Bismillahir rohmanir rohiym
Bizlarni musulmon qilgan yagona Zot Alloh taologa O‘zining mahluqotlari adadicha hamd bo‘lsin.
Musulmonlikni bizlarga Ulug‘ Alloh taolodan yetkazgan Uning Rasuli Muhammad Mustafoga salovot va salomlar bo‘lsin.
Ammo ba’d. Men, qachon Alloh taoloning kalomi – Qur’oni Karimdagi “Fil” surasini eshitsam yoki o‘qisam, boshqa suralardagidan farq qiluvchi, boshqacha bir huzur-halovatni sezaman va hursand bo‘lib ketaman. Qalbim yorishadi.
Nima uchun aynan “Fil” surasida bu hol yuz beradi? Nega hursand bo‘lib qalbim nurlanadi ?
Buning sababini Payg‘ambarimiz alayhisssalomning siyratlarini ixlos bilan o‘rgangan kishigina tushunishi mumkin….
Siyrat nima o‘zi ?
Shaxsan Men, “siyrat” deganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tug‘ulishlaridan to vafotlarigacha bo‘lgan hayotlari aks etgan tarixini tushunaman. Aslida ham shunday. Lekin Muhammad alayhissalomning siyratlari shunchaki tarix emas.
Siyrat shunday bir tarixki, u insoniyat yaratilishini mohiyati bo‘lgan – Islom dinining tarixidir.
Siyrat shunday bir tarixki, u butun borliqni yaratgan, jumladan bizni ham yaratgan Zot, har qanday nuqsondan pok bo‘lgan Oliy Zot – Alloh taologa yaqin qiluvchi tarix.
Siyrat shunday bir tarixki, u Buyuk Alloh taoloning bandalari ichidan tanlab olgan eng sevimli va eng oxirgi Nabiysi – Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni bizlarga tanitadigan tarixdir.
Siyrat shunday bir tarixki, u Yaratuvchi Alloh taoloning mahluqotlari ichidagi eng yaxshisi, anbiyo va rasullar sayyidi, bashariyat farzandlarining eng afzali, eng hulqi go‘zali, olamlarga rahmat Payg‘ambar – Muhammad alayhissalomning tarixlari.
Siyrat shunday bir tarixki, u bizlar uchun nur bo‘lgan – Qur’oni Karimni Rahmli Zot Alloh taolodan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lish tarixidir.
Siyrat shunday bir tarixki, u asrlarning eng yaxshisi bo‘lgan – zamoni saodat haqida so‘zlovchi tarix.
U shunday bir tarixki, agar to‘g‘ri niyyat va ixlos bilan o‘rganadigan bo‘lsak, oxir-oqibat bizlarni eng oliy maqsadimiz – jannatdagi ne’matlar ichra ko‘milib turganimizda, yagona bo‘lgan Zot – Alloh taoloning jamolini ko‘rishga musharraf qiluvchi tarixdir.
Siyratni nima uchun o‘rganamiz ?
Biz o‘zimizni musulmon deb bilamiz. Alloh taoloni yagona iloh ekanligi va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning rasuli ekanligiga iymon keltiramiz. Albatta bu mo‘min-musulmonlikning sharti hisoblanadi va bu hammaga ma’lum. Lekin biz Payg‘ambirimiz alayhissalomning quyidagi hadislaridan habarimiz bormi ?:
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlardan biringiz toki men unga farzandidan, otasidan va barcha insonlardan sevimliroq bo‘lmagunimcha hargiz mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar».
Muslim rivoyati.
Ushbu hadisdan ma’lum bo‘layaptiki, mo‘min bo‘lishlikning sharti – Payg‘ambarimiz alayhissalom bizlar uchun hammadan ko‘ra sevimliroq bo‘lishlari kerak ekan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni bunchalik darajada sevishimiz uchun nima qilmoq kerak, qanday qilib bu narsaga erishamiz ?
Bu savolni javobi aniq – siyratni o‘rganishimiz kerak! Siyrat bizlarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tanitadi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamni siyratlarini o‘rganish orqali, U zotni taniganimizdan keyin, u zot bizlarga nimani yetkazganlarini, nimalarni qoldirib ketganliklarini, bizlar uchun nimalar qilib ketganliklarini va eng asosiysi – o‘zlarini emas biz ummatlarini o‘ylab, qiyomat kuni uchun olib qo‘ygan duolari va shafoatlari haqida bilganimizdan keyin, har bir haqiqiy mo‘min-musulmon hatto, o‘zini jonidan ham ko‘proq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rib qoladi.
Alloh taolo O‘zining kalomida shunday deydi:
«Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor» (Ahzob surasi, 21.)
Darhaqiqat, haqiqiy mo‘min-musulmon uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning butun hayotlari oliy na’muna va o‘rnakdir.
Biz haqiqiy musulmoncha yashashni hohlasak hayotimizning har bir jabhasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam siyratlaridan o‘rnak olishga muhtojmiz.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat bizni u zotga ergashishimizga undashi kerak. Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurgan buyruqlarni bajarish, qaytargan qaytarig‘larini qilmaslik, har bir narsada ularga itoat qilish, sunnatlarini mahkam ushlash. Aksincha bo‘ladigan bo‘lsa, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat faqat tilimizda bo‘lib, amalda ko‘rinmasa, bu muhabbatni foydasi bo‘lmaydi. Zero, Alloh taolo O‘zining kalomida Muhammad sollallohu alayhi vasallamga quyidagicha marhamat qiladi:
«Ayt(ing yey Muhammad): «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, (shunda)Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir». Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (Oli Imron surasi, 31.)
Siyratni qanday o‘rganamiz ?
Siyrat Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlari bilan bog‘liq ekan, biz uni o‘rganishda asosan u zotning tavalludlaridan boshlaymiz, shundaymi? U zotning tavalludlari, dunyoga kelgan vaqtdagi yer yuzida sodir bo‘lgan g‘aroyib voqealar va hokazolardan boshlanadi. Bu yaxshi.
Haqiqatdan ham bu yaxshi, lekin afzali emas. Ko‘zlangan maqsadga erishishni hohlasak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tavalludlaridan oldin ba’zi narsalarni bilib olishimiz kerak.
Biz avvalo, har bir ishda kerak bo‘ladigan, u bo‘lmasa qilinajak ishimiz o‘z qiymatini yo‘qotadigan narsa – ixlos nimaligini yaxshilab bilib olishimiz kerak. Qisqacha tushuntiradigan bo‘lsak, ixlos – bu, qilinayotgan ishni faqatgina Alloh taoloning roziligi uchun bo‘lishligidir. Agar niyyatimiz bundan boshqacha bo‘ladigan bo‘lsa, u ish bizga manfaat bermaydi va ko‘zlangan maqsadga yeta olmaymiz.
Shaxsan Men shuni tavsiya qilardimki, siyratni o‘qishga kirishishdan oldin anbiyolar qissalarini o‘rganish kerak. Chunki, siyrat hamda anbiyolar qissalari – bular bir-biriga bog‘liq ilmlardir. Misol uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlarining bir uchi Ibrohim alayhissalomning qissalariga borib taqaladi. Shuningdek, siyratdan oldin anbiyolar qissalari bilan tanishish, boshqa anbiyolar bilan Muhammad sollallohu alayhi vasallamni risolatlarini solishtirishga, bir-biri orasidagi farqlar va uyg‘unliklarni, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning va u zotni biz ummatlarining fazlini anglab yetishimizga yordam beradi. Bu juda muhimdir.
Va nihoyat, siyratni o‘rganishga kirishishimizdan oldin qilishimiz zarur bo‘lgan eng asosiy ishlardan biri – bu, arablarning tarixini muxtasar, ozgina bo‘lsa ham bilib qo‘yishimiz kerakligidir. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavalludlarigacha bo‘lgan arablarning holati, johiliyat davri. Bu narsa ham bizga, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam olib kelgan risolatlarining mohiyatini va ahamiyatini tushunib yetishimizga judda katta yordam beradi.
Yuqorida nomi zikr qilingan shartlar jam bo‘lsa, inshaalloh, albatta Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz uchun hammadan ko‘ra sevikli insonga aylanadilar. Bu narsa esa, bizni asosiy maqsadimiz – Alloh taoloning muborak jamoliga yetishtiradi.
Men, qachon Alloh taoloning kalomi – Qur’oni Karimdagi “Nasr” surasini eshitsam yoki o‘qisam, qalbim eziladi, yig‘lagim keladi, ayriliq va judolikni his qilaman.
Nima uchun aynan “Nasr” surasida bu hol yuz beradi? Nega yig‘lagim keladi, ayriliq va judolikni his qilaman ?
Buning sababini Payg‘ambarimiz alayhisssalomning siyratlarini ixlos bilan o‘rgangan kishigina tushunishi mumkin….
Yo Rasululloh! Sizga jonim fido bo‘lsin!
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi