Siyrat kitoblaridan birini o‘qir ekanman, oldin o‘zim ahamiyat bermagan bir voqea meni o‘ziga jalb etdi. Ishda ham, boshqa vaqt ham shu voqea tez-tez xayolimga kelaverdi. Shu sabab bu voqea haqida birgalikda tafakkur qilish maqsadida sizlarga ham ilindim...
Payg‘ambarimiz alayhissalomning amakilari Abu Tolib va ayollari Xadija roziyallohu anho vafot qilganlaridan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallamni himoya qiladigan kishi bo‘lmay qoldi. Musulmonlarga nisbatan ozor yanada kuchaydi, da’vat ishi to‘xtab qolayozdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam u yer sharafli kishilarning shahri deb, ularning Islomga kirishlaridan umidvor bo‘lgan holda Toifga yo‘l oldilar. Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu u zot alayhissalomga hamroh bo‘ldilar. Yo‘l yurib, mashaqqat chekib Toifga ham yetib bordilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Toifning ulug‘lari ila uchrashib, ularni Islomga chaqirdilar. Natija esa u zot alayhissalom kutganlaridan tamomila teskari bo‘ldi. Ular Payg‘ambarimiz alayhissalomni haqorat qilishdi, mazax qilishdi. Ko‘p ozorlar berib, hatto u zot alayhissalomning muborak qonlari to‘kilganda ham ozorni to‘xtatishmadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir zum dam olaman deb to‘xtasalar yeryutkur qavm ortlaridan quvib yetib kelar, toshlarni yomg‘ir kabi yog‘dirar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning himoyalarida turib Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu ham jabrlandilar. Shu tariqa ikkilari ulardan nari bo‘lib, bir mevazorga kirdilar va Payg‘ambar alayhissalom Allohga duo qildilar. Mevazorning xo‘jayini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hollariga achinganidan, o‘zining Addos ismli xizmatkoriga meva berib, ularning yoniga yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam mevadan olib, yeyishdan oldin “Bismillah” dedilar. Shunda Addos ajablanib, bu hududda bu so‘zdan foydalanilmasligini izhor qildi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam undan “Sen qayerdan kelgansan?” deb so‘radilar. Addos “Naynavodanman” degan edi, Payg‘ambarimiz alayhissalom “Allohning solih bandasi Yunus ibn Matto’ yashagan o‘sha Naynavodanmisan?” dedilar. U: “Sen uni qayerdan bilasan?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “U ham nabiy edi, men ham nabiyman” dedilar.
Addos roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning peshona va qo‘llaridan o‘pib musulmon bo‘ldi...
Bu voqeaning e’tiborimni tortgan joyi shu bo‘ldiki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam va Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu shuncha mashaqqat ila o‘zga shaharga borib, ularni Islomga chaqirsalar ham Alloh taolo hidoyatni nasib qilmagani uchun Toif ahli Islomga kirmadi. Bog‘ga kirganlarida esa, ular kutmaganda, bir og‘iz kalima – “Bismillah” sababidan Alloh taolo asli xristian bo‘lgan bir kishini musulmon bo‘lishini nasib ayladi. Alloh taolo Addos roziyallohu anhuni hidoyatga boshlagan edi...
G‘iyosiddin Muhammad Yusuf
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH