Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

16.12.2016. y. Ilm kamolot va fazilatdir

09.12.2016   7253   9 min.
16.12.2016. y. Ilm kamolot va fazilatdir

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Hozirgi paytda insoniyat hayotidagi taraqqiyot va rivojlanishni ilm-fansiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biror soha yo‘qki, u ilmsiz ravnaq topgan, yuksalgan bo‘lsa. Shu bois Alloh taolo ilm o‘rganishga intilishni har bir mo‘min-musulmon zimmasidagi farz etib qo‘ygan. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyati ham “O‘qi” degan amr bo‘ldi. Alloh taolo ilm  izlashni va o‘rganishni musulmon bandalariga qat’iy buyurgan. Qur’oni karimning bir necha oyatlari bunga dalolatdir. Alloh taolo aytadi:

...يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

 (سورة المجادلة/11)

ya’ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”  (Mujodala surasi, 11).

Yuqoridagi oyatlarda Alloh taolo ilmni ulug‘ ne’mat va yuqori daraja va kamolot sifatida zikr qiladi, olimu fozillar va bilimdonlar darajasi yuqori ekanini bildiradi, banda qanchalik ko‘p ilm olsa, tafakkuri kengaysa, Allohdan shunchalik qo‘rqadigan bo‘lishini bayon etadi. Ilm izlash va unga ega bo‘lish haqida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan juda ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan:

(" اُطْلُبُوا الْعِلْمَ وَلَوْ بِالصِّينِ ..." (رواه ابن عدي و البيهقي

ya’ni: “Ilm Chinda (Xitoyda) bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz”,  deb ta’lim berganlar.

Quyidagi hadisi sharifda olimu boamalning darajasi obiddan ham baland ekanligi, ilm insonga ulug‘ fazilat ekanligi ta’kidlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlarida biri obid va biri  olim bo‘lgan ikki kishi zikr etildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

("فضل العالم على العابد كَفَضْلِى على أدْنَاكم، إِنَّ الله عز وجل وملائكته وأهلَ السماواتِ والأرَضِين حَتى النَمْلَةِ فى حُجْرِها وحتى الحوتِ لَيُصَلَّوْنَ على مُعَلِّمِ الناسَ الخَيْرَ " (رواه الترمذى

ya’ni: “Olim kishining obidga nisbatan fazli mening oralaringizdagi eng quyi tabaqa vakiliga nisbatan fazlim kabidir”,  deb marhamat etdilar. So‘ng u zot alayhissalom: “Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahllari, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarni duo qilishadi”, dedilar.

 “Ilm olish har bir musulmonga farzdir”  degan hadisi sharifiga amal qilingan yurtimizdan dovrug‘i dunyoni tutgan ulug‘ olimlar, fan darg‘alari, atoqli imomlar yetishib  chiqishdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Ali  ibn Sino” Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk olimlar va mutafakkirlarning yaratgan boy ilmiy merosi jahon madaniyati va tammaduniga bebaho xazina bo‘lib qo‘shilgan.

         Muhtaram jamoat! Ilk vahiyning o‘qishga, ilm olishga da’vat bilan boshlanishining, Alloh oxirgi dinini o‘qish-yozishni bilmaydigan ummiy payg‘ambar orqali insoniyatga yetkazishni iroda qilganining buyuk hikmati bor edi. Alloh taolo ilmni qiyomatgacha bandalari uchun Alloh ma’rifatiga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Ilmsizlik va jaholat,  insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi. Insonlarni ilm olishga va bu orqali Parvardigorini tanishga buyurdi. “Ilm” so‘zi Qur’oni karimning sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolari bilan kelgan. Qur’on va sunnatda ilm insoniyatni turli ahloqsizliklar, harom, yomon yo‘l va  amallardan qaytarishi zikr etilgan, zero dunyoning obodligi, bardavomligi va baxt saodati ham ilm, ma’rifat bilan chambarchas bog‘liqligi hammamizga yaxshi ma’lum.

Muhtaram jamoat! Ilmning fazilati  qanchalik ulug‘ ekani haqida soatlab gapirish, jild-jild kitoblar yozish mumkin. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q.

(...فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ  (سورة النّحل/43

ya’ni: “Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan  so‘rangiz!...” (Nahl, 43).

Ilm fazilati haqida Payg‘ambarimiz Muhamaddan (alayhissalom) juda ko‘p hadislar rivoyat qilingan. Abdulloh ibn Mas’uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kishiga havas qilish joiz: birinchisi – Alloh taolo bergan mol-dunyoni haq yo‘lga infoq-ehson qiluvchi kishiga; ikkinchisi – Alloh taolo ilm bergan bo‘lsayu, o‘sha ilm bilan hukm qilgan va uni boshqalarga o‘rgatgan kishiga”, deganlar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

     Muhtaram jamoat! Ulug‘ sahobiylar, atoqli olimlar va mutafakkirlarning ham ilm fazilati haqidagi ko‘plab rivoyatlari, xabar va so‘zlari kelgan. Quyida shulardan ayrimlarinigina keltirib o‘tmoqchimiz.

Hazrati Ali roziyallohu anhu bir sahobiyga: “Ilm moldan yaxshidir, u seni himoya qiladi, molni esa sen qo‘riqlashga majbursan, ilm hokim, mol mahkumdir, sarflash, nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilmni tarqatganing sayin ko‘payib boradi”, - deganlar.

Hakimlardan biri: “Agar olim kishi vafot etsa, uning vafotiga suvdagi baliqlaru, osmondagi qushlar ham yig‘laydi, uning jismi yo‘q bo‘lsa-da, foydali ilmi va nomi unutilmaydi”, - degan ekan.

Luqmoni hakim o‘g‘liga bunday nasihat qilgan ekan: “Ey o‘g‘lim, olimlar bilan o‘tir, ular orasiga kir, chunki Alloh yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi qalblarni ham ilmu hikmat nuri bilan tiriltiradi”.

Farzandning kelajakda ahli solih, barkamol inson bo‘lib yetishishi,  avvalo,  uning yoshligida olgan odob-oxloqi hamda ilm-ma’rifatiga bog‘liqdir. “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”,deb bejiz aytilmagan. To‘g‘ri, bola yoshlik qilib ilmning ahamiyatini yaxshi tushunmasligi mumkin. Shuning uchun ota-onalar farzandlarining ilm egallashlariga alohida e’tibor berishlari lozim.

Ayniqsa, ota-onalar o‘z farzandlariga to‘g‘ri maslahatlar berib,  ularni sog‘lom va baquvvat o‘sib-ulg‘ayishlari,  ilmli,  ma’rifatli, vatan, jamiyat uchun zarur va muhim bo‘lgan barcha ilmiy sohalar bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishlari uchun g‘amxo‘r bo‘lishlari kerak.

Ko‘pincha kattalarning loqaydligi  va beparvoligi tufayli  farzandlar turli bo‘lmag‘ur yo‘llarga kirib qoladi, yengil-yelpi yashashga o‘rganadi.

Bugungi kunda yaratilgan shart-sharoitlarning shukrini qilib,  berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, farzandlarimizga dunyoviy-diniy bilimlarni uyg‘unlikda o‘rgatib, milliy-diniy hamda umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiyalab, yoshlarimizni kim qayoqqa yetaklasa ketaveradigan qilib emas, ongli ravishda o‘z mustaqil fikrining sohibi bo‘lib, voyaga yetkazish, atrofdagi voqea-hodisalarga daxldorlik hissida tarbiyalasak ayni muddao bo‘lur edi.

Muhtaram jamoat! Muborak islom ta’limotlariga  tayangan holda, axloq odobimizni oliy darajaga ko‘tarishga harakat qilaylik, munosib ravishda o‘z farzandlarimizni dunyoviy va diniy bilimlardan bahramand qilib, kelajakda ahli solih, barkamol inson bo‘lib yetishishiga erishaylik. Zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v) muborak bir hadislarida:

(" كُلُّكُمْ رَاعٍ وَ كُلُّكُمْ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ " (رواه البخارى

ya’ni: “Har biringiz tarbiyachisiz va har bir tarbiyachi qo‘l ostidagilarga javobgardir”, - deb marhamat qilganlar.

Xususan, “2016 yil – Sog‘lom ona va bola yili”da mustaqil davlatimiz tomonidan farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom o‘sishi, ularning baxtli, saodatli, farovon hayot kechirishlari uchun juda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Farzandlarimizga bunday katta e’tibor va g‘amxo‘rliklarga munosib bo‘lishlarini uqtiraylik. Biz o‘zimiz ham farzandlarimiz, nabiralarimiz baxti uchun suyunib yashaylik.

Alloh taolo bizlarga ato qilgan bunday dorilomon, saodatli  kunlar tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot mahsuli ekanini farzandlarimizga tushuntiraylik, toki ular ham bu kunlarning qadrini chuqur anglab yetsinlar, shunga munosib ravishda ilmu ma’rifat sari intilsinlar.

Muhtaram azizlar! Alloh taolo ilm yo‘lida jiddiy sa’y-harakat qilayotgan barcha ilm  toliblariga diniy va dunyoviy ilmlarni mukammal egallashlarida va ularni hayotga tatbiq etishlarida ulug‘ muvaffaqiyatlar ato aylab, barchalarimizni ikki dunyoda saodatli va solih bandalardan bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ilm olish yo‘llari: Muqaddima - 1 son

08.07.2025   4168   1 min.

#Ajdodlar_merosini_o‘rganamiz

Buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning yetuk shogirdi, hanafiy olim Imom Zarnujiy rahimahullohning "Ta’limul muta’allimi toriqot ta’allumi" kitobi asosida ilm olishning foydalari, odoblari, inson va jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni haqida so‘z boradi.

Sakkiz asrdan beri ilm ahli, talabalar va ziyolilar orasida keng foydalanib kelinayotgan mazkur asar haqida Alloma Laknaviy rahimahulloh haqida "Ko‘p foydalarga ega, nafis, manfaatli kitob", deya ta’rif bergan.


Abduvohid domla Ahmadaliyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi mutaxassisi