Sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha Britaniya mutaxassislari olma sirkasini muntazam iste’mol qilish infarkt va insult kabi og‘ir kasalliklarga chalinish xavfini sezilarli ravishda pasaytirishini aniqlashdi. Bu haqda The Daily Mail o‘z sahifalarida e’lon qildi.
Birmingemdagi Aston universiteti olimlari 30 ml olma sirkasini bir stakan (200 ml) suvda aralashtirib, ovqatlanishdan oldin muntazam ichib borishni tavsiya etishmoqda. Bu yo‘l bilan qondagi xolesterin miqdori 13% ga kamayadi. Bu ko‘rsatgich insonda yurak-qon tomirlari kasalliklari kelib chiqishi ehtimoli bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqdir.
Olma sirkasi nafaqat insult va infarkt kelib chiqishining oldini oladi, u shuningdek, butun inson organizmida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi: bu tabiiy mahsulot inson vazni kamayishiga – kishining ozishiga sabab bo‘ladi, artritdan paydo bo‘lgan og‘riqni yengillashtiradi va hatto terini turli xil dog‘lardan tozalaydi.
Lekin badanida mavjud bo‘lgan yuqori miqdordagi xolesteringa qarshi dori-darmon iste’mol qilib yurgan kishilarga sirkaning foydasiga ishonib, tabletkalar iste’mol qilishni to‘xtatish tavsiya etilmaydi. Bu dori emas, kasalliklar oldini olishda qo‘shimcha tabiiy vositadir, deb ta’kidlaydi mutaxassislar.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi