Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Payg‘ambarimizning sahobalarni tarbiyalashdagi uslublari

04.12.2016   11391   7 min.
Payg‘ambarimizning sahobalarni tarbiyalashdagi uslublari

Insonning zimmasida o‘z birodariga nisbattan bajarishi lozim bo‘lgan bir necha mas’uliyatlari bor. Bu mas’uliyatni hamma ham his qilib bajaravermaydi. Insonning buyukligi va azizligi o‘z birodari oldidagi mas’uliyatini bajarishi bilan belgilanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida: «Alloh nazdida do‘stlarning eng yaxshisi, o‘z do‘stiga yaxshilik qiladiganidir»,  deb marhamat qilganlar. (Imom Ahmad rivoyati)  

O‘z do‘sti va yon atrofidagi birodarlarining haqqini to‘la to‘kis ado qilgan inson bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hisoblanadilar. U zot har doim ularga tabassum, ochiq chehra bilan qarar edilar. Boshqalar u kishiga bemalol murojat qilishi va dardini aytishi uchun o‘zlarini ular bilan yaqin tutar edilar. Hech ham birovga qo‘pol momilada bo‘lib, dag‘allik qilmas edilar. Baqir chaqir qilib yurmas edilar. Og‘izlaridan hech ham uyat so‘z chiqmagan. Ba’zi injiq odamlardek hamma narsadan ayb qidirmas edilar. Hech qachon birovni tahqirlamas, jerkimas va ayblamas edilar. Birovni kamchiligi va sirlarini bilishga qiziqmas edilar. Faqatgina savobli foydali so‘zlarni gapirar edilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini sahobalar bilan xuddi do‘stday tutar edilar. Ularga qattiqqo‘llik bilan muomalada bo‘lmas edilar. Ularni o‘zlaridan nafratlantirmas edilar. Ulardan hol ahvol so‘rab iliq munosabatda bo‘lar edilar.

Agar birga o‘tirib qolishsa, har birining hurmatini joyiga qo‘yib, ehtirom ko‘rsatar edilar. Agar biror kishi hojati chiqib biror narsa so‘rab kelsa, yonlarida bo‘lsa, uning so‘raganini berib hojatini chiqarar edilar. Agar u so‘rab kelgan narsani topa olmasalar, shirin so‘z bilan ko‘nglini ko‘tarar edilar. U zotning saxiyliklari va samimiyliklaridan hamma bahramand bo‘lardi. Alloh «Oli Imron» surasining 159 oyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamamning muloyim, mehribonliklarini maqtab marhamat qilib aytadi: «Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar».

Tavba surasining 128 oyatida esa: «Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo‘minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi», deb marhamat qilgan.

Sahobalarga ta’lim tarbiya berishlari

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga ta’lim tarbiya borasida ham alohida vaqt ajratib ularni ilmli va insonlarga manfa’ati tegadigan qilib tarbiyalar edilar. U zotning o‘zlari bu borada : «Men sizlarga ta’lim tarbiya berish borasida ota o‘rnidaman», deganlar. (Imom Ahmad rivoyatlari)  

Agar sahobalaridan birortasi  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan so‘zlarini yaxshi tushunmaganini sezib qolsalar, unga o‘sha masalani qayta tushuntirib berar edilar. Tushuntirishdan hech ham malollanmas edilar. Shunng uchun namozini xato o‘qigan kishiga namozni ta’limini bergach haligi sahobiy: «Allohga qasamki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ro halimroq va yaxshi muallimni uchratmaganman», degan ekan.

Sahobalari bilan maslahatlashishlari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlaridan biri, bu u zotning bir ishni qilmoqchi bo‘lsalar, sahobalaridan o‘sha ish xususida maslahat so‘rashlari edi. Alloh « Oli imron » surasining 159 oyatida u zotni shu ishga buyurib: « Ular bilan kengashib ish qiling», deb marhamat qildi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu : «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek o‘z sahobalari bilan bir ish borasida ko‘p maslahatlashgan odamni ko‘rmadim», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zi zodagonlardek insonlarni tabaqaga ajratib, faqatgina o‘z tabaqasidagi boylar bilan o‘tirish kerak, degan tushuncha notog‘ri ekanligini o‘z hayotlarida amaliy ko‘rsatib berdilar. U zot kambag‘allar bilan birga o‘tirib, ularni ehtirom qilar edilar. Uylaridagi ovqatni ahli suffadagi kambag‘allar bilan birga baham ko‘rar edilar.   

 U zot yon atroflaridagi barcha sahobalarga e’tiborli edilar. Agar birorta sahobalarini jamoatda ko‘rmay qolsalar, u haqida so‘rab surishtirar, agar kasal bo‘lib qolgan bo‘lsa, uni ko‘rgani borar edilar.

Agar u zotning xislatlarini gapiradigan bo‘lsak qalam siyohi tugashi mumkinu, lekin u zotning xislatlari tugamaydi. Shu yerda xulosa qilib shuni aytamizki, har bir inson korxonadagi hamkasbi, yonidagi do‘sti, mahallasidagi qo‘shnisi, uyidagi ayoli va bola chaqasiga e’tiborli bo‘lsa, ular oldidagi o‘z vazifalarini mas’ulyatni his qilgan holda bajarsa, u inson o‘zidagi, oilasidagi va butun jamiyatdagi muammolarni osonlik bilan yechib, jamiyatimizni gullab yashnashiga xizmat qilgan bo‘ladi. Axir bejizga Atoqli  faylasuf  Shebol : "Muhammad(alayhissalom)ning  odam  bolasi bo‘lgani butun insoniyatga katta faxrdir. Chunki, u zot ummiy(o‘qish-yozishni bilmagan) bo‘lsa-da, o‘n to‘rt asr avval shunday qonun va asoslarni keltirdiki, biz ovrupaliklar ikki ming sanadan keyin ularning qiymati va haqiqatini anglab yetsak, eng baxtli, eng saodatli nasllar bo‘lamiz", demagan.

 

Nurmuhammedova Vasila

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   42775   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari