Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Mavlid marosimi haqida

10.12.2016   8002   4 min.
Mavlid marosimi haqida

“Agar mendan, nega milliy  qadriyatlarimiz  

shuncha  zamonlar  osha bezavol  yashab  kelayapti,

 deb  so‘rashsa, bu avvalo muqaddas dinimiz hisobidan,

 deb javob bergan bo‘lur edim”

(I.A.Karimov)

Xalqimizda  har  yili  hijriy  yil hisobi bo‘yicha rabi’ul-avval oyi kelganda “mavlid” marosimini o‘tkazish an’anaga aylangan.

“Mavlid”  so‘zi lug‘atda  “Mavlidun-nabiy” yoki “al-nabaviy” tarzida qo‘llanganda Muhammad (alayhissalom)ning tavallud topgan, ya’ni  tug‘ilgan kunlarini  anglatadi.

Ko‘plab  musulmon  mamlakatlarida keng tarqalgan mavlid marosimi odatda, rabi’ul-avval oyining  12-kunida hech bir bid’at-xurofotsiz nishonlanadi.  Ko‘pgina   arab mamlakatlari,  shuningdek, yurtimizda ham mazkur kunda  Imom Abu Ja’far Barzanjiy    qalamiga mansub arab tilida yozilgan    “Mavlid an-nabiy” nomi bilan mashhur qasidasini o‘qish uchun masjid va xonadonlarda   marosimlar o‘tkaziladi.  Shuningdek, mulla Yo‘ldosh Xilvatiyning o‘zbek tilidagi “Mavlid nabiy” asarini ham o‘qish keng tarqalgan.

Avvalo  shuni  ta’kidlash kerakki, mavlid marosimi  Payg‘ambarimiz davrlarida ham, undan keyingi 3-4 asr davomida ham o‘tkazilmagan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, mazkur  marosim dastlab XI asr Ubaydiylar (Fotimiylar) davrida  faqat  shia  imomlari  doirasidagina o‘tkazilib, unga omma jalb etilmagan, keyinchalik XIII asr boshlarida sunniy hukmdorlar tomonidan ham o‘tkazila boshlangan. Iroq hukmdori  Muzaffariddin 1207 yil ommaviy marosim sifatida mavlidni nishonlagan  va katta ziyofat hozirlangan hamda sovg‘a-salomlar ulashgan.

Yurtimizda uzoq yillardan beri o‘tkazib kelinadigan, mazkur marosim mohiyatan deyarli barcha musulmonlar o‘rtasida  bir xil bo‘lsa-da, milliy urf-odat va an’analarimizning qorishuvi natijasida, har bir viloyat, shahar, tumanlarda o‘ziga xos tartibda o‘tkaziladi. Marosimda dasturxon yozilib, unda yig‘ilganlarga Payg‘ambarimizning siyratlari haqidagi  kitoblardan, xususan, Imom Abu Ja’far Barzanjiyning “Mavlidun-nabiy” kitobidan parchalar o‘qib, tarjima qilib beriladi. Muhammad (alayhissalom)ni madh etuvchi madhiyalar, qasidalar va salovatlar o‘qiladi. Qur’on tilovat qilinadi, ehson,   sadaqalar beriladi  va savobi Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga bag‘ishlanadi.

Ayrim joylarda ayollar orasida o‘tkaziladigan mavlid marosimi bid’at darajasiga ko‘tarilgan. Bunday marosimlarda odatda otin oyi va ayollar  o‘tirgan  uyga  isiriq, turshak,  sovun, qand  kabi  narsalar  olib kiriladi. Ularga dam solinib marosim so‘ngida bu narsalar ayollarga tarqatiladi. Marosimga yig‘ilganlarning hammasi  Mavlid o‘qigan  otinoyining oldiga pul tashlab duo qilishlarini so‘rashadi.

Oxirgi paytlarda odamlar turli ma’rakalarni, nikoh to‘yi bo‘ladimi, ta’ziya  marosimi bo‘ladimi, aqiqa bo‘ladimi, hammasida mavlid o‘qitishni yo‘lga qo‘yishmoqda. Mavlid qilishdan  maqsad dasturxon yozib, qorin to‘yg‘azishdek, go‘yo. Bu esa mavlidning asl mohiyatini yo‘qotadi.  

Lekin ba’zi hollarda diniy marosimlar, xususan, mavlid marosimiga otin sifatida chaqirilayotgan ayollarning  diniy va dunyoviy  bilimlari  sayozligi sababli ayrim kamchiliklar, jumladan, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, turli irim-sirimlar  yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

  Payg‘ambarimizning hadislariga binoan u zotga salavot  aytish  savobli  ish  bo‘lib, mavlid marosimini o‘tkazishdan maqsad ham Rasululloh (alayhissalom)ga  jamoat  bo‘lib  durud  salavotlar  yo‘llash, U zotning siyratlaridan xabardor bo‘lish, odob-axloqlari, boshqalarga yaxshilik qilish, ota-ona va katta yoshdagilarni hurmat qilish, halol va haromni farqiga borish, oila, farzandlarga g‘amxo‘rlik qilish, qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiroyli munosabatda bo‘lish kabi insoniy go‘zal muomalalarni o‘rganishdir. Ortiqcha isrofgarchiliklarga  yo‘l  qo‘yilmasa,  ushbu  amalni o‘tkazishning  zarari  yo‘q.

 

Maryam Abdullayeva,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mutaxassisi

Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   5535   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.