Joriy yilning 6 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” va “Xadichai Kubro” o‘rta maxsus islom bilim yurtlari o‘qituvchi va talabalari ishtirokida “Konstitutsiya va huquqiy madaniyat” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori, yuridik fanlari doktori, professor Akmal Saidov bilan huquqiy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi va bugungi istiqboli hamda ayni chog‘da, mamlakatimizda nafaqat Konstitutsiyani o‘rganish, balki, umuman, huquqiy bilimlar sari safarbarlik, ya’ni fuqarolarimizning huquqiy savodxonligini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani bildirildi.
Shuningdek, Konstitutsiya har bir inson, fuqaroning huquqiy xulq-atvorini belgilab beradi. Uni bilmay turib, huquqiy madaniyatga erishib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, Konstitutsiya huquqiy madaniyat asosi, milliy qonunchilik negizi ekanini, Konstitutsiyaga sadoqat Vatanga va o‘z xalqiga sadoqatni keltirib chiqarishini inobatga olib, Asosiy Qonunni o‘rganish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani ayniqsa diqqatga sazovor.
Shuningdek, huquqiy madaniyat – bu huquqiy savodxonlikdir. Huquqiy madaniyatni yuksaltirish huquqiy davlatning muhim belgisi hisoblanadi. Boshqacha aytganda, huquqiy madaniyatsiz huquqiy davlat bo‘lmaydi. Birinchi Prezidentimiz aytganlaridek, “Huquqiy madaniyatning yuqori darajada bo‘lishi huquqiy davlatning o‘ziga xos xususiyatidir. Bozor iqtisodiyotini shakllantirish sharoitida huquqiy madaniyatni oshirish muhim ish hisoblanadi. Shu bilan birga, huquqiy madaniyat saviyasi qabul qilingan qonunlar soni bilan emas, balki ushbu qonunlarning barcha darajalarda ijro etilishi bilan belgilanadi. Ushbu muhim ishda odamlarda qonunlarga va normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan chuqur hurmat hissini tarbiyalash alohida ahamiyatga egadir. Zero, huquqiy normalar odamlar ongiga singgan va ular orqali amal qilgan taqdirdagina yashaydi va ro‘yobga chiqadi”.
Tadbir so‘ngida talaba-yoshlar, bugungi kunda qabul qilinayotgan yangi qonunlarning asosiy maqsadi, mazmun-mohiyati, uning negizi hisoblanmish Konstitutsiyaga qanchalik mos va hamohang tarzda ishlab chiqilayotgani, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini o‘sishiga nechog‘lik bog‘liq ekanligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Akbarshoh Rasulov,
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mutaxassisi
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.