Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

02.12.2016 y. Asosiy qonun-huquqlarimiz mezoni

26.11.2016   6629   7 min.
02.12.2016 y. Asosiy qonun-huquqlarimiz mezoni

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat!  Mustaqillik  tufayli xalqimiz ko‘p narsaga erishdi. Buni ko‘rmaslik, his etmaslik, qadriga yetmaslik mumkin emas. Istiqlol yillarida  yurtimizda barcha sohalar qatori Islom dini ravnaqi uchun ham keng imkoniyatlar ochildi. Barcha islomiy qadriyatlar – masjid va madrasalarning binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar musulmonlarga qaytarib berildi. Ularning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta’lim olishlari, diniy adabiyotlar va ommaviy axborot vositalaridan bahramand bo‘lishlari, Ramazon va Qurbon hayitlarini bayram qilib keng nishonlashlari, haj va umra ziyoratlarini amalga oshirishlari uchun qulay sharoitlar yaratildi.

Albatta, bu kabi o‘zgarish va yangilanishlar zamirida Konstitutsiyamiz muhim o‘rin egallaydi. Shu kunlarda yurtimizda  Asosiy Qonunimiz qabul qilinganining 24  yilligi keng nishonlanmoqda. Darhaqiqat, baxt-saodatimiz garovi bo‘lgan  Konstitutsiyamiz 1992 yil, 8-dekabrda qabul qilingan.

Qomusimiz haqida so‘z ketganida, unda xalqimizga xos urf-odat, imon-e’tiqod, insof va diyonat, or-nomus, mehr-oqibat kabi samimiy insoniy fazilatlar o‘z aksini topganining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Diyorimizning barcha hududlarida yashovchi fuqarolar, xususan, mo‘min-musulmonlar ham ushbu Qomusda belgilab qo‘yilgan barcha haq-huquqlar va erkinliklardan keng ma’noda foydalanmoqdalar.

Muhtaram jamoat! Dinimizda inson, uning sha’ni, hayot tarzi alohida ulug‘lanadi. Alloh taolo Qur’oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi:

(لاَ إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ فَمَنْ يَكْفُرْ بِالطَّاغُوتِ وَيُؤْمِنْ بِاللَّهِ فَقَدِ اسْتَمْسَكَ بِالْعُرْوَةِ الْوُثْقَى لاَ انْفِصَامَ لَهَا وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ (سورة البقرة/256

ya’ni: "Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir" (Baqara surasi, 256-oyat).

 

Alloh taolo  inson naslini sharafladi, unga behisob ne’matlar, yaxshiliklar ato etdi, boshqa mavjudotlarga bermagan fazilatlarni aynan odamga xosladi. Qur’oni karimning Isro surasida:

(وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا  (سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/70

ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.

Xuddi shuningdek, bu holat Qonunimizda ham o‘z aksini topgan. Unda inson, uning huquq va erkinliklari bilan bir qatorda Vijdon erkinligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, kishilarning bir dinga e’tiqod qilishi yoki qilmasligi, diniy  e’tiqodi uchun ta’qib qilinmasligi, barcha din vakillari teng huquqliligi kafolatlangan. Masalan, Konstitutsiyaning 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburiy singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.

Islom ta’limotiga ko‘ra insonning o‘z xohishi bilan e’tiqod qiladigan ilohiy ko‘rsatmalar, amallar majmuidir. Islom dini biror insonni dinga zo‘rlab kiritishga, o‘z e’tiqodini boshqalarning xohish-irodasiga qarshi o‘laroq tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

( وَلَوْ شَاءَ رَبُّكَ لَآَمَنَ مَنْ فِي الْأَرْضِ كُلُّهُمْ جَمِيعًا أَفَأَنْتَ تُكْرِهُ النَّاسَ حَتَّى يَكُونُوا مُؤْمِنِينَ (سورة يونس/99

ya’ni: Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi.?!

Albatta, bu kabi moddalar sizu bizning ozod va obod Vatanda emin-erkin ibodat qilishimizga xizmat qilsa, Qomusimizning boshqa moddalari ijtimoiy hayotdagi har bir faoliyat uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qonunimizda belgilab qo‘yilganidek, davlat barcha fuqarolarga mehnat qilish, ilm olish, o‘zlari xohlagan kasb-hunur egallash, bilim saviyasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish kafolatini ham olgan.

Bugun, nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha oliyjanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxt-saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassam. Chindan ham, Asosiy Qonunimiz ana shu ulug‘vor maqsad va intilishlarimizning mustahkam huquqiy asosidir.

Muhtaram namozxonlar! Qonunimizning yana bir jihati uning bag‘rikenglik tamoyillarini o‘zida to‘la aks ettirganligidir. Ma’lumki, Mamlakatimiz tarixan ko‘p millatli o‘lka bo‘lganligi tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizda boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida toboro faol ishtirok etib, xalqimizning ma’naviyati va qadriyatini tiklash, o‘zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo‘lishiga hissalarini qo‘shmoqdalar. Yurtimiz musulmonlari boshqa dinlarning vakillari bilan birgalikda yagona maqsad – Vatanimiz O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi yo‘lida harakat qilmoqdalar.

Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida musulmonlarni o‘z dindosh birodarlariga va barcha inson zotiga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda o‘zaro tinchlik va totuvlikda bo‘lgan boshqa din sohiblariga ham yaxshilik va mehr-shafqatda bo‘lishlarini istagan holda bunday deydi:

( لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ (سورة الممتحنة/8

ya’ni: Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar(Mumtahana surasi 8-oyat).

   Aziz birodarlar! Barchamizga yaxshi ma’lumki, 2016 yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kunidir. Asosiy qomusimiz barchamizni jamiyatimiz, davlatimiz yurtboshchisi bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ovoz berish imkoniyatini bergan.

 Mana shu imkoniyatdan foydalanib, birinchi Prezidentimiz boshlagan ishlarni oxiriga yetkazadigan, el-yurt tinchligini va xalq faravonligini yanada yaxshilash yo‘lida xizmat qiladigan munosib nomzodga ovoz beraylik.

Joriy yilning 4 dekabar yakshanba  kuni bo‘ladigan saylovga faol ishtirok  etaylik!

Muhtaram jamoat! Yaratganning O‘zidan aziz Vatanimiz va uning mehnatsevar, ilmli va ixlosli xalqini tinchlik, omonlikda bo‘lishini so‘rab duolar qilamiz.

Yaratgan Parvardigor barchalarimizni O‘zining rushdu hidoyatida sobitqadam qilgan holda, roziligiga erishgan bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   8542   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar