Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ
(Ey, Muhammad,) biz sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz. (Anbiyo: 107).
Ushbu oyatdagi (رَحْمَةً) – (rohmatan) kalimasi masdar bo‘lib, ma’noni ta’kidlash, kuchaytirishni ifodalaydi. Shunda uning ma’nosi quyidagicha bo‘ladi: “ayni rahmat”, “butunligicha rahmat”, “haqiqiy rahmat”.
(العَالَمِينَ) - (Olamiyn) kalimasi esa ko‘plik shaklida bo‘lib, Alloh taolodan boshqa barcha narsani o‘z ichiga oladi; Farishtalar olami, Jinlar olami, insonlar olami, hayvonot, o‘simliklar, jonsiz narsalar olami va hokazo...
Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umuman olganda barcha olamlarga; farishtalar olami, jinlar olami, insonlar olami, hayvonot, o‘simliklar, jonsiz narsalar olamiga, xususan, mo‘minlarga, g‘ayri dinlarga, munofiqlarga, ahli oilalariga, farzandlariga, erkagu ayollarga, yoshlarga, yetim-yesirlarga, zaifhollarga, toinki barcha maxluqotlarga ayni rahmat bo‘lganlar.
Farishtalarga rahmat bo‘lganlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lishlaridan ilgari Jabroil alayhis salom Alloh taolo nazdida qay darajada hurmatga sazovor ekanlarini bilmay xavotirlanardi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Payg‘ambar bo‘lganlaridan keyin ul zotga:
ذِي قُوَّةٍ عِندَ ذِي الْعَرْشِ مَكِينٍ
“(U) Jabroil quvvatli, Arshning sohibi (Alloh) nazdida martabali”, (takvir surasi) mazmunidagi oyati karima nozil bo‘lganida, Jabroil alayhis salom xotirjam bo‘lgan ekanlar.
Jinlarga rahmat bo‘lganlari
Muhammad sollallohu alayhi vasallam rasul bo‘lishlaridan oldin jinlar to‘g‘ri yo‘lda emasdilar va oralaridagi iblisning “Allohning jufti – xotini va farzandi bor”, degan tutruqsiz gaplariga ishonib, Alloh taologa shirk keltirishardi. Biroq, Muhammad sollallohu alayhi vasallam butun olamga payg‘ambarlik risolatini olib kelganlarida jinlar ham insonlar kabi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ummat bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lishdi, ular ham iymon keltirishdi. Bu esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ularga ham rahmat bo‘lib kelganlariga ochiq-oydin dalildir. Bu haqida oyati karimada shunday deyiladi:
(Ey, Muhammad,) ayting: "Menga vahiy qilindiki, jinlardan bir guruhi (Qur’on tilovatimni) eshitib, (o‘z qavmlariga borib), dedilar: "Darhaqiqat, bizlar ajib bir Qur’onni eshitdik. U to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Bas, darhol unga imon keltirdik. Bizlar (endi) Robbimizga hech kimni sira sherik qilmasmiz. Albatta, buyukligi oliy bo‘lmish rabbimiz biror juft va yo farzand tutgan emasdir. Albatta, bizlarning ichimizdagi ablah (iblis) Alloh sha’niga ("uning xotini va farzandi bor", - deb) tutruqsiz so‘z aytar edi. (Jin: 1-4 oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ahli-ayollariga va farzandlariga rahm-shafqatlari
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ra o‘z farzandlariga mehribonroq kishini ko‘rmadim. Farzandlari Ibrohim roziyallohu anhu Madina oilalaridan birida emizilar edi. Uzot o‘g‘illarini ko‘rgani borsalar, biz ham birga borar edik. Uyga kirganlarida, uydan tutun chiqardi. Ibrohimning emizikli otasi temirchi va zargar edi. Keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam farzandlari Ibrohimni qo‘llariga olardilar va uni o‘pib yana joyiga qo‘yardilar”, dedi.
Amr ibn Sa’id aytadi: “Ibrohim vafot etganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘g‘lim Ibrohim ko‘krak sutidan chiqmagan go‘dakligida vafot etdi. Uning ikki enagasi bor. Hali ular jannatda emizish davrlarini to‘ldirib qo‘yadilar”, dedilar. Ibrohim vafot etanida o‘n olti yoki o‘n yetti oylik go‘dak edi”. (Imom Navaviyning sharhlaridan)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uy ishlarida ham oilalariga qarashardilar.
Asvad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anhodan: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllari orasida nima qilardilar”, deb so‘radim. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllarining xizmatida bo‘lardilar. Agar namoz hozir bo‘lsa, namozga chiqardilar. U zot katta zang kishilardan bo‘lmaganlar. Balki, ko‘pincha o‘z ishlarini o‘zlari bajarardilar”, dedilar.
Ahmad rohimahullohning “Musnad”larida kelgan rivoyatda Oisha roziyallohu anho: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kiyimlarini o‘zlari tikardilar, kavushlarini yamardilar va sizlar o‘z uyingizda nima qilsangiz, shuni qilardilar”, dedilar.
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Oisha roziyallohu anhoga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylarida nima qilardilar?”, deyildi. Oisha roziyallohu anho: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam (oddiy) odamlardan biri edilar. Kiyimlarini tozalar, qo‘ylarini sog‘ardilar”, dedilar.
Yoshlarga, yetim-yesirlarga, bevalar, kasallar va zaifhollarga rahm-shafqatlari
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Men namozni o‘qimoqchi bo‘lib boshlayman-da, go‘dak yig‘isini eshitib qolsam, yig‘isi sababli onasining qattiq iztirobga tushishini bilganimdan, namozni yengil qilaman”, dedilar”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yoshlarga juda mehribon edilar.
Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Aliyning ikki farzandi Hasan va Husayn o‘ptilar. Huzurlarida Aqro’ ibn Hobis at-Tamimiy bor edi. Shunda Aqro’: “Mening o‘nta farzandim bor. Lekin men ularning birortasini hechham o‘pmaganman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qarab: “Kim rahm qilmasa, unga ham rahm qilinmaydi”, dedilar”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar: “Bir a’robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga kelib: “Sizlar yosh go‘daklaringizni o‘par ekansizlar, biz esa ularni o‘pmaymiz”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Axir Alloh taolo sening qalbingdan rahm-shafqatni chiqarib tashlagan bo‘lsa, mening qo‘limdan nima ham kelardi?”, dedilar”.
Ya’ni, kimning qalbida yoshlar, go‘daklarga nisbatan rahm-shafqat bo‘lsa, bu shafqat o‘z sohibini yoshlarni o‘pishga undaydi. Ana endi kimning qalbidan o‘sha rahm-shafqat olib qo‘yilgan bo‘lsa, ularni o‘pishlikdan tiyiladi.
Barro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim, Ul zot yelkalarida Hasanni ko‘tarib: “Ey, Alloh, men uni yaxshi ko‘raman, sen ham uni yaxshi ko‘rgin”, deb aytardilar”. (Imom Buxoriy va Muslim hamda Imom Termiziy rivoyatlari)
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: “Ahli baytingizdan qaysi biri sizga mahbubroq”, deyildi. Ul zot: “Hasan va Husayn”, dedilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga: “Menga ikki farzandimni chaqir”, deb aytardilar. Keyin Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarni bag‘rlariga bosib quchoqlardilar. (Imom Termiziy rivoyati)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam doimo yoshlarni shodlantirib, ularni xursand qilishga qiziqardilar. Huzurlariga eng avval pishgan mevalardan keltirilsa, oldilaridagi yoshlarga tarqatardilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga eng avval pishgan mevalar keltirilsa, undan olib ko‘zlariga keyin lablariga qo‘yib: “Yo, Alloh buning avvalini ko‘rsatganingdek, oxirini ham ko‘rsatgin”, deb duo qilardilar. Keyin mevalarni huzurlaridagi yoshlarga tarqatardilar. (Imom Tabaroniy rivoyati. Ushbu hadisni Ibn Sinniy Abu Hurayradan rivoyat qilgan)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam farzandlari Ibrohim vafot etganida ko‘zlaridan yosh oqqandi.
Anas roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Farzandlari Ibrohimning huzuriga kirdilar. Ibrohim jon talvasasida edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘zlaridan yosh to‘kila boshladi. Shunda Abdurrohman ibn Avf: “Siz hammi Yo, Rasululloh! (ya’ni siz ham yig‘laysizmi), dedilar. Ul zot: “Ey, Ibn Avf, bu rahim-shavqatdandir”, dedilar. Boshqa rivoyatda esa: “Ko‘z yosh to‘kiladi, qalb mahzun bo‘ladi va biz faqat Robbimizni rozi qiladigan so‘zlarni gapiramiz. Biz sening firoqingga mahzunmiz ey, Ibrohim”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati. Ba’zi jumlalarini Imom Muslim rivoyat qilgan)
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga farzandlari Ibrohim vafot etayotgan holatida ko‘tarib olib kelinganda, u zotning ikki ko‘zlaridan yosh oqdi. Shunda Sa’d: “Yo Rasululloh, nimaga yig‘layapsiz?”, dedi. Shunda: “Bu Alloh taolo bandalarining qalbiga joylagan rahmatidir. Albatta, Alloh taolo faqat rahim-shavqatli bandalariga rahim qiladi”, dedilar”. (Muttafaqun alayhi)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yetim-yesirlar bilan birga yurishdan hazar qilmasdilar. Balki, ular bilan birga yurardilar, ularning hojatlarini ravo qilardilar. (Imom Nasoiy shu ma’nodagi hadisni rivoyat qilgan)
Yetimlarga nisbatan o‘zlari go‘zal muomalada bo‘lardilar, ularga yaxshilik qilardilar va sahobalarni ham shunday qilishga, yetimlarni o‘z qaramog‘iga olishlariga targ‘ib qilib, uning fazilatlarini bayon qilardilar.
Abu Huraryra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Men bilan yetimni qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shundoq bo‘ladi”, deb ko‘rsatkich va o‘rta qo‘llarini birlashtirib ishora qildilar. (Imom Buxoriy rivoyati)
Boshqa bir rivoyatda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonlardagi eng yaxshi uy bu unda yetimga xayr-saxovat qilinadiganidir”, deb aytganlar. (Ibn Moja rivoyati)
Musulmon ummatlariga rahmat bo‘lganlari
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshqalardan ko‘ra musulmon ummatlariga mehribonroq edilar. Bu haqida Qur’oni karmida shunday deyiladi:
{ لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ } (3)
“Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), sizlarning qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan qiziquvchi va mo‘minlarga mushfiq va rahmdil rasul kelgandir”. (Tavba: 127).
Huzayfa roziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “G‘azablangan holatimda ummatimdan qay birini so‘kkan bo‘lsam yoki la’natlagan bo‘lsam, men ham Odamning farzandiman. Men ham sizlar g‘azab qilganingizdek, g‘azab qilaman. Biroq, Alloh taolo meni olamlarga ayni rahmat etib yubordi. O‘sha la’nat va so‘kish ularga mendan duo sifatida qabul bo‘lishini istayman”, degan edilar.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Xushxabarlar beringlar, nafrat qildirmanglar, osonlashtiringlar, qiyinlashtirmanglar”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati. Ushbu hadis Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “RASULULLOH sollallohu alayhi vasallam” nomli kitoblaridan).
Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari u zotga: “Tezroq keling, o‘g‘lim qabzi ruh bo‘lmoqda”, deb odam yubordi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam aytib: “Albatta, olgani ham Allohnikidir, bergani ham Unikidir. Uning nazdida har bir narsaning ajali belgilangandir. Sabr qilsin va talabi savobda bo‘lsin”, deb odam yubordilar. U (qiz) qasam ichib: “Albatta kelsinlar”, deb odam yubordi. Bas, u zot turdilar. Ul zot bilan birga Sa’d ibn Uboda, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit va bir qancha kishilar ham turdilar. Bolani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘tarib olib kelinganda, uning joni meshga o‘xshab po‘killab qolgan edi. Bas, u zotning ikki ko‘zlaridan yosh oqdi. Shunda Sa’d: “Yo Rasululloh, bu nima?”, dedi. “Bu Alloh bandalarining qalbiga solgan rahmatidur. Alloh faqat rahimlik bandalarigagina rahim qiladir”, dedilar”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Ushbu hadis ham o‘sha kitobdan).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ummatlariga biror narsa buyuradigan bo‘lsalar, qiyinlashtirib qo‘yishdan qo‘rqardilar. “Agar ummatimga qiyinlashtirib qo‘ymaganimda edi, ularni har namoz oldidan misvok ishlatishga buyurgan bo‘lardim”, der edilar.
Zaifhol, betob bo‘lgan musulmonlarning oldilariga borib, ziyorat qilardilar, janozalarida qatnashardilar. (Bu ma’nodagi hadisni Abu Ya’lo va Tabaroniy rivoyat qilishgan)
Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam biror sahobalarini og‘ir, mashaqqatli holatda, qiynalib turganini ko‘rsalar juda mahzun bo‘lardilar, qalblari erib, u holatdan ta’sirlanib yig‘lar edilar. Payg‘ambar alayhis salom Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuni ziyorat qilib kelganlarida, u zot bilan Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu ham bor edi. Payg‘ambar alayhis salom u kishini ko‘rib yig‘ladilar, u zot bilan birga bo‘lganlar ham yig‘ladilar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Usmon ibn Maz’un vafot etganlarida Payg‘ambar alayhis salom yig‘lagan holatlarida u kishini o‘ptilar bu haqida Oisha roziyallohu anhu shunday deydilar: “O‘shanda men Payg‘ambar alayhis salomning ko‘z-yoshlari Usmonning yanoqlariga to‘kilayotganini ko‘rdim”. Boshqa bir rivoyatda: “Payg‘ambar alayhis salom Usmonning ikki ko‘zi orasini o‘ptilar so‘ng uzoq yig‘ladilar”, deyilgan”.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning davrlarida quyosh tutildi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qidilar. Qiyomda uzoq turdilar. So‘ng ruku’ qilib, ruku’da uzoq turdilar. Keyin tiklanib, uzoq turdilar. Shu’ba aytadi: “Menimcha, sajdada ham shunga o‘xshash. Va sajdalarida yig‘lay va puflay boshladilar va: ”Robbim, men Senga istig‘for aytib tursam ham, nima uchun buni va’da qilmoqdasan? Men ularning ichida tursam ham, nima uchun buni va’da qilmoqdasan?”, dedilar. Namozni tugatganlaridan so‘ng: “Menga jannat ko‘rsatildi. Hattoki, qo‘limni uzatsam, mevasidan uzib olardim. Menga do‘zax ko‘rsatildi. Uning olovi sizlarni o‘rab olmasin deb puflay boshladim”, dedilar. (Abu Dovud, Nasaiy va Ibn Xuzayma rivoyat qilishgan. Ushbu hadis Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “RASULULLOH sollallohu alayhi vasallam” nomli kitoblaridan).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat bo‘lganida, butun olamon bir-birlariga aralashib ketib, hayajonda bo‘ladilar. Ular Odamning (alayhissalom) oldilariga kelib: “Bizlar uchun Robingizdan shafoat so‘rang”, deyishadi. U zot: “Men haqli emasman, sizlar Ibrohimdan (alayhissalom) so‘ranglar, u Rahmon zotning xalilidir (do‘sti)”, deydilar. Insonlar Ibrohim (alayhissalom) oldilariga kelishadi. U zot ham: “Men haqli emasman, sizlar Musoning (alayhissalom) oldiga boringlar, chunki, u kalimullohdir (Alloh taolo bilan bevosita gaplashgan payg‘ambar), deb aytadilar. Insonlar Muso (alayhissalom) oldilariga kelishganida, u zot ham xuddi shunday javob beradilar va “Sizlar Isoning oldiga boringlar, chunki, u Alloh puflagan ruhi va kalimasidir”, deydilar. Keyin insonlar Iso (alayhissalom) oldilariga kelishadi, u zot ham “Men shafoat so‘rashga haqli emasman, sizlar Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) oldiga boringlar”, deydilar. Insonlar mening oldimga kelib so‘rashadi, shunda men: “Men sizlarni shafoat qilaman”, deyman. So‘ngra Robbimdan izn so‘rayman, Robbimdan menga izn beriladi va Ul zot menga, men Ul zotni maqtaydigan maqtovli so‘zlarni ilhom qiladi. Lekin u qanday maqtovli so‘zlar ekanini hozir bilmayman. So‘ngra men o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men: “Ummatim, ummatim”, deyman. Keyin menga: “Bor, qalbida arpa donichalik iymoni bo‘lgan kishilarni jahannamdan chiqar”, deyiladi. Borib, (aytilgan narsalarni) bajaraman. So‘ngra yana qaytaman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men yana: “Ummatim, ummatim”, deyman. Keyin menga: “Bor, jahannamdan qalbida zarra (yoki xantal) miqdorichalik iymoni bo‘lgan kishilarni chiqargin”, deyiladi. Borib, (aytilgan narsalarni) bajaraman. So‘ngra yana qaytib boraman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Men yana: “Ummatim, ummatim”, deyman. Keyin menga: “Bor, jahannamdan qalbida xantal donining miqdoridan-da ozroq, kichikroq iymoni bo‘lgan kishilarni ozod qil”, deyiladi. Borib, yana (aytilgan narsalarni) qilaman. Keyin to‘rtinchi bor yana qaytib boraman va o‘sha maqtovli so‘zlar bilan Ul zotni maqtayman va sajda qilaman. Shunda menga yana: “Ey Muhammad, boshingni ko‘tar, aytgin, seni tinglayman, so‘ra, beraman, shafoat talab qil, shafoat qilishinga ruxsat beraman”, deyiladi. Shunda men: “Robbim, menga “Laa ilaaha illalloh” kalimasini aytgan kishilar haqida izn ber”, deyman. Ul zot: “Izzatimga, jalolimga, buyukligim, ulug‘ligimga qasamki, men undan (jahannamdan) “Laa ilaaha illalloh” kalimasini aytgan kishilarni ham chiqaraman”, deydi”, dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan).
Hayvonlarga rahmat bo‘lganlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayvonlarga shafqatli bo‘lib, ularni ayashga buyurardilar. Hayvonlarni boquvchi egalarini ularga aziyat berish, og‘ir yuklarni yuklash, toqati ko‘tara olmaydigan ishlar bilan qiynashdan qaytarardilar.
Payg‘ambar alayhis salom qorni beli bilan birlashib ketay degan, ya’ni ochlikning qattiqligidan ozib ketgan bir tuya oldidan o‘tayotib: “Bu gapira olmaydigan chorvalar borasida Alloh taolodan qo‘rqinglar. (Ya’ni, ularga go‘zal munosabatda bo‘lish, zarar yetkazmaslik, haqqini rioya qilish, muhtoj bo‘ladigan narsasini berish va aziyat bermaslik borasida) Ularni (minmoqchi bo‘lsangizlar) minishga yaraydigan, yurishga quvvati yetadigan holida mininglar, agar yemoqchi bo‘lsangizlar semiz, sog‘ holida yenglar”, dedilar. (Abu Dovud va Ibn Xuzayma o‘z sahih kitoblarida rivoyat qilganlar)
Bir kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir ansoriyning bog‘iga kirganlarida, bir tuyaga ko‘zlari tushadi. Tuya ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishi bilan ikki ko‘zi yoshlangan holida ul zot tomon intildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kelib, ikki qulog‘idan silab qo‘ydilar. Tuya tinchlandi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: “Bu tuyaning egasi kim? “Bu tuya kimga qarashli?”, dedilar. Ansoriy bir yigit keldi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam unga: “Alloh taolo senga mulk qilib bergan mana bu hayvon xususida Allohdan qo‘rq! U, menga og‘ir, toqati yetmaydigan yuklarni yuklab aziyat berayotganingdan shikoyat qildi”, dedilar.(Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilgan hamda Imom Hokim o‘zlarining “al-Mustadrak”larida ham rivoyat qilgan.)
Payg‘ambar alayhis salom zaruratsiz hayvonlarni to‘xtatib olib, ustida uzoq turib aziyat berishdan qaytarganlar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qavmning oldidan o‘tsalar, ular o‘z ulovlari ustida o‘tirgan edilar. Shunda U zot: “Ulovlaringizga salomat holida mininglar, salomat holida tark qilinglar. Ulovlarni yo‘llarda, bozorlarda gurunglashib turishingiz uchun o‘tiradigan joy (kursi) qilib olmanglar. Zero, ayrim ulovlar egasidan ko‘ra yaxshiroq va Alloh taoloni ko‘proq zikr qiluvchi bo‘ladi”, dedilar.(Imom Ahmad, Abu Ya’lo va Tabaroniylar rivoyati)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbaqani o‘ldirishdan qaytarib: “Uning qurillashi tasbeh aytishidir”, deb aytganlar. (Nasoiy rivoyati)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir mushukni bog‘lab qo‘yib na unga taom berib sug‘organ va na yerdagi qurt-qumursqalardan ozuqalanib yeyishiga yo‘l qo‘ygan ayol jahannamga kiradi”, deb aytganlar. (Buxoriy va boshqa roviylar rivoyat qilishgan)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda ketayotib, qattiq chanqadi. Bir quduqni topib, unga tushib suv ichdi. Keyin qaytib chiqib, chanqoqligidan tuproqni yalayotgan itni ko‘rdi. Haligi odam: “Bu it ham menga o‘xshab chanqabdi”, dedi. Quduqqa tushib, mahsisini suvga to‘ldirdi va og‘ziga tishlab qaytib chiqdi. Itga suv berdi. Alloh taolo uni taqdirlab mag‘firat qildi”, dedilar. Yo Rasululloh! Bizga hayvonlarda ajr bormi”, deyishdi. “Ha! Har bir ho‘l jigarlida (tirik jonda) ajr bor”, dedilar”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Ushbu hadis Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “RASULULLOH sollallohu alayhi vasallam” nomli kitoblaridan iqtibos olindi)
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida o‘tirganida bir burga chaqdi. U kishi burgani la’natladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Burgani la’natlamanglar chunki, u payg‘ambarlardan birini namozga uyg‘otgan”, dedilar”. (Imom Tabaroniy rivoyati. Tillarda mashhur bo‘lganida “Burgani so‘kmanglar…” deyilgan. Umuman burga haqidagi rivoyatni ba’zilar za’if deganlar)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayvonlarni bir-biriga gij-gijlatib urishtirishdan qaytarganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qushlarning bolasiga biror bir foje’a yetkazishdan ham qaytarardilar.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. Ul zot hojatga ketdilar. Biz Humarrani (kichik qush) ikkita jo‘jasi bilan ko‘rib qoldik, keyin jo‘jalarini oldik. Shunda Humarra (bezovtalanganidan) pirillab ucha boshladi. Rasululloh uni ko‘rib: “Qay biringiz buni bolasiga foje’a yetqazdi?! Uning bolasini qaytaringlar! - dedilar. Yana U zot alayhis salom chumolining uyasini kuydirib yuborganimizni ham ko‘rib qoldilar va: “Buni kim kuydirdi?!”, dedilar. “Biz”, dedik. “Albatta, olovning Robbisidan boshqa hech kimning olov bilan azoblashga haqqi yo‘q”, dedilar”. (Abu Dovud rivoyati)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qushlarni yeyish maqsadida emas, balki befoyda o‘ldirishdan qaytarib shunday der edilar: “Kim biror qushni o‘ldirsa, o‘sha qush Qiyomat kuni Alloh taologa: “Yo robbim, falonchi meni bekordan-bekorga o‘ldirdi, biror bir manfaatni ko‘zlab o‘ldirmadi”, deb shikoyat qiladi”. (Nasoiy rivoyati)
Shuningdek, U zot alayhis salom hayvonlarni so‘yishda rahm-shafqatli, yumshoq munosabatda bo‘lishni uqtirardilar. Qo‘yni yotqizib, ustida pichog‘ini o‘tkirlab turgan kishiga: “Sen nima uni ikki martalab o‘ldirmoqchisan? (ya’ni hayvonni) Uni yotqizishdan oldin pichog‘ingni o‘tkirlasang bo‘lmasmidi?”, deb tanbeh berganlar. (Tabaroniy rivoyati)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayvonlarni va jonivorlarni (o‘q otishga) mo‘ljal qilinadigan nishon qilib olishdan ham qaytarardilar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari)
Butun olamga mehribon va shafqatli Muhammad sollallohu alayhi vasallamdek Zotning ummati bo‘lish sharafiga muyassar qilgan Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz bo‘lsin. Omin!
Kitoblar asosida Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Baratov G‘iyos tayyorladi.
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!