بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Biz inson zoti hamisha ulug‘lanadigan shunday go‘zal zaminda istiqomat qilayotganimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar keltirb, shu vatan uchun astoydil xizmat qilmog‘imiz, uning tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘iday asrashga kamarbasta bo‘lishimiz sizu bizning insoniylik burchimizdir. Yurtni har tomonlama asrab-avaylash, obod qilish unga bo‘lgan muhabbat bilan boshlanadi. Vatanga muhabbat, bu – balandparvoz so‘z emas! Vatanga muhabbat – baxt topgan ostonamiz – oilamizga, bizni elu yurtga qo‘shgan urf-odatlar, udumlar – milliy qadriyatlarga, biz yugurib o‘sgan tuproq, otamiz ekkan va biz bilan birga ulg‘aygan daraxt, onamiz tebratgan beshikka bo‘lgan muhabbatdir.
Bugungi kunda mustaqil Ona-Vatanimizning osoyishtaligini, tinchligini va sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan mard yigitlarimizning yildan-yilga harbiy malaka, tajriba va mahoratlari oshib borayotganligi barchamizni xursand qiladi. Xalqimiz shahdam qadam tashlab borayotgan imon-e’tiqodli, o‘z harbiy burchiga sodiq askarlarimizga boqib faxrga to‘ladi, ular haqqiga samimiy duolar qiladilar.
Yurt himoyachilari qalbidagi iymon va e’tiqod Vatan hamda o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati uni har doim ogoh va sergaklikka chorlaydi. Alloh taolo O‘zining ilohiy madadi bilan qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonadi. Zero Alloh taolo marhamat qilib aytadi:
بَلِ اللَّهُ مَوْلَاكُمْ وَهُوَ خَيْرُ النَّاصِرِينَ
(سورة آل عمران/150)
ya’ni: “Aslida Alloh himoyachingizdir va U yordam beruvchilarning yaxshisidir”.
Dunyoda qilingan har bir yaxshilikning mukofoti bor. Vatan himoyasi ham savobi ulug‘ ezgu ishlardandir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib shunday deydi:
هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ
ya’ni: “Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ehson (ezgulik)dir”.
(Ar-Rahmon surasi, 60-oyat).
Mamlakatimizda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini milliy bayram sifatida nishonlanadi. Bugungi tinch, osoyishta hayotimizni asrab-avylashda qurolli kuchlarimiz himoya qilmoqda. Ana shunday mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan hamyurtlarimiz sha’niga har qancha tasannolar aytsak arziydi.
Tinchlik – bu xotirjamlik va barqarorlikdir. Imon esa qalb xotirjamligidir. Demak, tinchlik va imon ma’nolari bir-biriga juda yaqindir. Shunga binoan bir kishining tinchligi jamiyat tinchligining bir qismidir. Tarixdan ma’lumki, xalqning tinchligini ta’minlash va hududlarni himoya qilishga o‘sha yurtning o‘g‘lonlari safarbar etilgan. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlarida ham bir jamoa kishilar safarlarda tunlari qo‘riqchilik qilib chiqqanlar. Abu Atiyya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishi vafot etganini bilib, qay biringiz uni biror yaxshi amal(ni bajarayotgan)ida ko‘rgansiz? deb so‘radilar. Bir kishi: “Men u bilan Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchi bo‘ldim”, deb aytdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va u zot bilan o‘tirganlar o‘rinlaridan turib, unga janoza namozini o‘qishdi. Qabriga qo‘yilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan tuproq tortdilar. So‘ng (mayitga qarab):
وأنا أشهد أنّك من أهلِ الجنة
(رواه الطبراني)
ya’ni: “Men sening jannat ahlidan ekaningga guvohlik beraman” dedilar”. (Imom Tabaroniy).
Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan himoya qilish bu – insonning o‘z uyi, oilasi, qarindosh-urug‘i va ayniqsa, dinini himoya qilishidir. Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi. Demakki, har bir inson butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilishi eng zaruriy burch va vojib amaldir.
Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Ayniqsa, Vatan himoyasi jabhalarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o‘ziga topshirilgan vazifani ulug‘ mas’uliyat deb bilmog‘i va harbiy qasamyodni, va’dalarini bajarishi vojibdir.
Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar – o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, olimmi yoki oddiy ishchimi, tadbirkor yoxud xizmatchi bo‘ladimi, qayerda bo‘lmasin o‘z Vatanini himoya qilishi kerak. Himoya qilish deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo‘lsa so‘z bilan, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga vatanparvarlik ruhida tarbiya berish bilan g‘animlarga raddiya berish bilan vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi kurash, ogohlik va hushyorlikni oshirishga da’vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham imoniy burchga, musulmon kishining mas’uliyatiga kiradi.
Muhtaram jamoat! Ammo, Vatan himoyachisi bo‘lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtning bir qarich tuprog‘ini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo‘lda fidoiy bo‘lgan kishi yuksak maqomga yetishi ulkan ajrlar sohibi bo‘lishi haqida bashoratlar mavjud. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilib aytganlar:
مَنْ قُتِلَ دُونَ مَالِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ نَفْسِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ دِينِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ أَهْلِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ
(رواه الترمذى)
ya’ni: “Molini, jonini, dinini va ahlu ayolini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahidlik maqomini topur”.
Boshqa bir hadisda esa bunday deb marhamat qilingan:
مَنْ رَابَطَ يَوْمًا اَوْ لَيْلَةً فىِ سَبِيلِ اللهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ صِيَامِ شَهْرِ وَقِيَامِهِ وَمَنْ مَاتَ مُرَابِطاً جَرَى لَهُ مِثْلُ ذلِكَ الْأَجْرِ وَاُجْرِىَ عَلَيْهِ الرِّزْقُ وَاَمِنَ مِنَ الْفَتَّانِ
(رواه النسائى)
ya’ni: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kun yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”.
Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo‘lida sha’ni, oru nomusini, imonini o‘rtaga qo‘yib, yovga qarshi kurashgan. Zamonlar, makonlar o‘zgarsa-da, Vatanga muhabbat, imonga sadoqat mohiyati aslo o‘zgarmadi. Ona-Vatan himoyasi mavzusida so‘z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo‘lida qo‘lida tig‘ va tug‘ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog‘ida yonib o‘tgan Bobur Mirzolar ibrati bizga yaqin zamonda yashab yurt mustaqilligi va xalq ozodligi yo‘lida aziz jonini, muborak qonini fido qilgan vatanparvar, xalqparvar insonlarning muhabbati naqadar ulug‘, imonlari qanchalik mustahkam ekani yana bir bor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
Bizlar o‘z farzandlarimizga ana shu ulug‘lar yo‘lini, ularning ona Vatan himoyasi va manfaati yo‘lida ko‘rsatgan buyuk jasoratlari va sadoqatlarini anglatmog‘imiz lozim. Shundagina ularning dilidan Vatanga muhabbat tuyg‘ulari, yurtni har qanday kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish hissi mustahkam o‘rin oladi. Bu tuyg‘ular naqadar ulug‘ligi haqida Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday degan edilar: “Ona-Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo‘lur”.
Muhtaram namozxonlar! Bugungi kunda biz, qator musulmon mamlakatlarning fuqarolari turli fitnalar oqibatida xuzur-halovatini yo‘qotganining, yuz minglab insonlar hayotdan ko‘z yumayotganing, kindik qoni to‘kilgan Vatanini tark etishga majbur bo‘layotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Allohning o‘zi bizning yurtni bunday balolardan saqlab kelmoqda. Vatan himoyachilari esa yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda kamarbasta bo‘lmoqdalar..
Mustaqillik tufayli hayotimizda yorqin sahifalar ochildi. Shukrki, emin-erkin toat-ibodat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik, diniy-ma’naviy qadriyatlarimiz qaytadan xalqimizga qaytarildi. Imon-e’tiqodimiz va ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz mustahkamlandi. Shaharu qishloqlarimiz tobora ko‘rkam va obod bo‘lib bormoqda. Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bu bebaho ilohiy ne’matlarning qadriga yetish, ularga shukr qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir. Zero, Alloh taolo marhamat qilib bunday deydi:
...وَمَنْ شَكَرَ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ رَبِّي غَنِيٌّ كَرِيمٌ
(سورة النّمل/40)
ya’ni: “Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kim noshukurlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamlidir”.
Alloh taolo bandalariga bebaho va bemisl ne’matlar ato etgan. Toza havodan nafas olishimiz, zilol suvlardan bahramand bo‘lishimiz, ko‘zlarimizdagi nur, hur va ozod Vatanda ko‘zimizni quvontiruvchi farzandu arjumandlarimizning kamol topayotgani ayni saodat, ta’bir joiz bo‘lsa hech bir boylik bilan o‘lchab bo‘lmas tuganmas xazinadir.
Alloh taolo mustaqil yurtimiz sarhadlarini va osmonimiz musaffoligini sergaklik bilan qo‘riqlab, Vatanimiz Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiy xizmatchilarni, otalarimiz, opa-singillarimiz, farzandlarimiz va aka-ukalarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, aziz diyorimiz, tinchligi va mustaqilligimizni bardavom qilsin. Omin!
Muhtaram imom domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingizni va juma ish kuni bo‘lganligi uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati