frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

13.01.2017 y. Vatan himoyasi oliy xizmat

07.01.2017   7206   10 min.
13.01.2017 y. Vatan himoyasi oliy xizmat

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Biz inson zoti hamisha ulug‘lanadigan shunday go‘zal zaminda istiqomat qilayotganimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar keltirb, shu vatan uchun astoydil xizmat qilmog‘imiz, uning tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘iday asrashga kamarbasta bo‘lishimiz sizu bizning insoniylik burchimizdir. Yurtni har tomonlama asrab-avaylash, obod qilish unga bo‘lgan muhabbat bilan boshlanadi. Vatanga muhabbat, bu – balandparvoz so‘z emas! Vatanga muhabbat – baxt topgan ostonamiz – oilamizga, bizni elu yurtga qo‘shgan urf-odatlar, udumlar – milliy qadriyatlarga, biz yugurib o‘sgan tuproq, otamiz ekkan va biz bilan birga ulg‘aygan daraxt, onamiz tebratgan beshikka bo‘lgan muhabbatdir.

Bugungi kunda mustaqil Ona-Vatanimizning osoyishtaligini, tinchligini va sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan mard yigitlarimizning yildan-yilga harbiy malaka, tajriba va mahoratlari oshib borayotganligi barchamizni xursand qiladi. Xalqimiz shahdam qadam tashlab borayotgan imon-e’tiqodli, o‘z harbiy  burchiga sodiq askarlarimizga boqib faxrga to‘ladi, ular haqqiga samimiy duolar qiladilar.

Yurt himoyachilari qalbidagi iymon va e’tiqod Vatan hamda o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati uni har doim ogoh va sergaklikka chorlaydi. Alloh taolo O‘zining ilohiy madadi bilan qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonadi. Zero Alloh taolo marhamat qilib aytadi:

 بَلِ اللَّهُ مَوْلَاكُمْ وَهُوَ خَيْرُ النَّاصِرِينَ

(سورة آل عمران/150)  

ya’ni: “Aslida Alloh himoyachingizdir va U yordam beruvchilarning yaxshisidir”.

Dunyoda qilingan har bir yaxshilikning mukofoti bor. Vatan himoyasi ham savobi ulug‘ ezgu ishlardandir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib shunday deydi:

هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ

ya’ni: “Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ehson (ezgulik)dir”.

(Ar-Rahmon surasi, 60-oyat).

Mamlakatimizda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini milliy bayram sifatida nishonlanadi. Bugungi tinch, osoyishta hayotimizni asrab-avylashda qurolli kuchlarimiz himoya qilmoqda. Ana shunday mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan hamyurtlarimiz sha’niga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Tinchlik – bu xotirjamlik va barqarorlikdir. Imon esa qalb xotirjamligidir. Demak, tinchlik va imon ma’nolari bir-biriga juda yaqindir. Shunga binoan bir kishining tinchligi jamiyat tinchligining bir qismidir. Tarixdan ma’lumki, xalqning tinchligini ta’minlash va hududlarni  himoya qilishga o‘sha yurtning o‘g‘lonlari safarbar etilgan. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlarida ham bir jamoa kishilar safarlarda tunlari qo‘riqchilik qilib chiqqanlar. Abu Atiyya roziyallohu anhu  rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishi vafot etganini bilib, qay biringiz uni biror yaxshi amal(ni bajarayotgan)ida ko‘rgansiz? deb so‘radilar. Bir kishi: “Men u bilan Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchi bo‘ldim”, deb aytdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zot bilan o‘tirganlar o‘rinlaridan turib, unga janoza namozini o‘qishdi. Qabriga qo‘yilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan tuproq tortdilar. So‘ng (mayitga qarab):

وأنا أشهد أنّك من أهلِ الجنة

(رواه الطبراني)

ya’ni: “Men sening jannat ahlidan ekaningga guvohlik beraman” dedilar”. (Imom Tabaroniy).

         Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan himoya qilish bu – insonning o‘z uyi, oilasi, qarindosh-urug‘i va ayniqsa, dinini himoya qilishidir. Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi. Demakki, har bir inson butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilishi eng zaruriy burch va vojib amaldir.

Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Ayniqsa, Vatan himoyasi jabhalarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o‘ziga topshirilgan vazifani ulug‘ mas’uliyat deb bilmog‘i va harbiy qasamyodni, va’dalarini bajarishi vojibdir.

Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar – o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, olimmi yoki oddiy ishchimi, tadbirkor yoxud xizmatchi bo‘ladimi, qayerda bo‘lmasin o‘z Vatanini himoya qilishi kerak. Himoya qilish deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo‘lsa so‘z bilan, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga vatanparvarlik ruhida tarbiya berish bilan g‘animlarga raddiya berish bilan vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi kurash, ogohlik va hushyorlikni oshirishga da’vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham imoniy burchga, musulmon kishining mas’uliyatiga kiradi.

Muhtaram jamoat! Ammo, Vatan himoyachisi bo‘lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtning bir qarich tuprog‘ini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo‘lda fidoiy bo‘lgan kishi yuksak maqomga yetishi ulkan ajrlar sohibi bo‘lishi haqida bashoratlar mavjud. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilib aytganlar:

 مَنْ قُتِلَ دُونَ مَالِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ نَفْسِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ دِينِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ أَهْلِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ 

(رواه الترمذى)

ya’ni: “Molini, jonini, dinini va ahlu ayolini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahidlik maqomini topur”.

Boshqa bir hadisda esa bunday deb marhamat qilingan:

 مَنْ رَابَطَ يَوْمًا اَوْ لَيْلَةً فىِ سَبِيلِ اللهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ صِيَامِ شَهْرِ وَقِيَامِهِ وَمَنْ مَاتَ مُرَابِطاً جَرَى لَهُ مِثْلُ ذلِكَ الْأَجْرِ وَاُجْرِىَ عَلَيْهِ الرِّزْقُ وَاَمِنَ مِنَ الْفَتَّانِ 

(رواه النسائى)

ya’ni: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”.

Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo‘lida sha’ni, oru nomusini, imonini o‘rtaga qo‘yib, yovga qarshi kurashgan. Zamonlar, makonlar o‘zgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo o‘zgarmadi. Ona-Vatan himoyasi mavzusida so‘z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo‘lida qo‘lida tig‘ va tug‘ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog‘ida yonib o‘tgan Bobur Mirzolar ibrati bizga yaqin zamonda yashab yurt mustaqilligi va xalq ozodligi yo‘lida aziz jonini, muborak qonini fido qilgan vatanparvar, xalqparvar insonlarning muhabbati naqadar ulug‘, imonlari qanchalik mustahkam ekani yana bir bor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

Bizlar o‘z farzandlarimizga ana shu ulug‘lar yo‘lini, ularning ona  Vatan himoyasi va manfaati yo‘lida ko‘rsatgan buyuk jasoratlari va sadoqatlarini anglatmog‘imiz lozim. Shundagina ularning dilidan Vatanga muhabbat tuyg‘ulari, yurtni har qanday kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish hissi mustahkam o‘rin oladi. Bu tuyg‘ular naqadar ulug‘ligi haqida Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday degan edilar: “Ona-Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo‘lur”.

Muhtaram namozxonlar! Bugungi kunda biz, qator musulmon mamlakatlarning fuqarolari turli fitnalar oqibatida  xuzur-halovatini yo‘qotganining, yuz minglab insonlar hayotdan ko‘z  yumayotganing, kindik qoni to‘kilgan Vatanini tark etishga majbur bo‘layotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Allohning o‘zi bizning yurtni bunday balolardan saqlab kelmoqda. Vatan himoyachilari esa yurtimizning tinchligi va  osoyishtaligini ta’minlashda kamarbasta bo‘lmoqdalar..

Mustaqillik tufayli hayotimizda yorqin sahifalar ochildi. Shukrki, emin-erkin toat-ibodat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik, diniy-ma’naviy qadriyatlarimiz qaytadan xalqimizga qaytarildi. Imon-e’tiqodimiz va ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz mustahkamlandi. Shaharu qishloqlarimiz tobora ko‘rkam va obod bo‘lib bormoqda. Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bu bebaho ilohiy ne’matlarning qadriga yetish, ularga shukr qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir. Zero, Alloh taolo marhamat qilib bunday deydi:

...وَمَنْ شَكَرَ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ رَبِّي غَنِيٌّ كَرِيمٌ

(سورة النّمل/40)

ya’ni: “Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kim noshukurlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamlidir.

Alloh taolo bandalariga bebaho va bemisl ne’matlar ato etgan. Toza havodan nafas olishimiz, zilol suvlardan bahramand bo‘lishimiz, ko‘zlarimizdagi nur, hur va ozod Vatanda ko‘zimizni quvontiruvchi farzandu arjumandlarimizning kamol topayotgani ayni saodat, ta’bir joiz bo‘lsa hech bir boylik bilan o‘lchab bo‘lmas tuganmas xazinadir.

Alloh taolo mustaqil yurtimiz sarhadlarini va osmonimiz musaffoligini sergaklik bilan qo‘riqlab, Vatanimiz Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiy xizmatchilarni, otalarimiz, opa-singillarimiz, farzandlarimiz va aka-ukalarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, aziz diyorimiz, tinchligi va mustaqilligimizni bardavom qilsin. Omin! 

Muhtaram imom domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingizni va juma ish kuni bo‘lganligi uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   34817   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari