بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! O‘tgan juma ma’ruzamizda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarlikkacha bo‘lgan siyratlari – hayotlaridan ayrim lavhalarni tinglagan edik. Bugun esa u zotning payg‘ambarlik hayotlaridan Makka va Madina davri haqida qisqacha suhbatlashamiz.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlik kelishidan oldingi uch yilning ramazon oylarida ilohiy ilhom ila Nur tog‘idagi Hiro g‘origa chiqib, «tahannus» (ruhiy poklanish va kattayu kichik gunohlardan saqlanish) va «muroqaba» (butun mavjudot – Xoliq va maxluqot haqida tafakkur qilish) ibodatlari bilan mashg‘ul bo‘ldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda payg‘ambarlikning debochasi olti oy avval sodiq – rost tushlar orqali paydo bo‘la boshladi. Qanday tush ko‘rsalar, tong ziyosi kabi aniq ro‘yobga chiqar edi. Bularning barchasi Alloh tomonidan u zotni ilohiy vahiyga hozirlash edi.
Nihoyat, hijratdan avvalgi 13-yil, Ramazon oyi, Qadr kechasi, dushanba tongi, bomdod mahalida (milodiy 610 yil avgust oyida) payg‘ambar bo‘ldilar. O‘shanda u zotning yoshlari 40 yoshda edi.
U zotga ilk vahiy u zot Masjidul Haromning shimoli-sharqiy tarafida, taxminan 4 km uzoqlikda, yerdan 634 metr balandlikda joylashgan Hiro g‘orida ekanlarida nozil bo‘ldi. Unda Alaq («Iqro») surasining ilk besh oyati tushdi:
(اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ، خَلَقَ الْإِنْسَانَ مِنْ عَلَقٍ، اقْرَأْ وَرَبُّكَ الْأَكْرَمُ، الَّذِي عَلَّمَ بِالْقَلَمِ، عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ (سورة العلق/5-1
ya’ni, “O‘qing (ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan. (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi” .
Bu bilan u zot nabiy bo‘ldilar. Nabiy deb, Allohdan vahiy kelgan payg‘ambarga aytiladi.
Oradan taxminan bir oycha vaqt o‘tgach, ikkinchi vahiy – Muddassir surasining ilk yetti oyati nozil bo‘ldi:
(يَا أَيُّهَا الْمُدَّثِّرُ، قُمْ فَأَنْذِرْ، وَرَبَّكَ فَكَبِّرْ، وَثِيَابَكَ فَطَهِّرْ، وَالرُّجْزَ فَاهْجُرْ، وَلَا تَمْنُنْ تَسْتَكْثِرُ، وَلِرَبِّكَ فَاصْبِرْ (سورة المدّثر/1-8
ya’ni, “Ey (liboslariga) burkanib olgan (Muhammad!) Turing-da, (insonlarni oxirat to‘g‘risida) ogohlantiring! Rabbingizni ulug‘lang, liboslaringizni poklang, butlardan yiroq bo‘ling, (berayotgan narsangizni) ko‘p sanagan holda ehson qilmang va Rabbingiz uchungina sabr qiling!”
Ushbu oyat nozil bo‘lgach, u zot rasul bo‘ldilar. Rasul o‘zi qabul qilib olgan vahiyni boshqalarga yetkazishga buyurilgan elchidir, ta’bir joiz bo‘lsa, da’vatchi payg‘ambardir.
Muhtaram jamoat! Payg‘ambarimiz alayhi vasalam odamlarni islom diniga chaqirishni boshlaganlarida Makka mushriklari tomonidan ta’ziq o‘tkaza boshlandi. Ular hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suiqasd qilishgacha yetib borishdi va Bani Hoshim urug‘i rahbari Abu Tolibdan u zotni o‘zlariga topshirishni talab qilishdi. Bani Hoshim bunga rozi bo‘lmagach, musulmonlarni «Abu Tolib mahallasi»da 3 yil qamal qilishdi va talabni bajarmagunlaricha ular bilan quda-andachilik, oldi-sotdi va boshqa har qanday ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni uzish haqida ahdnoma imzolashdi. E’tiborlisi shundaki, Payg‘ambarimizning qarindoshlari bo‘lmish Bani Hoshim va Bani Muttalib urug‘larining ichidagi musulmon bo‘lmaganlari ham u zotni bajonidil himoya qilishdi.
Nubuvvatning 10-yili boshida qamal yakun topib, musulmonlarga biroz yengillik shabadasi yetgan edi hamki, ularni navbatdagi musibatlar qarshi oldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilib, qo‘llab-quvvatlab turgan ikki g‘amxo‘r inson – amakilari Abu Tolib, uning ortidan u zot alayhissalomning jufti halollari Xadicha onamiz vafot topdilar. Musulmonlarga, xossatan, Payg‘amabarimizga dushmanlarning zulmlari nihoyatda kuchayib ketdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam himoya istab, Makkaning janubi-sharqiy tarafidagi 110 km uzoqlikda joylashgan Toif shahriga bordilar. Biroq, himoyachi ham, ko‘makchi ham topmasdan, ozoru aziyatlar ko‘rib qaytdilar.
Muhtaram namozxonlar! Ma’lumingizkim, Islom dinining asosiy manbasi Qur’oni karimdir. Makka davrida Qur’oni karimning 86 ta surasi nozil bo‘lgan. Ularda asosan e’tiqodiy hukmlar hamda o‘tgan payg‘ambarlar va ummatlarning qissalari bayon qilingan. Makkada nozil bo‘lgan suralar hajm jihatidan Qur’onning qariyb yarmini tashkil qiladi.
Bu paytda Makkadagi musulmonlar Qur’on suralarini va boshqa diniy ta’limotlarni faqat maxfiy ravishda o‘rganishar va bir-birlariga o‘rgatishar edi. Ammo Madinada vaziyat boshqacha edi, yangi musulmon bo‘lgan madinaliklar Islomni, Qur’onni o‘rganishda yetarli erkinlikka ega edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Qur’on va Islom ko‘rsatmalarini o‘rgatish uchun Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuni, uning ortidan Abdulloh ibn Ummu Maktum roziyallohu anhuni yubordilar. Qolaversa, yangi nozil bo‘lgan oyatlar karvonlar orqali yetkazib turilardi. Ular Makkadagi dindoshlarining bemisl jabru sitamlardan aziyat chekayotganlarini ko‘rib, ularni o‘z yurtlariga taklif qilishdi. Asta-sekin Makkadagi musulmonlar Madinaga hijrat qila boshladilar va ikki yarim oy davomida butunlay ko‘chib o‘tdilar.
Nihoyat, Allohdan izn bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham nubuvvatning 14-yili, Rabiul avval oyining boshida (milodiy 622 yilda ) Madinai munavvaraga hijrat qildilar. O‘shanda u zot qamariy hisob bo‘yicha rosa 53 yoshga to‘lgan edilar. Shu bilan payg‘ambarlikning birinchi davri Makka davri tugadi.
Muhtaram jamoat! Madinai munavvaraga ko‘chishning birinchi yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshchiligida Madina shahriga yaqin bo‘lgan Qubo qishlog‘ida taqvoga asoslangan ilk masjid qurildi.
Alloh taolo bu masjid haqida shunday degan:
(...لَمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ... (سورة التّوبة/108
ya’ni, “... Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid esa, ...”
Ilk juma namozi o‘qildi. Ushbu juma namozi o‘qilgan joyga keyinchalik masjid solinib, “Jum’a masjidi” deb nomlandi.
«So‘kish, haqorat qilish» ma’nolaridagi «Yasrib» nomi «Madinatur Rasul», «Madinatun Nabiy» (Payg‘ambar shahri) deb nomlandi va bu nom keyinchalik qisqarib «Madina», «Madinai munavvara» deb aytila boshladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam muhojir va ansorlarni bir-biriga yordamlashadigan, molu mulkiga sherik va merosxo‘r bo‘ladigan darajada birodar qilib, og‘a-ini tutintirdilar.
Madinaga ko‘chib kelinganining ikkinchi yili Rajab oyining o‘rtasida qibla Baytul Maqdisdan Masjidul Haromga o‘zgartirildi. Shu yili yana Ramazon ro‘zasi farz qilindi, fitr sadaqasi vojib bo‘ldi. Ramazon oyining o‘n yettinchisida Islom tarixidagi mashhur Badr jangi bo‘ldi.
Madinaga ko‘chishning uchinchi sanasida Shavvol oyining yettinchisida Uhud jangi bo‘ldi. Shu yili yana xamr (mast qiluvch ichimliklar) iste’mol qilish butunlay harom qilindi.
Madinaga ko‘chishning oltinchi sanasi Zulqa’da oyida Quraysh mushriklari bilan Madina musulmonlari o‘rtasida sulh bitimi imzolandi. Bu bitim Islom tarixida «Hudaybiya sulhi» nomi bilan mashhurdir.
Madinaga ko‘chishning yettinchi sanasi boshida Payg‘ambarimiz Habashiston, Misr, Fors, Rum va Umon podshohlari hamda Bahrayn, Yamoma va Damashq amirlariga ularni Islomga taklif etib, maktublar yubordilar.
Madinaga ko‘chishning yettinchi sanasi Zulqa’da oyida Payg‘ambarimiz ikki ming sahoba bilan Makkaga bordilar va qazo umrani bajarib qaytdilar.
Payg‘ambarimiz Muhammad alahissalomning Madinaga ko‘chishning sakkizinchi sanasi Islom tarixidagi mashhur Mu’ta jangi bo‘ldi. Ramazon oyining 17-si, seshanba kuni Payg‘ambarimiz 10 ming nafar sahobalari bilan Makkaga borib, uni jangu jadalsiz fath qildilar hamda Payg‘ambarimizga va barcha musulmonlarga 20 yil davomida ozoru aziyatlar berib kelgan Makka mushriklarini avf etib yubordilar.
Zulqa’da oyida Payg‘ambarimiz Toifdan qaytib, Ji’ronada o‘ljalarni taqsim qilib bo‘lganlaridan so‘ng umraga niyat qilib, u yerdan Makkaga qaytdilar va umrani ado qilib, Madinaga jo‘nadilar.
Madinaga ko‘chishning to‘qqizinchi yili boshidan Payg‘ambarimizning huzurlariga turli qabila va yurtlardan elchi-vakillar kela boshladi.
Madinaga ko‘chishning o‘ninchi yili Ramazon oyi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimni Jabroil alayhissalomdan har yili ramazonda bir bor o‘tkazganlari holda, ushbu oxirgi ramazon oyida ikki marta to‘liq o‘tkazib oldilar.
Zulhijja oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 100 mingdan ortiq sahoba bilan Hajjatul vado’ – vidolashuv hajini ado etdilar. Arafotda “Hajjatul vado’ xutbasi” nomi bilan tarixda qolgan olamshumul xutba qildilar. Unda insoniyat uchun kerak bo‘lgan asosiy nuqtalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan shunday dedilar:
أَيُّهَا الناس، إنه لا نَبِيَّ بَعْدِي وَلا أُمَّةَ بَعْدَكُمْ، أَلَا فاعْبُدُوا رَبُّكُمْ وَصَلُّوا خَمْسَكُمْ وَصُومُوا شَهْرَكُمْ وَأَدُّوا زَكَاةَ أَمْوَالَكُمْ طَيْبَةً بها أَنْفُسَكُمْ وتَحُجُّونَ بَيْتَ رَبِّكُمْ وَأَطِيعُوا وُلاةَ أَمْرِكُمْ، تَدْخُلُوا جَنَّةَ رَبِّكُمْ
ya’ni, «Ey odamlar! Mendan keyin payg‘ambar yo‘q, sizlardan keyin boshqa ummat yo‘q. Ogoh bo‘linglar! Parvardigoringizga ibodat qilinglar, besh vaqt namozingizni o‘qinglar, bir oy ramazon ro‘zangizni tutinglar, boyliklaringizning zakotini ko‘ngildan chiqarib beringlar, Parvardigoringizning Baytini – Ka’bani haj qilinglar va boshliqlaringizga itoat qilinglar. Shunda, Parvardigoringizning jannatiga kirasizlar» (Ibn Jarir va Ibn Asokirlar rivoyati).
Muhtaram namozxonlar! Vafotlaridan ikki hafta oldin, dushanba kuni Baqi’ qabristonidan bir janozada ishtirok etib qaytayotganlarida, yo‘lda boshlariga og‘riq kirdi. Uylariga kirgach, isitmalari ko‘tarilib, to‘shaklariga yotib qoldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dard chekib yotgan bo‘lishlariga qaramay, 11 kun davomida Masjidi Nabaviyda imom bo‘lib namoz o‘qib berdilar.
Vafotlaridan bir hafta oldin, dushanba kuni boshlari bog‘liq holda, Fazl ibn Abbos va hazrati Ali roziyallohu anhumga suyanib, oyoqlarini sudrab bosgancha boshqa ayollarining iznlari ila Oisha roziyallohu anho onamizning uyiga ko‘chib o‘tdilar va hayotlarining so‘ngi haftasini shu yerda o‘tkazdilar.
Vafotlaridan besh kun oldin, chorshanba kuni dardlari zo‘rayib, isitmaning shiddatidan behush bo‘ldilar. O‘zlariga kelgach, ustlaridan suv quydirdilar va masjidga kirib, minbarga chiqib, sahobalarga pandu nasihat qildilar. So‘ng minbardan tushib, peshinni o‘qidilar, keyin yana minbarga chiqib, pandu nasihat qildilar.
Vafotlaridan to‘rt kun oldin, payshanba kuni qattiq dard chekib yotgan hollarida sahobalarga vasiyatlar qildilar. Xufton paytiga borib, dardlari zo‘rayib, masjidga chiqishga ham hollari kelmay qoldi va Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuni namozga imomlikka tayinladilar.
Payshanba kuni xufton namozidan, to vafot qilgan kunlari – dushanba kunining bomdod namozigacha bo‘lgan namozlarni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Masjidi Nabaviyda o‘qib berib turdilar.
Vafotlaridan ikki kun oldin, shanba kuni dardlari biroz yengillashib, ikki kishi yordamida peshin namoziga chiqdilar.
Vafotlaridan bir kun oldin, yakshanba kuni qolgan qullarini ozod qildilar va sadaqa qildilar.
Hayotlarining so‘ngi kuni, 12-Rabiul avval, dushanba. Sahobalar bomdod namozida turganlarida u zot hujraning pardasini ochdilar, jamoatga qarab, tabassum qildilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz namozga chiqsalar kerak, degan gumonda safga qo‘shilish uchun ortga tisarila boshladi. Payg‘ambarimiz esa qo‘llari bilan «Namozingizni davom ettiravering» degandek ishora qildilar va pardani tushirdilar.
Shu kuni, choshgoh mahali suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam jon omonatini Parvardigoriga topshirishlaridan oldin odamlarga eng oxirgi vasiyatlarini qildilar:
الصلاةَ الصلاةَ وَمَا مَلَكَتْ أَيمانُكُم
ya’ni, “Namozni, namoz(ni muhofaza qilinglar!) va qo‘l ostingizdagilar(ning haq-huquqlariga rioya qilinglar!)” va:
مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ،
اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِي وَارْحَمْنِي، وَأَلْحِقْنِي بِالرَّفِيقِ الْأَعْلَى، اللَّهُمَّ الرَّفِيقَ الْأَعْلَى
ya’ni, “(Meni) ularga in’om qilganing payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birga qil. Allohim, meni mag‘firat qil, rahmatingga ol. Meni Rafiqi A’loga yetkaz. Allohim, Rafiqi A’loga» deb, vafot etdilar” (muttafaqun alayh).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qamariy hisobda to‘liq 63 yil oy umr ko‘rdilar. Vafot etgan kunlari 12-Rabiul avval milodiy 632 yilning 6-iyuniga to‘g‘ri keladi.
Muhtaram jamoat! Mavlidi sharif oyida butun Islom olami bilan birgalikda sevimli Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini yanada chuqurroq o‘rganishga, u zotga ko‘proq durudu salavot aytishga harakat qilaylik. U zot alayhissalomning barcha olamlarga, butun insoniyatga, mo‘min-musulmonlarga chinakam rahmat bo‘lib kelganlarini kattayu kichik har bir musulmonga, barcha yurtdoshlarimizga, xususan, xonadon ahlimizga o‘rgataylik. U zot alayhissalomni tanish, sevish, u zotga ergashish va doimo salavot aytish barchamizning mo‘min-musulmonlik burchimizdir.
Alloh taolo barchamizga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo‘lishni nasib qilsin, O‘zi sevgan bandalaridan qilsin, qiyomatda u zoti bobarakotning shafoatlariga musharraf qilsin, omin.
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati