“Agar mendan, nega milliy qadriyatlarimiz
shuncha zamonlar osha bezavol yashab kelayapti,
deb so‘rashsa, bu avvalo muqaddas dinimiz hisobidan,
deb javob bergan bo‘lur edim”
(I.A.Karimov)
Xalqimizda har yili hijriy yil hisobi bo‘yicha rabi’ul-avval oyi kelganda “mavlid” marosimini o‘tkazish an’anaga aylangan.
“Mavlid” so‘zi lug‘atda “Mavlidun-nabiy” yoki “al-nabaviy” tarzida qo‘llanganda Muhammad (alayhissalom)ning tavallud topgan, ya’ni tug‘ilgan kunlarini anglatadi.
Ko‘plab musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan mavlid marosimi odatda, rabi’ul-avval oyining 12-kunida hech bir bid’at-xurofotsiz nishonlanadi. Ko‘pgina arab mamlakatlari, shuningdek, yurtimizda ham mazkur kunda Imom Abu Ja’far Barzanjiy qalamiga mansub arab tilida yozilgan “Mavlid an-nabiy” nomi bilan mashhur qasidasini o‘qish uchun masjid va xonadonlarda marosimlar o‘tkaziladi. Shuningdek, mulla Yo‘ldosh Xilvatiyning o‘zbek tilidagi “Mavlid nabiy” asarini ham o‘qish keng tarqalgan.
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, mavlid marosimi Payg‘ambarimiz davrlarida ham, undan keyingi 3-4 asr davomida ham o‘tkazilmagan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, mazkur marosim dastlab XI asr Ubaydiylar (Fotimiylar) davrida faqat shia imomlari doirasidagina o‘tkazilib, unga omma jalb etilmagan, keyinchalik XIII asr boshlarida sunniy hukmdorlar tomonidan ham o‘tkazila boshlangan. Iroq hukmdori Muzaffariddin 1207 yil ommaviy marosim sifatida mavlidni nishonlagan va katta ziyofat hozirlangan hamda sovg‘a-salomlar ulashgan.
Yurtimizda uzoq yillardan beri o‘tkazib kelinadigan, mazkur marosim mohiyatan deyarli barcha musulmonlar o‘rtasida bir xil bo‘lsa-da, milliy urf-odat va an’analarimizning qorishuvi natijasida, har bir viloyat, shahar, tumanlarda o‘ziga xos tartibda o‘tkaziladi. Marosimda dasturxon yozilib, unda yig‘ilganlarga Payg‘ambarimizning siyratlari haqidagi kitoblardan, xususan, Imom Abu Ja’far Barzanjiyning “Mavlidun-nabiy” kitobidan parchalar o‘qib, tarjima qilib beriladi. Muhammad (alayhissalom)ni madh etuvchi madhiyalar, qasidalar va salovatlar o‘qiladi. Qur’on tilovat qilinadi, ehson, sadaqalar beriladi va savobi Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga bag‘ishlanadi.
Ayrim joylarda ayollar orasida o‘tkaziladigan mavlid marosimi bid’at darajasiga ko‘tarilgan. Bunday marosimlarda odatda otin oyi va ayollar o‘tirgan uyga isiriq, turshak, sovun, qand kabi narsalar olib kiriladi. Ularga dam solinib marosim so‘ngida bu narsalar ayollarga tarqatiladi. Marosimga yig‘ilganlarning hammasi Mavlid o‘qigan otinoyining oldiga pul tashlab duo qilishlarini so‘rashadi.
Oxirgi paytlarda odamlar turli ma’rakalarni, nikoh to‘yi bo‘ladimi, ta’ziya marosimi bo‘ladimi, aqiqa bo‘ladimi, hammasida mavlid o‘qitishni yo‘lga qo‘yishmoqda. Mavlid qilishdan maqsad dasturxon yozib, qorin to‘yg‘azishdek, go‘yo. Bu esa mavlidning asl mohiyatini yo‘qotadi.
Lekin ba’zi hollarda diniy marosimlar, xususan, mavlid marosimiga otin sifatida chaqirilayotgan ayollarning diniy va dunyoviy bilimlari sayozligi sababli ayrim kamchiliklar, jumladan, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, turli irim-sirimlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Payg‘ambarimizning hadislariga binoan u zotga salavot aytish savobli ish bo‘lib, mavlid marosimini o‘tkazishdan maqsad ham Rasululloh (alayhissalom)ga jamoat bo‘lib durud salavotlar yo‘llash, U zotning siyratlaridan xabardor bo‘lish, odob-axloqlari, boshqalarga yaxshilik qilish, ota-ona va katta yoshdagilarni hurmat qilish, halol va haromni farqiga borish, oila, farzandlarga g‘amxo‘rlik qilish, qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiroyli munosabatda bo‘lish kabi insoniy go‘zal muomalalarni o‘rganishdir. Ortiqcha isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilmasa, ushbu amalni o‘tkazishning zarari yo‘q.
Maryam Abdullayeva,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mutaxassisi
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.