Qur’oni Kariym nozil bo‘lganiga mana XIV asr bo‘libdiki, uning ma’naviy ozuqasi ko‘ngillarga hayot baxsh etmoqda. Alloh taolo Qur’oni Karimda vasfini keltirmagan biror jabha yo‘qki, kundalik hayotda kerak bo‘lmasa. Insonning ibtidosidan to intihosigacha shu buyuk kalom qamrab olgan. Har bir ish bulutsiz osmondagi yulduzlar kabi aniq va ravshan tushuntirilgan. Necha asrki shu dasturul amalni mahkam tutganlar muvaffaqiyat va sharafdadirlar. Ularning eng sharaflisi olamlar sarvari Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar. Ularning xulqlari islom edi, ul Zot tirik Qur’on edilar. Har bir ishlarida Hikmat, har bir so‘zlarida ma’no bor edi.
Alloh taolo "Qalam" surasining to‘rtinchi oyatida: " Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!", deb marhamat kilgan. Hammamiz yaxshi bilamizki, har bir jamiyat oila deb atalgan poydevorlardan iboratdir. Xo‘sh, islom poydevorini qurishda buyuk xulq egasi-Janobimiz sollallohu alayhi vasallam qay yo‘lni tutganlar? Bu xonadon rahbarligini qay yo‘sinda olib borganlar?
Asvad roziyallohu anhudan rivoyat kilinadi: "Oisha roziyallohu anhodan: "Payg‘ambar alayhissalom o‘z ahllarining oldida nima qilar edilar?", deb so‘radim. "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllarining xizmatida bo‘lar edilar. Agar namoz hozir bo‘lsa namozga chiqardilar. Ul Zot kattazang kishi emas edilar. Balki ko‘pincha o‘z ishlarini o‘zlari bajarardilar", dedilar.
Umra roziyallohu anxudan rivoyat qilinadi: "Oisha roziyallohu anhodan: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uylarida nima qilardilar?", deb so‘raldi. Oisha onamiz: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam odamlardan biri edilar. Kiyimlarini tozalar, qo‘ylarini sog‘ardilar", dedilar.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday edilar. Qo‘l ostidagilarga yordam berishlik, ulardan foydalanishdan ko‘ra Sarvari olam sollallohu alayhi vasallamga mahbubroq edi.
Ul Zot har bir zavjalariga alohida muomala qilar edilar. Har birining dunyoqarashi, yoshi, qiziqishlariga ahamiyat berardilar.
Imom Ahmad va imom Abu Dovud Oisha onamiz roziyallohu anhodan keltirgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar. Men o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng mening vaznim og‘irlashganda yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va:" Haligi bilan biru bir", dedilar.
Barchamizga ma’lumki, Oisha onamiz Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir hovlida istiqomat qila boshlaganlarida to‘qqiz yo o‘n yoshlar atrofida bo‘lganlar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizning yoshlariga mos sharoit yaratib berishga urinar, ularning darajalariga tushib muomala qilardilar. Yoshlari ulug‘ bo‘lishlariga qaramasdan Oisha onamiz bilan yugurish musobaqasini uyushtirar, Hayit bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tomoshalarni ko‘rishni istaganlarida ko‘tarib olib tomosha qildirar, Oisha roziyallohu anho bilan uynagani kelgan dugonalariga ijozat berardilar.
Ular hech bir ayollarini yomon ko‘rmas, jerkib ularga ozor bermas edilar. Hattoki ular vafotlaridan so‘ng ham ularni yaxshilik va hurmat ila yodga olardilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning Xadiyja zikr qilinsa, unga maqtov va xaqqiga istig‘for aytishdan zerikmaydigan odatlari bor edi. Bir kuni u zot uni yana eslab qoldilar. Mening rashkim kelib:" Alloh sizga o‘sha qari xotin o‘rniga boshqasini bergan", dedim. Bas, u zotning qattiq g‘azablanganlarini ko‘rdim. Hushim boshimdan uchib ketdi. Ichimda:" Allohim agar Rosulingni g‘azabini mendan ketkazsang, Endi hyech qachon uni yomon zikr qilmayman", dedim. Mening holimni ko‘rganlarida u Zot:" Nima deding?! Allohga qasamki, Alloh menga uning o‘rniga undan yaxshirog‘ini bermadi. Odamlar menga kufr keltirganlarida, u menga iymon keltirdi. Odamlar meni yolg‘onchi qilganlarida, u meni tasdiqladi. Odamlar mendan narsalarini berkitganda, u molini men uchun sarfladi. Alloh taolo menga boshqa ayollardan emas undan farzandlar berdi", dedilar.
Onalarimiz ichida eng birinchisi, islomga ilk bosh eggan ayol. Xadiyja roziyallohu anhoni Rosululloh sollallohu alayhi vasallam doim ehtirom bilan eslar, qattiq hurmat qilar va sevardilar. Ilk yelkadoshlari, ularni eng ko‘p qo‘llab-quvvatlagan sohibalari Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblaridan chukur joy egallagan edilar. Ana shunday buyuk hurmat Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni umrlarining oxiriga qadar qalblarida yashadi.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ayollariga yumshoqlik bilan munosabatda bo‘lar va ularning g‘am chekmasligi uchun harakat qilardilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:" Sofiyaga Hafsaning uni "Yahudiyning qizi", degani yetdi. Bas u yig‘ladi. So‘ng u yig‘lab turganda oldiga Rosululloh sollallohu alayhi vasallam kirib qoldilar va:"Seni nima yig‘latdi?", dedilar. "Hafsa menga "Yahudiyning qizisan", deb aytdi", dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:" Sen nabiyning qizisan. Amaking ham nabiy, ering ham nabiy. U nima bilan sendan ortiq faxr qilar ekan?", dedilar. Keyin u Zot:" Allohdan qo‘rq, ey Hafsa!", dedilar.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblari tengi yo‘q qalb edi. Hyech bir inson xoh u ayol bo‘lsin, xoh erkak ul zotdan yomonlik ko‘rmagan edi. O‘z yaqinlariga yelkadosh bo‘lgan Rosulimiz sollallohu alayhi vasallamga bitmas-tuganmas salovotu durudlar bo‘lsin. Bizni shunday zotning ummati qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin.
Nuriya Jumayeva
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi