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ شَرًّا... (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ

ya’ni, Ibn Ummu Abd (Abdulloh ibn Mas’ud) roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kimning huzurida bir mo‘min g‘iybat qilinganda, uni himoya qilsa, Alloh taolo bu sababli, uni  dunyo va oxiratda yaxshi mukofotlaydi. Kimning huzurida bir mo‘min g‘iybat qilinganda, uni himoya qilmasa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda yomon jazolaydi”.(Imom Buxoriy rivoyati).

G‘iybat qiluvchi kishi zolim, g‘iybat qilingan esa mazlum bo‘ladi. Alloh taolo qiyomat kuni mazlumning haqqini zolimdan olib beradi. Ya’ni, zolimning savobidan mazlumga olib beriladi yoki mazlumning gunohlaridan zolimga yuklatiladi.  Banda qiyomat kuni o‘zining dunyoda qilgan yaxshi amallarini o‘zga kishining nomai a’molida, ayniqsa, dunyoda o‘zi yoqtirmay, o‘zi g‘iybat qilgan kishining nomai a’molida ko‘rishi qanchalar ayanchlidir.

Musulmon kishi bunday ma’naviy jinoyatlardan saqlanishi lozimdir. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن عبدِ الله بن عمرو بن العاصِ رضي الله عنهما، قَالَ: قَالَ رسولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «المُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ المُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ...». (متفق عَلَيْهِ

ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi – musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir”, dedilar”.

Ushbu hadisda tilning ozori qo‘lning ozoridan avval zikr qilindi. Bundan murod – tilning ozori qo‘lning ozoridan ko‘ra qattiqroq ekanidir. Chunki til bor odamga ham, yo‘q odamga ozor yetkaza oladi. Shuningdek, tirik odamni ham vafot etganni ham zikr qila oladi.

Hurmatli jamoat! Biz axborot almashinuv o‘ta jadallashgan davrda yashamoqdamiz. Afsuski, internet va boshqa axborot tizimlarida yurtimizga bo‘xton uyushtirayotganlar, ularning nayrangiga uchib yurtimizda amalga oshirilayotgan buyuk o‘zgarishlarni tuxmat toshi otayotganlar ham bor. Biz musulmonlar jamiyatimiz - ummatimizni bunday buxtonlardan asrashimiz lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِآَيَاتِ اللَّهِ وَأُولَئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ

ya’ni: "Yolg‘on so‘zlarni faqat Alloh oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir". (Naxl surasi 105-oyat)

Alloh taolo bizlarni til ofatlaridan bo‘lgan, eng katta ma’naviy jinoyatlardan hisobalangan g‘iybat va bo‘htondan O‘zi asrasin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   12598   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari