Diniy –ekstremistik harakatlar faollari o‘zlarining saflariga kishilarni jalb qilish hamda yangi qo‘shilgan a’zolarni jamoaga yanada ko‘proq moyil qilish maqsadida o‘z rahnamolarini ulug‘lashga alohida e’tibor beradilar. Masalan, shu kabi oqimlardan biri bo‘lgan “Musulmon birodarlar” tashkiloti o‘zlarining rahnamolari bo‘lgan Hasan al- Banno shaxsiyatini “Alloh tamonidan tanlangan Zot”, “Shayx”, “Valiy”, deb ulug‘lashadi. Bunday amaliyotdan, birinchidan, kishilar orasida o‘zlarining rahnamolarining obro‘sini ko‘klarga ko‘tarish orqali sodda xalq orasida jamoalari mavqeini oshirish va yoshlarni to‘g‘ri yo‘lda ekanliklariga ishontirishdan iboratdir. Ikkinchidan, ular tamonidan chiqarilgan “fatvo”, amr va topshiriqlarni shariat ahkomi sifatida qabul qilinishiga erishish ko‘zlanganligini anglash qiyin emas.
Jumladan, “Nurchilik” oqimining asoschisi Said Nursiyni “Badiuzzamon” ( “Zamonaning benaziri”), hozirdagi rahbari Fathulla Gyulenni esa “Qutbul aqtob” (“Buyuklar buyugi”), “at-Takfir val-hijra” oqimlari o‘zlarining boshchisi Shukriy Mustafoni “Mahdiy” deb ulug‘lashlari fikrimizning yaqqol dalilidir.
Ma’lumki, Islom olamida diniy bilimlarda yuqori darajalarga erishgan kishilarga nisbatan muayyan hollarda “Shayx” unvoni ishlatiladi. Bunday rutba din yo‘lida qilgan xizmatlari evaziga yirik ulamolarning unvoni sifatida e’tirof etiladi va hech kim o‘z-o‘zicha bu darajaga erishganini da’vo qila olmaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, “Hizbut – tahrir”, “O‘zbikiston islom harakati” kabi boshqa firqa va oqimlar tomonidan o‘z rahnamolariga nisbatan “shayx”lik martabasining keng qo‘llanilayotgani ular odamlarni chalg‘itish va o‘z maqsadlariga erishishda hech narsadan tap tortmasliklarini ko‘rsatadi.
Shunday ekan har birimiz bular kabi “olim”lik da’vosini qilayotgan omilarni, to‘g‘ri yo‘lda ekanliklariga ishontirmoqchi bo‘lgan egrilarni, nurmiz deb bong urayotgan zulmatlarning kirdikorlaridan ogoh bo‘lishimiz lozim.
Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy
o‘rta maxsus islom bilim yurti 2-kurs talabasi
ISAYEV BЕKISLOM
Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov 25 sentyabr kuni Mokpo shahridagi "Imom al-Buxoriy" masjidiga tashrif buyurdi.
Ma’rifiy suhbat davomida Imom Buxoriy hayot va ijodi, u zotning hadislaridan namunalar, ibratli voqealardan misollar keltirildi. Shuningdek, yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, soxta salafiylik kabi oqimlaridan uzoqda bo‘lish, mazhabga amal qilish, har qanday diniy savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan javob olish tavsiya etildi. Buning uchun xorijdagi hamyurtlarimizning savollariga javob beruvchi @fatvo_call_1 (Telegram orqali), @fatvo_call_2 (Telegram orqali) hamda +998917806633 (WhatsApp orqali) havolalari tashkil etilgani aytib o‘tildi.
Suhbat davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Namozdan so‘ng ona vatandan, yaqinlaridan uzoqda yurgan hamyurtlarimizning o‘qish va ishlarida Yaratgan madadkor bo‘lishini tilab duolar qilindi. So‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etilgan 5 turdagi diniy-ma’rifiy bukletlar tarqatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati