Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2026   |   26 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:35
Xufton
21:04
Bismillah
09 Avgust, 2026, 26 Safar, 1448

“Favoiduz-Ziyoiyya” asarining yozilish tarixi

14.12.2016   6402   10 min.
“Favoiduz-Ziyoiyya” asarining yozilish tarixi

“Sharhi Mullo” yoki “Mullo Jomiy” yoki “Sharhi Mullo Jomiy” nomlari bilan mashhur bo‘lgan “Favoiduz-Ziyoiyya” asari o‘ziga xos tarixga ega. Bu asarning tarixi haqida so‘z yuritishdan oldin uning asosi bo‘lgan “Kofiya” va uning muallifi haqida bir og‘iz so‘z.

“Kofiya” kitobi Ibn Hojib nomi bilan mashxur bo‘lgan buyuk tilshunos olim Abu Umar Usmon ibn Umar al-Kurdiy (646 h. v/e) tomonidan yozilgan. U Misrda yashab o‘tgan. Otasi Misr amirining hojibi, ya’ni qo‘riqchilaridan biri bo‘lgani uchun “Ibn Hojib” ya’ni, “Qo‘riqchining o‘g‘li” degan nom unga taxallus bo‘lib qolgan. U hayoti davomida ko‘plab ilmlarni, jumladan, nahv ilmini chuqur egallab, bu borada kichik bir risola yaratdi. Muallif ushbu kitobini toliblar yodlashlari va esda saqlashlari oson bo‘lishi uchun   ixcham bo‘lishini inobatga olib, keng ma’noni ifoda qiladigan so‘zlar bilan boyitdi. Shu bois asar ko‘pchilik e’tiborini qozondi. Kitob o‘z zamonasida arab tili darsliklari ichida tengsiz edi. Asar o‘sha paytning o‘zidayoq madrasalarda arab tili darsligi sifatida o‘qiladigan va nahv masalalarida manba deb e’tibor qilinadigan bo‘ldi. Kitob olimning hayotlik chog‘idayoq katta shuhrat qozonib, uning izohtalab o‘rinlarini yoritib berish maqsadida o‘sha zamon olimlari unga sharh yoza boshladi. Misol tariqasida muallif bilan asrdosh bo‘lgan buyuk muhaqqiq, tilshunos alloma Roziyuddin Muhammad ibn Hasan Astrabodiy (688 h. v/e)ni aytishimiz mumkin. U “Sharhur-Roziy alal Kofiya” (شرح الرضي علي الكافية)  nomli to‘rt jildli asar yozgan. Ammo birinchilardan bo‘lib muallifning o‘zi sharh yozgan, degan rivoyatlar bor. Muallif sarf ilmi borasida ham ko‘pchilik e’tiborini qozongan “Shofiya” nomli asar  yozgan. Raziyuddin Astrabodiy bu kitobga ham mo‘jazgina bir sharh yozgan. Bu asar ham Kofiya kitobi bilan birga madrasalarga sarf ilmidan darslik sifatida kiritilgan va unga ko‘plab sharhlar yozilgan [1]

  “Kofiya” kitobiga juda ko‘plab sharhlar yozilgani rivoyat qilinadi. Shunday sharhlardan biri biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan “Favoiduz-ziyoiyya” asaridir.

Abdurahmon Jomiyning Ziyouddin Yusuf ismli o‘g‘li bo‘lib, u Ibn Hojibning “Kofiya” asarini o‘qib, ba’zi mujmal o‘rinlaridan ko‘ngildagidek tushuncha hosil qilmadi. O‘sha kungacha yozilgan sharhlardan qoniqish hosil qilmay otasidan “Kofiya” asariga  sharh yozib berishini iltimos qildi. Jomiy o‘g‘li Ziyouddin Yusufning taklifini inobatga olib unga sharh yozdi. Jomiy asarini o‘g‘lining nomi bilan, ya’ni “Favoiduz-Ziyoiyya” deb nomladi. Albatta, Jomiy ushbu asarini nafaqat o‘g‘li, balki barcha ilm tahsil qiluvchilarga boshlang‘ich qo‘llanma sifatida yozganini  asarning kirish qismida aytib o‘tdi. Ushbu asarni Jomiy vafotidan bir yil oldin, hijriy 897 yili 11 Ramazon, shanba kuni yozib tugatdi.

Bu asarga ko‘plab hoshiyalar yozilgan. Kotiblar kitobning hoshiyasiga ana o‘sha hoshiyalardan birini keltirib, u kimga tegishli ekanini bildirish maqsadida, alomat sifatida muallifning ismi yoki hoshiyaning nomini qisqartma shaklda keltirishgan. Quyida ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

Isomiddin ibn Irohim ibn Muhammad Asfaroiniy (h.944, v/e).     

Muhammad Ismatullo ibn Mahmud Buxoriy. U zot kitobning yarmigacha hoshiya yozgan.

Abdug‘afur Loriy (h. 912, v/e), u zot Jomiyning shogirdlaridan bo‘lib, “Mabniyyot” bobining “Tovushlar” bo‘limigacha yozgan.

Abduhakim ibn Shamsiddin Sayolkuniy (h. 1070 v/e). U zot Jomiyning shogirdi Abdug‘afur Loriy  hoshiyasini oxiriga yetkazgan.

Shayx Vajihuddin Alaviy (h. 998 v/e).

Shayx Nurulhaq ibn shayx Abdulhaq Dehlaviy (h. 1073, v/e).

Hofiz  Kuhakiy Toshkandiy. U zot “Marfuot” bo‘limigacha yozgan.

Muhammad Abdurahmon ibn Mahmud Asfaroiniy.

Muhammad Sodiq Qobiliy.

Abulbaqo. 

Muhrim Afandi.  

 Abdulloh ibn Solih Afandi Rumiyning  “Takmilatul muhrim” asari.

Abdunabiyning “Jome’ul g‘umus” nomli asari.

Sayyid Alixon Kabir nomi bilan mashhur bo‘lgan zotning “al-Hadoiqun nadiyya sharhul Favoidis-somadiyya” asari.

Muhammad Ali ibn Qozi shayx Ali Tahonaviyning “Kashshofu istilohotil funun” nomli asari.

Abulbaqo Kafaviyning “Kulliyot” asari. 

 Shihobiddin Hindiyning “Sharhu Hindiy” nomli asari. 

“Qomusul lug‘at” nomli asar.

“Tojul lug‘at” nomli asar.  

“Siroh” nomli asar.

“Muntahal arab” nomli asar.

“Muntaxabul-lug‘at” nomli asar.

“Nafoisul-lug‘at” nomli asar.     

Bu kitob o‘z zamonasining ulamolari orasida katta nufuzga ega bo‘lib,  bugungacha o‘z obro‘sini saqlab qolgan.  Ulamolar bu sharh Jomiyning yozgan sharhlari ichida eng yaxshisi deya e’tirof etishgan. Ushbu kitob Ibn Hojibning “Kofiya” asariga sharh bo‘lgani uchun u kishining kitoblaridagi tartib o‘zgartirilmagan. Kitobda kirish so‘zidan so‘ng kalima va Kalom haqida so‘z boradi. So‘ng g‘ayrul-munsarif, marfuot, mansubot, majrurot, tavobe’lar, mabniyyot hamda ismlar va uning lavohiqlari, fe’llar hamda  harf haqida so‘z boradi. Quyida bu boblar haqida qisqacha tanishib o‘tamiz.

 المقدّمة – Kirish – muallif kitobning kirish qismida kalima va uning turlari, kalom, ism, hosil va mahsul, ismning xususiyatlari, mo‘rab, mo‘rabning hukmi, e’rob, omil, taqdiriy e’rob va lafziy e’rob haqida so‘z yuritgan.

  غير المنصرف – G‘ayrul-munsarif – bu bo‘limda ismning sarflanmasligiga sabab bo‘ladigan to‘qqizta illat va unga misollar, g‘ayri munsarif bo‘lgan ismning munsarif bo‘lishi joiz bo‘lgan o‘rinlar haqida so‘z boradi. So‘ng o‘sha to‘qqizta illat birma-bir misollar bilan aytib o‘tiladi. Ular: adl, vasf, ta’nis, ma’rifa, ujmat, jam, tarkib, alif va nun, vazni fe’llardir.

  المرفوعات- Marfuot – bu bo‘limda foil va uning maf’uldan oldin  va keyin kelish o‘rinlari, fe’lning hazf bo‘lish o‘rinlari, ikki fe’lning bir ism ustida tortishuvi, noibi foil, mubtado, xabar, mubtadoning hazf bo‘lishi joiz hamda lozim bo‘lgan o‘rinlari va xabarning hazf bo‘lishi, joiz hamda lozim bo‘lgan o‘rinlari,  “إنّ” va uning sheriklarining xabari, jinsni inkor qiluvchi “لا”ning xabari, “ليس”ga o‘xshash  “ما va لا”ning ismi haqida so‘z boradi.

المنصوبات – Mansubot – bu bo‘limda, maf’uli mutlaq, maf’ul bihi, munodo va munodoning tobe’lari, muzof bo‘lgan munodo, tarxim, mandub, tahzir, maf’ul fihi, maf’ul lahu, maf’ul ma’hu, hol, tamyiz, mustasno, “كان” va uning sheriklarining xabari, “إنّ” va uning sheriklarining ismi, jinsni inkor qiluvchi “لا” bilan mansub bo‘lish o‘rinlari,  “ما va لا”ning xabari haqida so‘z boradi.

المجرورات – Majrurot – bu bo‘limda muzof ilayh, ma’naviy izofa, lafziy izofa, izofaning turli tarkibiy ko‘rinishlari, mavsuf va sifatdagi izofa haqida, oltita ismning izofa bo‘lishining hukmi haqida so‘z boradi.

  التوابع – Tavobe’lar – bu bo‘limda na’t, mavsuf holatining sifati va muta’lliqi, atf, tavkid, badal, atful bayon haqida so‘z boradi.

المبنيات – Mabniyyot – bu bo‘limda, zamirlar va ularning turlari, ismi ishoralar, mavsula, “الذي” bilan xabar qilib keltirish, ismi fe’llar, tovushlar, murakkab ismlar, kinoyalar, so‘roq va xabar  uchun ishlatiladigan “كم”, ismi istifhom va ismi shartlar hamda zarflar haqida so‘z boradi.  

 الأسماء ولواحقهاIsmlar va ularning lavohiqlari – bu bo‘limda, ma’rifa, alam, nakra, adad ismlar, muzakkar va muannas, musanno, majmu’, masdar, ismi foil, ismi maf’ul va sifati mushabbaha hamda ismi tafzil haqida so‘z boradi.

 الأفعال – Fe’llar – bu bo‘limda, moziy, muzore’, “ان” nosiba taqdir qilinadigan o‘rinlar, majoziy kalima, amr, noibi foil, muta’addiy  fe’llar, af’oli qulub, noqis fe’llar, muqoraba fe’llar va taajjub fe’llar hamda madh va zam fe’llar haqida so‘z boradi.

  الحروف- Harflar – bu bo‘limda, jar harflari, fe’lga o‘xshash harflar, atf harflari, tanbih harflari, nido harflari, ijob harflari, zoida harflari, tafsiriya harflar, masdar harflari, tahziz harflari, tavaqqu’ harflari, istifhomning ikki harfi, shart harflari, “ان ولو” fe’l uchun lozimligi, rad’ harfi va muannasning “تاء”si, tanvin hamda tavkidning nuni haqida so‘z boradi.

Abdurahmon Jomiy hazratlari nafaqat nazm bo‘stonida, balki diniy ilmlar peshvosi hamdirlar. Ayniqsa u zotning o‘z o‘g‘illariga qilgan shafqatlari, mehribonchiliklari mol dunyo berish bilan emas, sadaqai joriya bo‘lmish kitob yozish ila bo‘lgan. Farzandlari tarbiyasiga qayg‘urgan ota-onalar Jomiy hazratlaridan o‘rnak olsalar arziydi. 

Abdurahmon Jomiy “Kofiya” asariga yozgan “Favoiduz-Ziyoiyya” sharhi nafaqat ilgari, hattoki hozirgi kunimizda madrasalarimizda talabalarga o‘qitilib, sevimli darsliklar qatoridan joy olgan.

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Faxriddin Muhammad Nosir

 

 

 

 

 

 

[1]  رضي الدين محمد الأستربازي. شرح الرضي علي الكافية. مكتبة الشاملة. ج-1. ص-2-3.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi»

06.08.2026   12545   2 min.
Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi»

Hindiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kotibiyati boshlig‘i, general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Markaz bilan tanishuv davomida mehmon, ayniqsa, Usmon Mus'hafini ko‘rib chuqur taassurot olganini ta’kidlab, uni bu yerdagi eng noyob va unutilmas yodgorliklardan biri, deya e’tirof etdi.


Tashrif chog‘ida general Dinesh Kumar muzeyning boy ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi. U islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyasi, Islom sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan galereyalar, buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.

Mehmon ekspozitsiyalar tarixiy merosni zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali jonli va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, har bir galereya o‘zaro uzviy bog‘langan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston va butun mintaqa sivilizatsiyasi tarixini yaxlit holda anglash imkonini beradi.
 

General Dinesh Kumar bunday dedi:

➖ Bu haqiqatan ham hayratlanarli maskan. Delegatsiyam bilan birgalikda bu yerga kelib, katta taassurotlar oldik. Markazning me’moriy qiyofasi, ekspozitsiyalarning yuksak saviyada tashkil etilgani hamda islomgacha bo‘lgan davrdan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixning izchil va ta’sirchan tarzda yoritilgani meni chuqur hayratga soldi. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar yordamida tarixni jonlantirish usuli tahsinga sazovor. Bu yerda har bir ekspozitsiya o‘tmishni nafaqat ko‘rish, balki uni chuqur his qilish imkonini ham beradi.

Bizga namoyish etilgan Usmon Mus'hafi so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada noyob meros ekan. Bu men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi va uni umrim davomida eslab yuraman.

O‘zbekistonga keladigan har bir sayyoh ushbu maskanni albatta ko‘rishi kerak. Biz Hindistonga qaytgach, do‘stlarimiz va hamkasblarimizga ham bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilamiz.

 

 

Tashrif yakunida general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning ko‘p asrlik tarixiy va ma’naviy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda namoyon etayotgan, xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan ekanini alohida ta’kidladi. 

iccu.uz

Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi» Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi»
O'zbekiston yangiliklari