Birinchi Prezidentimiz I.Karimov ta’biri bilan aytganda ,“Saylov – davlatning, xalqning qiyofasi, siyosiy xohish-irodasini namoyon etadigan umummilliy tadbir”.
Xususan, Fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi huquqiy-demokratik davlatning asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi.
Yuridik adabiyotlarda qayd etilishicha, demokratiyaning asosiy shakllaridan biri bu – davlat va jamiyat hayotining muhim muammolarining umumxalq muhokamasida o‘z yechimini topishi – referendum hisoblanadi. Referendum atamasi lotin tilidagi “Referendum” so‘zidan olingan bo‘lib, “xabar berilishi lozim bo‘lgan”, degan ma’noni anglatadi. Uning hozirgi mohiyati fuqarolarning davlat va jamiyat hayotida bevosita ishtirok etishini bildiradi.
Referendumning saylovlarda ovoz berishdan farqi shundaki, u biron-bir shaxs mandatiga yuridik kuch bermay, balki muayyan masalani hal qilishga qaratiladi. Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan qoidalar asosida referendum orqali qabul qilingan qaror xalq irodasi hisoblanadi va uning yuridik ahamiyati, odatda, parlament tomonidan qabul qilingan qonun va qarorlardan ustun bo‘ladi.
Saylovchilarning ovoz berishini ba’zan plebissit deb ham ataladi (lotincha plebiscitium – xalq qarori). Huquqiy jihatdan referendum va plebissit o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, ular to‘liq sinonimlardir. Biroq stilistik farq mavjud bo‘lib, jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalariga doir referendum qoida tariqasida plebissit deb ataladi.
Davlatmizning birinchi prezidenti Islom Karmov o‘zining “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” nomli kitobida saylov haqida yana shunday fikrlarni keltiradi. “Shuni ta’kidlashimiz kerakki, saylov, erkin, demokratik saylov prinsiplari biz uchun fuqarolar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning hohish irodasini ifodalashning eng ishonchli va samarali usuli bo‘lib qoladi va biz uning tamoyillariga hamisha sodiqmiz”.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda yurtimizda saylov va referendum o‘tkazishning huquqiy asoslari to‘liq yaratilgan.
Asosiy qonunimiz, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida"gi Qonun (Yangi tahriri), "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida"gi Qonun, "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida"gi Qonun (Yangi tahriri), "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi Qonun, "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida" Qonun (Yangi tahriri), “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi Qonunni (Yangi tahriri) mamlakatimizda amalga oshirib kelinayotgan saylov va referendum o‘tkazishning huquqiy asoslari sifatida xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishi mustahkamlangan.
Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 5 may kuni qabul qilingan “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 1-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi va bu huquq fuqarolarning referendumlarda, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovida va hokimiyatning vakillik organlari saylovida qatnashishi orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu qonunga muvofiq saylovchilar qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, ularga referendumlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida va hokimiyatning vakillik organlari saylovlarida bevosita qatnashish huquqi kafolatlanadi.
Saylovchilar o‘z xohish-irodalarini erkin bildirish va yashirin ovoz berish huquqiga egadirlar. Uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni maxsus ajratilgan binolarda tashkil etib, fuqarolarga xohish-irodani erkin va yashirin ravishda bildirish imkoniyatini yaratadilar.
Saylovchilarning xohish-iroda bildirishlarini nazorat etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Saylov kuniga qadar yoki saylov kunida 18 yoshga to‘ladigan, tegishli saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston fuqarolari saylovlar orqali o‘z xohish-irodalarini amalga oshirib, o‘zlari saylagan vakillari orqali davlat hokimiyatini boshqarishda ishtirok etadilar.
... “bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovining demokratik davlatlarda qabul qilingan, e’tirof etilgan tizim bo‘yicha, ya’ni muqobillik asosida, xolislik, haqqoniylik tamoyillariga itoat qilgan holda o‘tkazilishiga qarab, xalqimizning siyosiy va huquqiy saviyasiga, jamiyatimizning demokratik taraqqiyot yo‘lidagi rivojiga, O‘zbekistonimizninng obro‘-e’tibori va nufuziga baho beriladi. Buni xech xayolimizdan, xotiramizdan chiqarmasligimiz zarur” ( I.Karimovning o‘sha asari 99-beti).
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xalqimiz mustaqillik yillarida bir necha siyosiy tadbirlarni ahil-inoqlikda amalga oshirib keldi.
Elimiz kun tartibida turgan navbatdagi Prezidentlik saylovini ham uyushqoqlik bilan o‘tkazib, butun dunyoga O‘zbek xalqi nafaqat ma’naviy yetukligi, balki huquqiy ongi va madaniyati hech kimdan kam emasligini isbotlashi shubhasizdir.
Ikromjon Mardonov,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasining huquqshunosi
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi