frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rasululloh (s.a.v.) ning shaklu shamoyillari

23.11.2016   11384   22 min.
Rasululloh (s.a.v.) ning shaklu shamoyillari

Imom Busiriy rahimahulloh aytadilar:

U sifatiyu surati mukammal bo‘lgan zot,

Insonlar Xoliqi habib aylab tanlagan zot.

Go‘zalligida sherikdan bo‘ldi munazzahi,

Undadir ikkiga bo‘linmas go‘zallik javhari.

Qurtubiy aytadilar: “Rasulullohning go‘zalliklari biz insonlarga butunlayicha zohir bo‘lmagan. Agar mukammal zohir bo‘lganida edi,  ko‘zlarimiz ul zotni ko‘rishga toqat qila olmas edi”.

Rasululloh shaklu shamoyillari komilligi, ko‘rinishlari chiroyligiga dalolat qiladigan nabaviy hadislar va rivoyat qilingan asarlar[1] juda ham ko‘p. Shu e’tibordan, Alloh subhanahu va taolo u zotning sharafli badanlarini (go‘zallikda) ulardan oldin ham keyin ham o‘xshashi bo‘lmaydigan ko‘rinishda qilib qo‘yganiga iymon keltirish payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga to‘liq iymon keltirish sharti hisoblanadi. 

Sharafli  yuzlari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzi eng chiroyli kishi edilar[2], xuddi quyosh yuzlarida yurgandek edi[3]. (Ya’ni, quyosh qanday o‘z falakida yursa, xuddi shunday go‘zallik ul zotning yuzlarida yurar edi).

Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mutohham (ya’ni, o‘ta semiz) ham mukalsam (ya’ni, o‘ta yumaloq yuzli) ham bo‘lmaganlar. Balki, yuzlarida birozgina dumaloqlik bor edi[4].

Oisha onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oyning bo‘lagidek chaqnar edi”[5].

Abu Bakr Siddiq va Ka’b ibn Molik aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari xuddi oyning doirasidek edi”.

Abu Tufayldan bizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlab bering, deb so‘rashganlarida: “U zot oq (tiniq) rangli, yuzlari chiroyli kishi edilar. Agar xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oynadek chaqnar va go‘yoki to‘lin oy u zotning yuzlarida ko‘rinib turgandek bo‘lar edi[6]”.

Jobir roziyallohu anhu aytadilar: “Ul zotning yuzlari xuddi quyosh bilan oyga o‘xshardi. Yuzlari doira shaklida edi[7]”.

Ko‘rib turganingizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlagan sahobalar bir ovozdan u kishining yuzlari nurli, yorqin hamda nur sochib turuvchi yorqin ziyo va go‘zallik ila barq urib turuvchi bo‘lganini ta’kidlamoqdalar.

Hasan ibn Aliy tog‘alari Hola ibn Abu Holadan rivoyat qilgan hadisda shunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rkam, yuksak hurmatli kishi edilar. Yuzlari xuddi to‘lin oy kechasi oyning charaqlaganidek porlab turar edi[8]”.

Jobir ibn Samura oy yorishgan kechada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib shunday degan ekanlar: “Men bir u zotga bir oyga qaray boshladim. Aniq ayta olamanki, u zot oydan ham go‘zalroq edilar[9]”.

Robi’ binti Mu’avvizdan bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlab bering, deb so‘rashganida: “Ey  o‘g‘illarim, agar u zotni ko‘rganingizda edi, xuddi porlab chiqayotgan quyoshni ko‘rgandek bo‘lardingiz”, deb javob berganlar[10].

Ummu Ma’bad ham nabiy alayhissalomni sifatlab shunday degan ekan: “Men pokiza, go‘zal xulqli, yuzi chiroyli, xushro‘y kishini ko‘rdim[11]”.

Hamadonlik bir ayol: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga haj qilganman”, deb aytganida: “U zotni bizga vasflab bering”, deb so‘rashdi. Ayol: “U zot xuddi to‘lin oy kechasidagi oyga o‘xshaydilar. Men Rasulullohdan oldin ham keyin ham u zotga o‘xshashini ko‘rmadim”, deb aytgan[12]. 

Yanoqlari

Ul zot sollallohu alayhi vasallamning sharafli yanoqlariga kelsak, Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam yanoqlari tekis edi (ya’ni, do‘ppayib ham turmagan, shishlik ham bo‘lmagan). 

Ko‘zlari

Ul zot sollallohu alayhi vasallamning sharafli ko‘zlarini Alloh taolo shunday sifatlaydi: 

مَا زَاغَ الْبَصَرُ وَمَا طَغَى (17)

(Payg‘ambarning) ko‘zi (chetga) og‘gani ham yo‘q, o‘z haddidan oshgani ham yo‘q”.

Sahih hadisda rivoyat qilinganki, Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam kunduzda qanday ko‘rsalar, zulmatli qorong‘u kechada shunday ko‘rardilar. Shuningdek, old tomonlarini qanday ko‘rsalar, orqa tomonlarini ham xuddi shunday ko‘rar edilar.

Ibn Abu Holadan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh  qarasalar, tanalari bilan butunlay burilib qarar edilar. Rasululloh  nazarlari pastga qaragan kishi edilar, (ya’ni, nazarlari yuqoridan ko‘ra pastki tomonga ko‘proq qarar edilar). Qarashlari mulohazali edi[13]. (Ya’ni, fikr yuritgan kishidek, qarardilar).

Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy alayhissalom ko‘zlari katta-katta, uzun kiprikli hamda ko‘zlari qizilga moyilroq (ya’ni, qizg‘ishroq) kishi edilar”[14].

Boshqa bir rivoyatda: “Ko‘zlari tim qora edi”, deyilgan[15]. Yana bir rivoyatda esa: “Ko‘zlarining oqida biroz qizilligi bor edi”, deyilgan[16]. Ko‘zning oqida qizilligi bor bo‘lishi  arablarda maqtalgan, mahbub ko‘rilgan edi. 

Boshlari va peshonalari

Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning peshonalari keng edi. Bu borada kelgan hadislarning lafzlari turli bo‘lsa-da, barchasi bir ma’noda kelgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlari (o‘rtachadan) kattaroq edi. Aliy roziyallohu anhuning bu borada rivoyat qilgan hadislari ham shu ma’noda.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qoshlari uzun, yoysimon va ingichka, bir-biriga birlashib yopishmagan edi.

Burunlari

Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam qirra burunli[17] edilar.

 

Muhammad

(sollallohu alayhi vasallam)

komil inson

kitobidan tarjima

Baratov G‘iyosiddin

 



[1] Sahobalarning yoki tobeinlarning so‘zlari.

[2] Ikki shayx, ya’ni Imom Buxoriy va Imom Muslimning Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyatlari.

[3] Imom Termiziyning Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyatlari

[4] Imom Termiziy rivoyati.

[5] Shamoil egalari rivoyat qilgan.

[6] Imom Muslim rivoyati.

[7] Imom Muslim rivoyati.

[8] Imom Termiziy rivoyati.

[9] Imom Termiziy rivoyati. (Sahih).

[10] Imom Termiziy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari.

[11] Imom Bayhaqiy va Imom Hokim rivoyatlari, Imom Hokim sahih, deganlar.

[12] Termiziy rivoyati. (Shamoil kitoblarida).

[13] Imom Termiziy rivoyati (“Shamoil”da).                       

[14] Bayhaqiy rivoyati.

[15] Imom Termiziy rivoyati.

[16] Imom Muslim rivoyati.

[17] Qirra burun - burunning yuqori qismi sal ko‘tarilgan, o‘rtasida ozgina egiklik bor, burun suyagining o‘rtasi bo‘rtib chiqqan hamda burun teshigi tor bo‘lganidir. 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yangi tayinlangan imomlar uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi

11.09.2026   48118   1 min.
Yangi tayinlangan imomlar uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi

#xabar #seminar #imom #malaka

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 
 

Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar. 


Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Yangi tayinlangan imomlar uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi Yangi tayinlangan imomlar uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi Yangi tayinlangan imomlar uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi Yangi tayinlangan imomlar uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi Yangi tayinlangan imomlar uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari