“Sharhi Mullo” yoki “Mullo Jomiy” yoki “Sharhi Mullo Jomiy” nomlari bilan mashhur bo‘lgan “Favoiduz-Ziyoiyya” asari o‘ziga xos tarixga ega. Bu asarning tarixi haqida so‘z yuritishdan oldin uning asosi bo‘lgan “Kofiya” va uning muallifi haqida bir og‘iz so‘z.
“Kofiya” kitobi Ibn Hojib nomi bilan mashxur bo‘lgan buyuk tilshunos olim Abu Umar Usmon ibn Umar al-Kurdiy (646 h. v/e) tomonidan yozilgan. U Misrda yashab o‘tgan. Otasi Misr amirining hojibi, ya’ni qo‘riqchilaridan biri bo‘lgani uchun “Ibn Hojib” ya’ni, “Qo‘riqchining o‘g‘li” degan nom unga taxallus bo‘lib qolgan. U hayoti davomida ko‘plab ilmlarni, jumladan, nahv ilmini chuqur egallab, bu borada kichik bir risola yaratdi. Muallif ushbu kitobini toliblar yodlashlari va esda saqlashlari oson bo‘lishi uchun ixcham bo‘lishini inobatga olib, keng ma’noni ifoda qiladigan so‘zlar bilan boyitdi. Shu bois asar ko‘pchilik e’tiborini qozondi. Kitob o‘z zamonasida arab tili darsliklari ichida tengsiz edi. Asar o‘sha paytning o‘zidayoq madrasalarda arab tili darsligi sifatida o‘qiladigan va nahv masalalarida manba deb e’tibor qilinadigan bo‘ldi. Kitob olimning hayotlik chog‘idayoq katta shuhrat qozonib, uning izohtalab o‘rinlarini yoritib berish maqsadida o‘sha zamon olimlari unga sharh yoza boshladi. Misol tariqasida muallif bilan asrdosh bo‘lgan buyuk muhaqqiq, tilshunos alloma Roziyuddin Muhammad ibn Hasan Astrabodiy (688 h. v/e)ni aytishimiz mumkin. U “Sharhur-Roziy alal Kofiya” (شرح الرضي علي الكافية) nomli to‘rt jildli asar yozgan. Ammo birinchilardan bo‘lib muallifning o‘zi sharh yozgan, degan rivoyatlar bor. Muallif sarf ilmi borasida ham ko‘pchilik e’tiborini qozongan “Shofiya” nomli asar yozgan. Raziyuddin Astrabodiy bu kitobga ham mo‘jazgina bir sharh yozgan. Bu asar ham Kofiya kitobi bilan birga madrasalarga sarf ilmidan darslik sifatida kiritilgan va unga ko‘plab sharhlar yozilgan [1].
“Kofiya” kitobiga juda ko‘plab sharhlar yozilgani rivoyat qilinadi. Shunday sharhlardan biri biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan “Favoiduz-ziyoiyya” asaridir.
Abdurahmon Jomiyning Ziyouddin Yusuf ismli o‘g‘li bo‘lib, u Ibn Hojibning “Kofiya” asarini o‘qib, ba’zi mujmal o‘rinlaridan ko‘ngildagidek tushuncha hosil qilmadi. O‘sha kungacha yozilgan sharhlardan qoniqish hosil qilmay otasidan “Kofiya” asariga sharh yozib berishini iltimos qildi. Jomiy o‘g‘li Ziyouddin Yusufning taklifini inobatga olib unga sharh yozdi. Jomiy asarini o‘g‘lining nomi bilan, ya’ni “Favoiduz-Ziyoiyya” deb nomladi. Albatta, Jomiy ushbu asarini nafaqat o‘g‘li, balki barcha ilm tahsil qiluvchilarga boshlang‘ich qo‘llanma sifatida yozganini asarning kirish qismida aytib o‘tdi. Ushbu asarni Jomiy vafotidan bir yil oldin, hijriy 897 yili 11 Ramazon, shanba kuni yozib tugatdi.
Bu asarga ko‘plab hoshiyalar yozilgan. Kotiblar kitobning hoshiyasiga ana o‘sha hoshiyalardan birini keltirib, u kimga tegishli ekanini bildirish maqsadida, alomat sifatida muallifning ismi yoki hoshiyaning nomini qisqartma shaklda keltirishgan. Quyida ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
Isomiddin ibn Irohim ibn Muhammad Asfaroiniy (h.944, v/e).
Muhammad Ismatullo ibn Mahmud Buxoriy. U zot kitobning yarmigacha hoshiya yozgan.
Abdug‘afur Loriy (h. 912, v/e), u zot Jomiyning shogirdlaridan bo‘lib, “Mabniyyot” bobining “Tovushlar” bo‘limigacha yozgan.
Abduhakim ibn Shamsiddin Sayolkuniy (h. 1070 v/e). U zot Jomiyning shogirdi Abdug‘afur Loriy hoshiyasini oxiriga yetkazgan.
Shayx Vajihuddin Alaviy (h. 998 v/e).
Shayx Nurulhaq ibn shayx Abdulhaq Dehlaviy (h. 1073, v/e).
Hofiz Kuhakiy Toshkandiy. U zot “Marfuot” bo‘limigacha yozgan.
Muhammad Abdurahmon ibn Mahmud Asfaroiniy.
Muhammad Sodiq Qobiliy.
Abulbaqo.
Muhrim Afandi.
Abdulloh ibn Solih Afandi Rumiyning “Takmilatul muhrim” asari.
Abdunabiyning “Jome’ul g‘umus” nomli asari.
Sayyid Alixon Kabir nomi bilan mashhur bo‘lgan zotning “al-Hadoiqun nadiyya sharhul Favoidis-somadiyya” asari.
Muhammad Ali ibn Qozi shayx Ali Tahonaviyning “Kashshofu istilohotil funun” nomli asari.
Abulbaqo Kafaviyning “Kulliyot” asari.
Shihobiddin Hindiyning “Sharhu Hindiy” nomli asari.
“Qomusul lug‘at” nomli asar.
“Tojul lug‘at” nomli asar.
“Siroh” nomli asar.
“Muntahal arab” nomli asar.
“Muntaxabul-lug‘at” nomli asar.
“Nafoisul-lug‘at” nomli asar.
Bu kitob o‘z zamonasining ulamolari orasida katta nufuzga ega bo‘lib, bugungacha o‘z obro‘sini saqlab qolgan. Ulamolar bu sharh Jomiyning yozgan sharhlari ichida eng yaxshisi deya e’tirof etishgan. Ushbu kitob Ibn Hojibning “Kofiya” asariga sharh bo‘lgani uchun u kishining kitoblaridagi tartib o‘zgartirilmagan. Kitobda kirish so‘zidan so‘ng kalima va Kalom haqida so‘z boradi. So‘ng g‘ayrul-munsarif, marfuot, mansubot, majrurot, tavobe’lar, mabniyyot hamda ismlar va uning lavohiqlari, fe’llar hamda harf haqida so‘z boradi. Quyida bu boblar haqida qisqacha tanishib o‘tamiz.
المقدّمة – Kirish – muallif kitobning kirish qismida kalima va uning turlari, kalom, ism, hosil va mahsul, ismning xususiyatlari, mo‘rab, mo‘rabning hukmi, e’rob, omil, taqdiriy e’rob va lafziy e’rob haqida so‘z yuritgan.
غير المنصرف – G‘ayrul-munsarif – bu bo‘limda ismning sarflanmasligiga sabab bo‘ladigan to‘qqizta illat va unga misollar, g‘ayri munsarif bo‘lgan ismning munsarif bo‘lishi joiz bo‘lgan o‘rinlar haqida so‘z boradi. So‘ng o‘sha to‘qqizta illat birma-bir misollar bilan aytib o‘tiladi. Ular: adl, vasf, ta’nis, ma’rifa, ujmat, jam, tarkib, alif va nun, vazni fe’llardir.
المرفوعات- Marfuot – bu bo‘limda foil va uning maf’uldan oldin va keyin kelish o‘rinlari, fe’lning hazf bo‘lish o‘rinlari, ikki fe’lning bir ism ustida tortishuvi, noibi foil, mubtado, xabar, mubtadoning hazf bo‘lishi joiz hamda lozim bo‘lgan o‘rinlari va xabarning hazf bo‘lishi, joiz hamda lozim bo‘lgan o‘rinlari, “إنّ” va uning sheriklarining xabari, jinsni inkor qiluvchi “لا”ning xabari, “ليس”ga o‘xshash “ما va لا”ning ismi haqida so‘z boradi.
المنصوبات – Mansubot – bu bo‘limda, maf’uli mutlaq, maf’ul bihi, munodo va munodoning tobe’lari, muzof bo‘lgan munodo, tarxim, mandub, tahzir, maf’ul fihi, maf’ul lahu, maf’ul ma’hu, hol, tamyiz, mustasno, “كان” va uning sheriklarining xabari, “إنّ” va uning sheriklarining ismi, jinsni inkor qiluvchi “لا” bilan mansub bo‘lish o‘rinlari, “ما va لا”ning xabari haqida so‘z boradi.
المجرورات – Majrurot – bu bo‘limda muzof ilayh, ma’naviy izofa, lafziy izofa, izofaning turli tarkibiy ko‘rinishlari, mavsuf va sifatdagi izofa haqida, oltita ismning izofa bo‘lishining hukmi haqida so‘z boradi.
التوابع – Tavobe’lar – bu bo‘limda na’t, mavsuf holatining sifati va muta’lliqi, atf, tavkid, badal, atful bayon haqida so‘z boradi.
المبنيات – Mabniyyot – bu bo‘limda, zamirlar va ularning turlari, ismi ishoralar, mavsula, “الذي” bilan xabar qilib keltirish, ismi fe’llar, tovushlar, murakkab ismlar, kinoyalar, so‘roq va xabar uchun ishlatiladigan “كم”, ismi istifhom va ismi shartlar hamda zarflar haqida so‘z boradi.
الأسماء ولواحقها – Ismlar va ularning lavohiqlari – bu bo‘limda, ma’rifa, alam, nakra, adad ismlar, muzakkar va muannas, musanno, majmu’, masdar, ismi foil, ismi maf’ul va sifati mushabbaha hamda ismi tafzil haqida so‘z boradi.
الأفعال – Fe’llar – bu bo‘limda, moziy, muzore’, “ان” nosiba taqdir qilinadigan o‘rinlar, majoziy kalima, amr, noibi foil, muta’addiy fe’llar, af’oli qulub, noqis fe’llar, muqoraba fe’llar va taajjub fe’llar hamda madh va zam fe’llar haqida so‘z boradi.
الحروف- Harflar – bu bo‘limda, jar harflari, fe’lga o‘xshash harflar, atf harflari, tanbih harflari, nido harflari, ijob harflari, zoida harflari, tafsiriya harflar, masdar harflari, tahziz harflari, tavaqqu’ harflari, istifhomning ikki harfi, shart harflari, “ان ولو” fe’l uchun lozimligi, rad’ harfi va muannasning “تاء”si, tanvin hamda tavkidning nuni haqida so‘z boradi.
Abdurahmon Jomiy hazratlari nafaqat nazm bo‘stonida, balki diniy ilmlar peshvosi hamdirlar. Ayniqsa u zotning o‘z o‘g‘illariga qilgan shafqatlari, mehribonchiliklari mol dunyo berish bilan emas, sadaqai joriya bo‘lmish kitob yozish ila bo‘lgan. Farzandlari tarbiyasiga qayg‘urgan ota-onalar Jomiy hazratlaridan o‘rnak olsalar arziydi.
Abdurahmon Jomiy “Kofiya” asariga yozgan “Favoiduz-Ziyoiyya” sharhi nafaqat ilgari, hattoki hozirgi kunimizda madrasalarimizda talabalarga o‘qitilib, sevimli darsliklar qatoridan joy olgan.
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Faxriddin Muhammad Nosir
[1] رضي الدين محمد الأستربازي. شرح الرضي علي الكافية. مكتبة الشاملة. ج-1. ص-2-3.
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati