بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Ortimizda qolayotgan 2016 milodiy yil mustaqil ona – Vatanimizning uzoq va yaqin hududlarda tinch-omon, farovon yashayotgan barcha xalqlar, shu jumladan mo‘min-musulmonlar hayotida ham esda qolarlik olamshumul jarayon va voqealarga boy bo‘ldi.
Alloh taoloningmarhamati bilan mehnatkash xalqimiz ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarida katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Birgina Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi temir yo‘lning ishga tushirilishi xalqimizga qanchalik quvonch bag‘ishladi. Ayniqsa “2016 yil Sog‘lom ona va bola” yilida xotin qizlar, xususan onalar va farzandlar sog‘lig‘iga katta etibor qaratildi. Shahar, qishloqlarda hatto chekka hududlarda ham sihhatgohlar, shifoxonalar, bolalarni davolash muassasalari bunyod etildi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘la ta’minlandi. Buning barchasi hazrati inson omiliga mustaqil va aziz davlatimiz, hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning bir ko‘rinishi desak, aslo xato qilgan bo‘lmaymiz. Xususan, Dastur ijrosi uchun barcha manbalar hisobidan 7 trillion 480 milliard so‘m va 190 million dollardan ziyod mablag‘ sarflandi. Birgina tibbiyot muassasalarini zamonaviy tashxis qo‘yish va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 80 million dollar, qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, tuman va shaharlardagi suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish maqsadida 100 million dollar mablag‘ jalb etildi. 9 millionga yaqin farzand ko‘rish yoshidagi ayollar va 10 millionga yaqin bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi.
Afsuski, ushbu yilda biz og‘ir yo‘qotishga uchradik. Muhtaram birinchi Prezidentimiz, mustaqilligimizning asoschisi Islom ota Karimovdan judo bo‘ldik. Alloh u insonni joylarini jannatda qilsin.
Shu bilan birga mamlakatimiz xalqimiz bu sinov oldida jipslanib mamlakatning yangi rahbari – Prezidentini saylash jarayonida faol ishtirok etib, siyosiy jarayon jabhasida o‘zlarining Konistitutsion huquqlaridan to‘la istifoda etganlarini yana bir bor namoyish etdilir. Saylov jarayonini kuzatgani kelgan 5 ta xalqaro tashkilot hamda 46 ta davlatning 600 nafarga yaqin kuzatuvchilari saylov adolatli va yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etdilar.
Boshqa sohalardagi kabi muqaddas dinimizni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Yurtimizning shahar va qishloqlarida,inchunun Toshkent shahrida zamonoviy va ayni vaqtda milliy me’morchilik asosida “Islom ota” hamda Surxondaryo viloyatida“Oq masjid” kabi yangi jome masjidlar bunyod etildi, ko‘plab qadimiy masjidlar esa qaytadan ta’mir etildi. Imom-xatiblarimiz masjidlar va xomiylarni jalb etgan holda “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, ijtimoiy ko‘makka muxtoj oilalar, yolg‘iz keksalarga 3 millirad 3 million so‘mdan ortiq xayriya yordami ko‘rsatdilar.
Mo‘min-musulmonlarimiz tinchlik-xotirjamlikda toat-ibodatlarini ado etib, xalqimizning ikki dunyo saodati, barchaning tinchligi va farovonligi yo‘lida samimiy va xolis duolar qilib, Yaratgandan imon-e’tiqodini yanada mustahkam etishini chin dildan so‘ramoqdalar. Inshoalloh, ularning xolis duoi-iltijolari Haq taolo huzurida qabulu mustajob bo‘ladi. Zero, Qur’oni karimda marhamat qilib shunday deydi:
فَاسْتَجَابَ لَهُمْ رَبُّهُمْ أَنِّي لَا أُضِيعُ عَمَلَ عَامِلٍ مِنْكُمْ مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى بَعْضُكُمْ مِنْ بَعْضٍ...
ya’ni:“Bas, Parvardigorlari ularni (duolarini) ijobat etib, (dedi): «Albatta, Men sizlardan amal qiluvchining – xoh erkak bo‘lsin va xoh ayol bo‘lsin – amalini zoye qilmasman...” (Oli Imron, 195).
Muhtaram namozxonlar! Oldingi yillar kabi kirib kelayotgan yangi 2017-yilimizda oldimizga qo‘yilgan ulug‘vor maqsadlar va yuksak marralar turibdi. Ularga muvaffaqiyatli erishish yo‘lida, albatta birinchi navbatda xalq manfaatlari hamma narsadan ustvor bo‘lmog‘i lozim. Shunda biz, “2017 yil-xalq bilan muloqat va inson manfaatlari yili”da amaliy ravishda buning e’tirofi va isbotini ro‘yobga chiqargan bo‘lamiz. Shunda mustaqil mamlakatimizningrahbario‘z ma’ruzalarida:“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan so‘zlari amalda o‘z ifodasini topganini ko‘ramiz.
Darhaqiqat, ona-yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha xayrli va savobli ishlar sizubizlarning, barchalarimizning kecha-kunduz muttasil qilayogan sa’yu-harakatlarimiz, samimiy duolarimiz, kun va vaqtlarni g‘animat bilib, ulardan unumli foydalanishimiz va barakotli bo‘lishi natijasida amalga oshmoqda. Chindan ham o‘tgan har bir soat, kun, oy va yilimizni sarhisob qilish, kelajak samarasidir, oliy niyatlar bilan kelajak yil rejalarini tuzish orqali hayotimizni yanada mazmunli bo‘lishi, har kuni ko‘proq yaxshi va savobli amallar qilishimiz bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Zero, inson hayotida vaqtning o‘rni va ahamiyati nihoyatda kattadir. Shuning uchun ham Alloh taolo bandalarini O‘zining bebaho ne’matlaridan biri bo‘lgan vaqtni qadrlashga, uning ahamiyatini qalbdan his etishga, inson faoliyatining ajralmas qismi bo‘lgan qimmatli vaqtni befoyda ishlarga sarflamaslikka chaqiradi.
Qur’oni karimda insonlarning vaqt o‘lchovlarini bilib olishlari uchun quyosh va oy ularga bo‘ysundirib qo‘yilgani, bu Parvardigorning ulug‘ ne’matlaridan ekani haqida shunday marhamat qilinadi:
وَسَخَّرَ لَكُمُ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ وَالنُّجُومُ مُسَخَّرَاتٌ بِأَمْرِهِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَعْقِلُونَ
ya’ni: “U sizlar uchun kecha va kunduzni, Quyosh va Oyni bo‘yin sundirib qo‘ydi. Yulduzlar ham Uning amriga bo‘yin sundirilgandir. Albatta, bunda anglaydigan kishilar uchun (Uning qudratiga dalolat qiluvchi) alomatlar bordir” (Nahl surasi, 12 oyat).
Yana Alloh taolo marhamat qilib aytadiki:
قُلْ أَرَأَيْتُمْ إِنْ جَعَلَ اللَّهُ عَلَيْكُمُ اللَّيْلَ سَرْمَدًا إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ مَنْ إِلَهٌ غَيْرُ اللَّهِ يَأْتِيكُمْ بِضِيَاءٍ أَفَلَا تَسْمَعُونَ
ya’ni:«(Ey, Muhammad! Ularga) ayting: «Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani Qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi «iloh» sizlarga biror yorug‘lik keltira olur?! Axir, eshitmaysizmi?!»(Qasas surasi, 73 oyat).
Ya’ni, Alloh taolo kecha ortidan kunduzning, kunduz ortidan esa kechani keladigan qilib qo‘ydi. Demak, kim ulardan birini behuda amallar bilan o‘tkazsa, ikkinchisida o‘sha qilgan xatolarini to‘g‘rilashga imkon bergan.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sunnatlarida ham yil vaqtning qimmati va ahamiyati alohida ta’kidlanadi. Qiyomat kuni Alloh taolo huzurida vaqt, kun, oy va yil har bir insonning zimmasidagi ulug‘ bir mas’uliyat va qarz ekani zikr etiladi. Hatto hisob-kitob kunida bandaga beriladigan asosiy to‘rt savoldan ikkitasi ana shu vaqt haqida bo‘lishi hadislarda ta’kidlab o‘tilgan.Muoz ibn Jabal raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar:
"لاَ تزول قَدَمَا عبدٍ يوم القيامة حتى يُسْأَلُ عن أرْبَعٍ: عن عُمُرِه فيما أفناه وعن جسده فيما أبلاه وعن عِلمِه ماذا عَمِلَ فيه وعن ماله من أين اكْتَسَبَهُ وفيما انفقه"
(رواه الامام الترمذي وابن حبان).
ya’ni: “Banda qiyomat kuni to‘rt xislatidan so‘ralmagunicha bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisida – umrini nima bilan o‘tkazgani; ikkinchisida – yoshlik davrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani; uchinchisida – mol-dunyoni qay yo‘sinda (qaysi kasb orqali) topgani va nimalarga sarflagani; to‘rtinchisida – ilmiga qanday amal qilganidan so‘raladi”.
Ayniqsa, yoshlarimizni va farzandlarimizni bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishga o‘rgatishimiz biz ota-onalarning, yoshi ulug‘lar keksalarning burchimizdir.
Bugungi dorulomon paytda ularning bo‘sh vaqtlarini to‘ldirish, ilm bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoit va qulayliklar muhayyo. O‘sib kelayotgan yosh avlod bu qulayliklarga shukr qilib, turli kasb-hunarlarni egallashlari, ilm-fanda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari darkor. Shuningdek, ularning dinu diyonatli bo‘lib o‘sishlariga alohida ahamiyat berishimiz va ko‘maklashishimiz lozim. Bunda ajdodlarimiz hayoti biz uchun ibrat bo‘lishi kerak.
Ulug‘ tobe’inlardan Hasan Basriy rahimahullohning shunday so‘zlari bor: “Shunday zotlar bor ediki, sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo‘lganingizdan ko‘ra ular vaqtlariga qattiqroq haris edilar... Odam bolasining har bir kuni quyidagi so‘zlarni aytib o‘tadi: “Ey odam bolasi, men yangi kunman va qiladigan amalingga guvohman. Agar o‘tib ketsam, qaytib kelmayman. Xohlagan ishingni qil, uning samarasini qariganingda topasan va xohlagan ishingni kechiktir, u senga aslo qaytib kelmaydi”.
Muhtaram namozxonlar!Shu o‘rinda hijriy va milodiy yillar tarixi haqidagi qisqacha ma’lumotlarni bilib qo‘ysak, yaxshi bo‘ladi.
Hijriy-qamariy taqvim Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning Makkadan Madinaga hijrat qilishlari (ko‘chishlari)dan hisoblana boshlagan va 622 yilning 16 iyulidan amalga kiritilgan sana (yil) nomi. U hijriy 17 (milodiy 638) yilda xalifa Umar ibn Xattob raziyallohu anhu tomonidan joriy etilgan. Hijriy yil oy va quyosh kunlari asosida olib borilishiga qarab hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy deb yuritiladi. Hijriy-qamariy yil 354 kecha-kunduz bo‘lgani uchun yiliga 11 kundan orqada qolib, har 33 yilda hijriy-shamsiy sanadan bir yil kam bo‘ladi.
Milodiy yil deganda quyoshning chiqib-botishi bilan hisoblanadigan shamsiy sanani anglamog‘imiz kerak. Mana shu quyosh nuri yil davomida qachon kuchayadi, qachon kamayadi, shunga qarab, dehqonlar bahor, yoz, kuz, qish fasllariga e’tibor berib, o‘z dehqonchiliklarini qachon boshlab, qachon yig‘ishtirib olish lozimligini belgilab keladilar. Shamsiy-milodiy sana hisobidagi 12 oyni har bir xalq o‘z tilida nomlagan. Masalan, biz ko‘proq arabcha, o‘zbekcha, ruscha nomlarini qo‘llaymiz: Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv, Hut kabi nomlar xalqimizga azaldan tanish. Yanvar, fevral, mart, aprel, may, iyun, iyul, avgust, sentyabr, oktyabr, noyabr, dekabr oylari keng istemolda ekani ham barchaga ma’lum. Mazkur oylar nomining xristian dini bilan bog‘liq joyi yo‘q.
Lekin xalqimiz ichida “Yangi yilni, ya’ni 1-yanvar kunini kutib olish, bayram qilish, bir-birini tabrik qilish musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, u xristianlarning bayrami kabi gaplarni gapirib yuruvchilar ham bor. Biz shu kabi kimsalarga yana bir bor eslatib qo‘ymoqchimizki, 1-yanvar xristianlarning bayrami emas, balki shamsiy-milodiy sana bilan yil hisobini yurituvchi xalqlarning hammasi uchun yil boshi sifatida qarshi olinadigan kun. 1-yanvarni barcha dunyo xalqlari qatori biz ham yilning yangilanishi sifatida kutib olamiz va bir yil davomida qo‘lga kiritgan yutuq va kamchiliklarimizni birma-bir sarhisob qilib olamiz. Biz yangi yilni musulmoncha e’tiqod bilan kutib olamiz. Ba’zilardek noshar’iy holatlarda kutib olmaymiz. Hatto dinimiz ta’limoti bo‘yicha har bir kunni qarshi olishda “Mana shu yorug‘ kunga salomat yetkizganingga shukr” – deb Alloh taologa hamdu sanolar aytishimiz lozim.
“Bayonun linnos” nomli kitobda bu xususda musulmonlar uchun ancha kenglik borligi qayd etilgan. Dalil sifatida “Rum” surasining 1-5 oyatlari va hadisi shariflardan keltirilib, ikki hayitdan boshqa muhim voqea yuz bergan sanalarni bayram qilish va bayramlar diniy hamda dunyoviy sabablar munosabati bilan nishonlash durustligi zikr etilgan.
Binobarin, yangi milodiy-shamsiy yilni diniy bayram sifatida emas, yilning yangilanishi, umrimizga umr qo‘shilishi, eski yilda qilib ulgurmagan xayrli ishlarimizni yangi yilda qilish uchun yaxshi niyatlar bilan kutib olishimiz ham aqlan, ham shar’an joiz ekan.
Azizlar! “2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida” inson manfaatlarining o‘zviy qismi bo‘lgan hozirgi avlodlarimizning intilish va qiziqishlarini ham hisobga olishimiz zarur. Yoshlar-kelajagimiz vorislari, ertamiz tyanchi va ishonchidir. Shunig uchun ham aziz farzandlarimiz bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish, ularning qalblariga quloq solish muammolarini yechishda yordam berish, yosh kelin-ko‘yovlarning ilk hayotlarida ularga pandu-nasihat qilish va amaliy ko‘mak berishimiz zarur bo‘ladi. Shunda ular ham buyuk ajdodlarning munosib vorislari bo‘lib yetishadi. Dunyo va oxiratda saodat ahlidan bo‘lishadi, inshoalloh.
Alloh taolo barchalarimizga qimmatbaho vaqtlarimizning qadriga yetib, dunyo hayotida berilgan umrning tansiq yillarini solih amallar, ezgu, foydali ishlarga sarflashni muyassar aylasin. Alloh taolo hammamizga O‘zi ato etgan ulug‘ va bebaho ne’mat bo‘lmish vaqtni qadrlaydigan, isrof qilmaydigan, uning ahamiyati va manfaatini chuqur anglaydigan bandalari qatoridan joy bersin, Yangi 2017 yilni ham barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlar bilan o‘tkazishimizga muyassar aylasin.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati