بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Mustaqillik tufayli xalqimiz ko‘p narsaga erishdi. Buni ko‘rmaslik, his etmaslik, qadriga yetmaslik mumkin emas. Istiqlol yillarida yurtimizda barcha sohalar qatori Islom dini ravnaqi uchun ham keng imkoniyatlar ochildi. Barcha islomiy qadriyatlar – masjid va madrasalarning binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar musulmonlarga qaytarib berildi. Ularning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta’lim olishlari, diniy adabiyotlar va ommaviy axborot vositalaridan bahramand bo‘lishlari, Ramazon va Qurbon hayitlarini bayram qilib keng nishonlashlari, haj va umra ziyoratlarini amalga oshirishlari uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Albatta, bu kabi o‘zgarish va yangilanishlar zamirida Konstitutsiyamiz muhim o‘rin egallaydi. Shu kunlarda yurtimizda Asosiy Qonunimiz qabul qilinganining 24 yilligi keng nishonlanmoqda. Darhaqiqat, baxt-saodatimiz garovi bo‘lgan Konstitutsiyamiz 1992 yil, 8-dekabrda qabul qilingan.
Qomusimiz haqida so‘z ketganida, unda xalqimizga xos urf-odat, imon-e’tiqod, insof va diyonat, or-nomus, mehr-oqibat kabi samimiy insoniy fazilatlar o‘z aksini topganining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Diyorimizning barcha hududlarida yashovchi fuqarolar, xususan, mo‘min-musulmonlar ham ushbu Qomusda belgilab qo‘yilgan barcha haq-huquqlar va erkinliklardan keng ma’noda foydalanmoqdalar.
Muhtaram jamoat! Dinimizda inson, uning sha’ni, hayot tarzi alohida ulug‘lanadi. Alloh taolo Qur’oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi:
(لاَ إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ فَمَنْ يَكْفُرْ بِالطَّاغُوتِ وَيُؤْمِنْ بِاللَّهِ فَقَدِ اسْتَمْسَكَ بِالْعُرْوَةِ الْوُثْقَى لاَ انْفِصَامَ لَهَا وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ (سورة البقرة/256
ya’ni: "Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir" (Baqara surasi, 256-oyat).
Alloh taolo inson naslini sharafladi, unga behisob ne’matlar, yaxshiliklar ato etdi, boshqa mavjudotlarga bermagan fazilatlarni aynan odamga xosladi. Qur’oni karimning Isro surasida:
(وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا (سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/70
ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.
Xuddi shuningdek, bu holat Qonunimizda ham o‘z aksini topgan. Unda inson, uning huquq va erkinliklari bilan bir qatorda Vijdon erkinligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, kishilarning bir dinga e’tiqod qilishi yoki qilmasligi, diniy e’tiqodi uchun ta’qib qilinmasligi, barcha din vakillari teng huquqliligi kafolatlangan. Masalan, Konstitutsiyaning 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburiy singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Islom ta’limotiga ko‘ra insonning o‘z xohishi bilan e’tiqod qiladigan ilohiy ko‘rsatmalar, amallar majmuidir. Islom dini biror insonni dinga zo‘rlab kiritishga, o‘z e’tiqodini boshqalarning xohish-irodasiga qarshi o‘laroq tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
( وَلَوْ شَاءَ رَبُّكَ لَآَمَنَ مَنْ فِي الْأَرْضِ كُلُّهُمْ جَمِيعًا أَفَأَنْتَ تُكْرِهُ النَّاسَ حَتَّى يَكُونُوا مُؤْمِنِينَ (سورة يونس/99
ya’ni: “Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi”.?!
Albatta, bu kabi moddalar sizu bizning ozod va obod Vatanda emin-erkin ibodat qilishimizga xizmat qilsa, Qomusimizning boshqa moddalari ijtimoiy hayotdagi har bir faoliyat uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qonunimizda belgilab qo‘yilganidek, davlat barcha fuqarolarga mehnat qilish, ilm olish, o‘zlari xohlagan kasb-hunur egallash, bilim saviyasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish kafolatini ham olgan.
Bugun, nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha oliyjanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxt-saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassam. Chindan ham, Asosiy Qonunimiz ana shu ulug‘vor maqsad va intilishlarimizning mustahkam huquqiy asosidir.
Muhtaram namozxonlar! Qonunimizning yana bir jihati uning bag‘rikenglik tamoyillarini o‘zida to‘la aks ettirganligidir. Ma’lumki, Mamlakatimiz tarixan ko‘p millatli o‘lka bo‘lganligi tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizda boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida toboro faol ishtirok etib, xalqimizning ma’naviyati va qadriyatini tiklash, o‘zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo‘lishiga hissalarini qo‘shmoqdalar. Yurtimiz musulmonlari boshqa dinlarning vakillari bilan birgalikda yagona maqsad – Vatanimiz O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi yo‘lida harakat qilmoqdalar.
Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida musulmonlarni o‘z dindosh birodarlariga va barcha inson zotiga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda o‘zaro tinchlik va totuvlikda bo‘lgan boshqa din sohiblariga ham yaxshilik va mehr-shafqatda bo‘lishlarini istagan holda bunday deydi:
( لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ (سورة الممتحنة/8
ya’ni: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana surasi 8-oyat).
Aziz birodarlar! Barchamizga yaxshi ma’lumki, 2016 yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kunidir. Asosiy qomusimiz barchamizni jamiyatimiz, davlatimiz yurtboshchisi bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ovoz berish imkoniyatini bergan.
Mana shu imkoniyatdan foydalanib, birinchi Prezidentimiz boshlagan ishlarni oxiriga yetkazadigan, el-yurt tinchligini va xalq faravonligini yanada yaxshilash yo‘lida xizmat qiladigan munosib nomzodga ovoz beraylik.
Joriy yilning 4 dekabar yakshanba kuni bo‘ladigan saylovga faol ishtirok etaylik!
Muhtaram jamoat! Yaratganning O‘zidan aziz Vatanimiz va uning mehnatsevar, ilmli va ixlosli xalqini tinchlik, omonlikda bo‘lishini so‘rab duolar qilamiz.
Yaratgan Parvardigor barchalarimizni O‘zining rushdu hidoyatida sobitqadam qilgan holda, roziligiga erishgan bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin.
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati